Shavkat Mirziyoyev Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasining “Kasaba uyushma harakati oldidagi xizmatlari uchun” Faxriy oltin nishoni bilan taqdirlanadi

20:39 24 Dekabr 2018 Siyosat
5700 0

Arxiv foto

Shavkat Mirziyoyev Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasining “Kasaba uyushma harakati oldidagi xizmatlari uchun” Faxriy oltin nishoni bilan taqdirlanadi.

Poytaxtimizda boʻlib oʻtgan Kasaba uyushmalari umumkonfederatsiyasi (KUU) Ijroiya qoʻmitasi sayyor yigʻilishida ushbu masala koʻrib chiqildi. Unda ushbu xalqaro tashkilot Prezidenti Mixail Shmakov boshchiligidagi delegatsiya va Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Tojikiston, Qirgʻiziston davlatlari kasaba uyushmalari markazlari rahbarlari, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi masʼul xodimlari, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari va hududiy kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmalari rahbarlari qatnashdi.

Oʻzbekistonda inson manfaatlarini toʻliq taʼminlash yoʻlida olib borilayotgan islohotlar bugun oʻz samarasini berayotgani ishtirokchilar tomonidan alohida aytib oʻtildi. Ayniqsa, oxirgi 2 yilda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ijtimoiy-mehnat munosabatlari sohasida amalga oshirilayotgan yangilanishlar aholi turmush darajasini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Shundan kelib chiqib, anjumanda mamlakatimiz mehnatkashlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini taʼminlash, keng miqyosda ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash va kasaba uyushmalari nufuzini oshirish borasidagi ulkan xizmatlari uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevni Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasining “Kasaba uyushma harakati oldidagi xizmatlari uchun” Faxriy oltin nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi taklif bir ovozdan qoʻllab quvvatlandi.

Tadbirda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasini KUU aʼzoligiga qabul qilish masalasi ham koʻrib chiqildi.

Bugun kasaba uyushmalari tomonidan korxona, tashkilot, muassasalarda faoliyat koʻrsatayotgan xodimlar va ularning oila aʼzolari ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda ish beruvchilar hamda kasaba uyushma qoʻmitalari oʻrtasida imzolanayotgan jamoa shartnomalari ijtimoiy tarkibi kuchaytirib borilyapti. Buni ushbu sohaga doir munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjat — Jamoa shartnomalari asosida xodimlar manfaatlari himoyasini kuchaytirish va daromadini oshirish doimiy eʼtiborda boʻlib kelayotgani misolida ham koʻrish mumkin. Bu boradagi yutuqlar Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa nufuzli tuzilmalar tomonidan ham alohida eʼtirof etilmoqda.

Endigi vazifa — Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan iborat. KUU aʼzoligiga kirish masalasining kun tartibiga chiqishi ushbu maqsad sari tashlangan navbatdagi dadil qadam boʻldi.

Yakunda bu masala bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi hamda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi KUU aʼzoligiga qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер