Dunyo eʼtiborini tortgan nutq

09:27 26 Sentyabr 2025 Siyosat
122 0

Oʻtayotgan har bir kun yurtimiz tarixida siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy voqeliklarga boy boʻlmoqda.

Davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 80-sessiyasidagi ishtiroki va ilgari surgan gʻoya hamda tashabbuslari, dolzarb muammolar yuzasidan bildirgan takliflari dunyo jamoatchiligi, xalqaro ekspert va siyosatchilarda juda katta qiziqish uygʻotdi. Bu, albatta, yurtimiz obroʻ-eʼtibori hamda imijini yanada oshirish yoʻlidagi yana bir qadamdir.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirildi. Bunga, avvalo, taʼlim va ilm-fan sohasiga eʼtiborni kuchaytirish, innovatsion tarmoqlar va texnologik sanoat korxonalarini barpo etish, “yashil” energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, kichik biznesni har tomonlama rivojlantirish, yuz minglab ish oʻrinlari yaratish orqali erishilmoqda. Haqiqatan ham, mamlakatimizda keyingi yillarda innovatsion tarmoqlarni yuksaltirish, yangi korxonalarni barpo etish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtish borasida izchil ishlar amalga oshirildi.

Bu jarayon iqtisodiyotning sanoatlashuvini jadallashtirish, ish oʻrinlari yaratish va eksport salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Quyosh va shamol energetikasini rivojlantirish nafaqat ekologik barqarorlikka, balki iqtisodiy samaradorlikni ham taʼminlamoqda. Ushbu saʼy-harakatlar Oʻzbekistonni kelajakdagi “yashil” va texnologik iqtisodiyotga asoslangan, raqobatbardosh davlatga aylantirish yoʻlida muhim poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz Oʻzbekistonning qoʻshni mamlakatlar bilan mustahkam aloqalariga alohida toʻxtalib, «Bundan 8-yil muqaddam biz ushbu yuksak minbardan turib Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik makoniga aylantirishga qatʼiy qaror qilganimizni eʼlon qilgan edik. Bugun chuqur mamnuniyat bilan taʼkidlash mumkin: biz bu strategik maqsadga erishdik. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi. Soʻnggi yillarda mintaqamizda oʻzaro savdo, investitsiyalar va transport tashuvlari hajmi besh barobargacha koʻpaydi. Qoʻshma investitsiya jamgʻarmalari, chegara hududlarida savdo va sanoat zonalari tashkil etildi, yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda”, dedi. Qisqa davrda mana shunday ulkan marraga erishish biz uchun juda katta muvaffaqiyatdir.

Bugun dunyo qalqib turibdi. Nizolar, global muammolar murakkab vaziyatlarni keltirib chiqarib, jahon xalqlarini jiddiy xavotirga solmoqda. Davlatimiz rahbari bu masalada ham tashabbus koʻrsatib, dunyo davlatlarini bu borada jipslashishga chaqirdi. «Hozirgi kunda dunyoda xalqaro institutlarning oʻrni va roli zaiflashmoqda, qarama-qarshilik, nizo va urushlar kuchaymoqda, texnologik va ijtimoiy tengsizlik keskin oshmoqda, iqtisodiy va gumanitar inqirozlar ortib bormoqda. Bularning hammasi mutlaqo yangi, xavotirli geosiyosiy voqelikni vujudga keltirmoqda.

Biz zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish tarafdorimiz», degan taklifni olgʻa surdi.

Global va mintaqaviy xavfsizlik, barqaror rivojlanish haqida soʻz ketganda, Afgʻoniston toʻgʻrisida toʻxtalmaslik mumkin emas. Haqiqatda bugun yon qoʻshnimiz boʻlgan bu davlatda vaziyat asta-sekin izga tushmoqda. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida afgʻon xalqining tinch va osuda hayotga boʻlgan intilishini qoʻllab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning saʼy-harakatlarini birlashtirish zarurligi, bu mamlakatning yakkalanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik juda muhimligi, Oʻzbekiston Afgʻonistonda katta iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqchi ekanini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, ushbu mamlakat orqali xalqaro transport hamda energetika koridorlarini rivojlantirish boʻyicha BMTning alohida rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi.

Yurtboshimiz tomonidan bildirilgan jiddiy muammolardan yana biri — iqlim oʻzgarishi, suv resurslarining taqchilligi, Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari haqida boʻldi. Chunki bular oʻta xavotirli, jahon hamjamiyatining doimiy diqqat markazida boʻlishi talab etiladigan muammolardir. Bu borada ham xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish lozimligi taʼkidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning dunyo minbaridagi bu chiqishi yangi Oʻzbekistonning dunyo siyosatidagi oʻrnini yanada mustahkamlab, xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.

Quvondiq SANAQULOV,

“Navoiy KMK” AJ bosh direktori,

Oliy Majlis Senati aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер