Putin shimoliy koreyalik harbiylarning Kurskdagi “qahramonliklarini” olqishladi — Pxenyan

12:34 13 Avgust 2025 Dunyo
105 0

Foto: KCNA via KNS/AFP

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan suhbat chogʻida KXDR askarlarining Rossiyaning Kursk viloyatini Ukraina qoʻshinlaridan qaytarib olishdagi jasoratini yuqori baholadi. Bu haqda Shimoliy Koreya davlat matbuoti xabar berdi.

Koreya markaziy axborot agentligiga koʻra, Putin shimoliy koreyalik harbiylar koʻrsatgan qoʻllab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirgan. Kim Chen In esa Pxenyan oʻtgan yili imzolangan oʻzaro mudofaa shartnomasiga sodiq qolishini va Rossiya rahbariyatining barcha kelgusi harakatlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini aytgan.

Xabarda qayd etilishicha, ikki davlat rahbarlari oʻzaro manfaatli masalalar yuzasidan fikr almashib, kelgusida yanada yaqin aloqada boʻlishga kelishib olgan.

Putin va Kim oʻrtasidagi qoʻngʻiroq, Rossiya prezidentining AQSH yetakchisi Donald Tramp bilan Alyaskadagi uchrashuvidan bir necha kun oldin boʻlib oʻtdi. Kuzatuvchilar buni Moskva va Pxenyan munosabatlarining mustahkamlanayotganidan dalolat deb baholamoqda.

Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati maʼlumotlariga koʻra, Shimoliy Koreya Ukrainadagi mojaroda Rossiyaga yordam berish uchun 10 mingdan ortiq harbiy yoʻllagan va yana minglab askarlarni yuborish rejasini tayyorlagan.

Aprel oyida Putin Kursk viloyatini toʻliq nazoratga olganini eʼlon qilgan, ammo Ukraina rasmiylari bu maʼlumotni rad etgan.

Juma kuni Alyaskada boʻlib oʻtadigan sammitda Donald Trampning Rossiya yetakchisini tinchlik kelishuviga rozi boʻlishga undashi kutilmoqda. Shuningdek, AQSH prezidenti Moskva va Kiyev oʻrtasida bir qator hududlar boʻyicha kelishuv zarurligini eslatgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер