Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻini kengaytirish toʻgʻrisida
Foto: president.uz
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etishga yagona yondashuvni shakllantirish, ushbu maktablar tarmogʻini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda taʼlim jarayoniga malakali rahbar va pedagog kadrlarni jalb qilish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, oʻqitish va tarbiyalash tizimini takomillashtirish maqsadida:
1. Prezident taʼlim muassasalari agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik), Xalq taʼlimi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining quyidagi takliflari maʼqullansin:
a) Agentlik tizimida:
2022-yil 1-sentyabrga qadar vazirlik, idora va tashkilotlar tasarrufida boʻlgan taʼlim muassasalari negizida 19 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni hamda 141 ta ixtisoslashtirilgan maktablarni 1 va 2-ilovalarga muvofiq;
2023-yil 1-iyunga qadar Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufida boʻlgan va faoliyati tugatilgan Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari negizida 5 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni hamda 3 ta ixtisoslashtirilgan maktablarni 3-ilovaga muvofiq tashkil etish;
b) 2022-2024-yillarda Agentlik tizimida 25 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni 4-ilovaga muvofiq qurish;
v) 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi ayrim fanlarni chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablar negizida ayrim fanlar chuqur oʻqitiladigan sinflari mavjud umumiy oʻrta taʼlim maktablarini tashkil etish;
g) kelgusida yangi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablarni faqat Agentlik tizimida tashkil etish.
Masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar bir oy muddatda mazkur Farmonning 1-3-ilovalarida koʻrsatilgan taʼlim tashkilotlarining mol-mulki, bino va inshootlarini operativ boshqaruv huquqi asosida Agentlik tizimiga oʻtkazish choralarini koʻrsin.
Vazirlar Mahkamasiga zarur hollarda, mazkur Farmonning 1-4-ilovalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shu jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari taklifiga asosan Agentlik tizimida tashkil etiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar sonini oshirish huquqi berilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari 2023-yil 1-yanvarga qadar Agentlik tizimiga oʻtkazilayotgan Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalarini taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, jihozlash va ular hududida yangi oʻquv binolarini qurish ishlarini tugatsin.
2. Belgilansinki:
Agentlik tizimidagi mavjud ixtisoslashtirilgan maktablar oʻz faoliyat yoʻnalishidan kelib chiqqan holda, mazkur Farmonga muvofiq tashkil etiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablarga (keyingi oʻrinlarda – Agentlik maktablari) metodik yordam koʻrsatuvchi tayanch maktab sifatida biriktiriladi;
Agentlik maktablariga qabul parametrlari bir sinfda oʻquvchilarning eng koʻp soni 24 nafardan oshmasligini hisobga olgan holda Agentlik tomonidan belgilanadi;
2022/2023 oʻquv yilida Agentlik maktablarining aniq fanlar yoʻnalishiga qabul 5-11-sinflarga, tabiiy fanlar yoʻnalishiga 7-11-sinflarga, keyingi oʻquv yillarida tegishincha 5- va 7-sinflarga amalga oshiriladi;
Agentlik maktablariga oʻquvchilarni qabul qilish aniq va tabiiy fanlar, xorijiy tillar hamda mantiqiy fikrlash boʻyicha oʻtkaziladigan kirish imtihonlari natijalariga koʻra amalga oshiriladi;
kirish imtihonlari Agentlik huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tomonidan xalqaro tashkilotlar hamda Davlat test markazi bilan hamkorlikda oʻtkaziladi;
roʻyxati Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan xalqaro, mintaqaviy yoki asosiy fan olimpiadalarining uchinchi (viloyat) bosqichida gʻolib boʻlgan (1, 2, 3-oʻrin) umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va boshlangʻich professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻzi taʼlim oladigan hududida joylashgan Agentlik maktablariga umumiy qabul parametrlari doirasida kirish imtihonsiz oʻqishga qabul qilinadi;
Agentlik maktablarining taʼlim jarayoni Agentlik tomonidan tasdiqlangan oʻquv rejalari va taʼlim dasturlari asosida amalga oshiriladi;
Agentlik maktablarida aniq va tabiiy fanlar bilan bir qatorda Oʻzbekiston tarixi fani chuqurlashtirilgan holda oʻqitiladi;
oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish, ularga keyinchalik oʻqishini davom ettirish uchun oliy taʼlim muassasalarini tanlashda koʻmaklashish maqsadida Agentlik maktablari direktorining ixtisoslik fanlari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi oʻrniga “Maktab maslahatchisi» lavozimi joriy etiladi;
Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda oʻquvchilar uchun autsorsing asosida bepul sogʻlom ovqatlanish tashkil etiladi;
Agentlik maktablariga rahbar va pedagog kadrlarni ishga qabul qilish uch bosqichli tanlov (saralash bosqichi, test sinovi va suhbat) asosida amalga oshiriladi;
Agentlik maktablarida Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan xodimlar ish haqi fondining 100 foizi miqdorida ragʻbatlantirish jamgʻarmasi shakllantiriladi.
3. Agentlik (X.Umarova) 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Agentlik maktablarida:
oʻquv jarayoni xalqaro taʼlim dasturlari asosida tayyorlangan zamonaviy darsliklar asosida olib borilishini taʼminlasin;
oʻquvchilar xorijiy tillarni mukammal oʻzlashtirishi uchun zarur shart-sharoit va taʼlim muhitini yaratsin, mazkur jarayonga xorijiy
hamda mahalliy pedagog kadrlarni jalb qilsin;
sunʼiy intellekt, robototexnika, agrotexnologiya, nanotexnologiya, biotexnologiya, IELTS, TOEFL va SAT boʻyicha qoʻshimcha kurslar tashkil etsin;
oʻquvchilarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda, asosiy oʻquv dasturlari bilan birgalikda sinfdan tashqari kasbga yoʻnaltirilgan amaliy mashgʻulotlar oʻtkazilishini yoʻlga qoʻysin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 10- va 11-sinf oʻquvchilariga yaqin hududlarda joylashgan ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish korxonalarida amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish tartibini joriy etsin;
taʼlim va tarbiya jarayonlariga vatanparvarlik ruhi, milliy gʻurur va iftixor, oʻz xalqiga muhabbat va sadoqat, Oʻzbekiston tarixi, ilmiy-ijodiy hamda maʼnaviy-maʼrifiy merosga hurmat, oʻzlikni anglash, mehnatsevarlik va masʼuliyatlilik, qatʼiyat va shijoatlilik gʻoyalari singdirilishiga alohida eʼtibor qaratsin;
oʻquvchilarni Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati va yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlarni chuqur anglaydigan, har jihatdan raqobatbardosh, keng dunyoqarash, mustaqil fikr va intellektual salohiyatga ega boʻlgan shaxs sifatida tarbiyalash uchun taʼsirchan pedagogik texnologiyalardan foydalanish choralarini koʻrsin.
4. Xalq taʼlimi vazirligi (B.Saidov) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.Toshkulov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2022-yil
1-sentyabrga qadar Agentlik tizimiga oʻtkazilgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining saralash imtihonlaridan oʻta olmagan oʻquvchilarini xalq taʼlimi tizimidagi boshqa umumiy oʻrta taʼlim maktablariga joylashtirish hamda tanlovdan oʻta olmagan rahbar va pedagog kadrlarni ish bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Agentlik maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash, zamonaviy mebel va jihozlar, oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, multimedia hamda video-kuzatuv vositalari bilan taʼminlash – Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida ajratiladigan mablagʻlar, Davlat byudjeti mablagʻlari, Agentlik huzuridagi Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, xalqaro moliya institutlarining kreditlari va grantlari, homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (A.Boboyev), Agentlik (X.Umarova), Moliya vazirligi (T.Ishmetov) mazkur Farmonning 4-ilovasida koʻrsatilgan Agentlik maktablarining 2023-2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilishini taʼminlasin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2022-yil 1-avgustga qadar mazkur Farmonning 1-2-ilovalarida koʻrsatilgan Agentlik maktablarini taʼmirlash, zamonaviy oʻquv qurollari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, mebel va oʻquv-laboratoriyalar bilan jihozlash choralarini koʻrsin, oʻquvchilarga yashash va ovqatlanish uchun zarur sharoitlarni yaratsin.
6. Agentlik huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) etib qayta nomlansin.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalari uchun davlat taʼlim standarti, oʻquv rejalari, taʼlim dasturlari va darslik majmualarini ishlab chiqish hamda ularni xarid qilish;
Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalari bitiruvchilarini yakuniy davlat attestatsiyasidan oʻtkazish;
taʼlim sohasidagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish va mamlakatimizda joriy etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish, oʻqituvchilarning bilim
va koʻnikmalarini baholash va sertifikatlashni xorijiy mamlakatlarning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshirish;
rahbar va pedagog kadrlarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish, ularning malakasini oshirishga qoʻyiladigan davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda malaka oshirish kurslarini tashkil etish;
Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalarini ilmiy-metodik jihatdan taʼminlash, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar oʻtkazish, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish.
7. Agentlik huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Agentlik (X.Umarova) bir oy muddatda Markaz nizomini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
8. Markazga mulk shaklidan qatʼi nazar umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarining bilim darajasi hamda kasbiy mahoratini baholashga ruxsat etilsin.
Belgilansinki:
a) Markaz tomonidan pedagog kadrlarning bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash barcha talabgorlar uchun shartnoma asosida amalga oshiriladi;
b) Markaz tomonidan pedagog kadrlarning bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash natijasi boʻyicha 2 yil muddat davomida amal qiluvchi “Ilgʻor oʻqituvchi”, “Ustoz oʻqituvchi” hamda “Professional oʻqituvchi” darajali sertifikatlar beriladi;
v) Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalarining xalqaro miqyosda tan olinadigan “Ilgʻor oʻqituvchi”, “Ustoz oʻqituvchi” yoki “Professional oʻqituvchi” darajali sertifikatni olgan pedagog kadrlariga quyidagi miqdorda qoʻshimcha haq toʻlanadi:
“Ilgʻor oʻqituvchi” darajali sertifikatni olgan pedagog kadrlarga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida;
“Ustoz oʻqituvchi” darajali sertifikatni olgan pedagog kadrlarga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 70 foiz miqdorida;
“Professional oʻqituvchi” darajali sertifikatni olgan pedagog kadrlarga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 100 foiz miqdorida;
g) Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalariga “Ilgʻor oʻqituvchi”, “Ustoz oʻqituvchi” yoki “Professional oʻqituvchi” darajali sertifikatni olgan pedagog kadrlarni ularning malaka toifasidan qatʼi nazar ishga qabul qilish huquqi beriladi;
d) Markaz Moliya vazirligi gʻaznachilik boʻlinmasida shaxsiy gʻazna hisob raqamiga ega boʻladi va uning faoliyati Davlat byudjeti mablagʻlari, byudjetdan tashqari mablagʻlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
ye) Markazning maʼmuriy-boshqaruv xodimlari, professor-oʻqituvchilari hamda metodistlariga Davlat test markazining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi;
j) Markazga unga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun taʼlim sohasida xizmat koʻrsatuvchi xalqaro tashkilotlar bilan maxsus axborot portaliga eʼlon joylashtirmasdan eng maqbul takliflar tanlovi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish huquqi beriladi.
9. Agentlik (X.Umarova):
a) rahbar va pedagog kadrlar bilim darajasi hamda kasbiy mahoratini baholash jarayoniga taʼlim sohasida xizmat koʻrsatuvchi nufuzli xalqaro tashkilotlarni jalb qilsin;
b) Markazda taʼlim tashkilotlarining rahbar va pedagog kadrlari uchun uzluksiz malaka oshirish kurslari hamda metodologik oʻquv seminarlarni tashkil qilsin;
v) 2022-yil 1-oktyabrga qadar Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini oʻqitish hamda ularning bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash choralarini koʻrsin;
g) 2022-yil 1-sentyabrga qadar iqtidorli bolalar bilan ishlashning “Maktab – Universitet – Markaz” yaxlit uzluksiz taʼlim tizimini joriy qilsin va mazkur tizim doirasida:
Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalarining davlat taʼlim standartlari, oʻquv rejalari va taʼlim dasturlari oʻzaro uzviy bogʻlangan holda ishlab chiqilishini;
“Yangi Oʻzbekiston” universiteti va Markaz tomonidan Agentlik tizimidagi maktablarda mahorat darslari, toʻgaraklar va yozgi maktablar tashkil etilishini;
“Yangi Oʻzbekiston” universiteti va Markazning professor-oʻqituvchilari hamda iqtidorli talabalari Agentlik tizimidagi maktablarning taʼlim jarayoniga keng jalb qilinishini;
Agentlik tizimidagi maktablarning oʻqituvchilari “Yangi Oʻzbekiston” universiteti va Markazga stajirovka oʻtashga jalb qilinishini;
Markaz tomonidan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar oʻtkazishda hamda tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etishda Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalari oʻquvchilari va talabalarining faol ishtirokini taʼminlasin.
Agentlikka zaruratga qarab byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan Markazning hududiy filiallarini ochishga ruxsat etilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari Agentlik bilan birgalikda vakolatxonalarga biriktirilgan hududlarda joylashgan Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalariga xorijiy ilgʻor tajribalarni joriy etish maqsadida:
Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalariga xalqaro taʼlim dasturlari boʻyicha malakali mutaxassislarni jalb etgan holda taʼlim jarayonini takomillashtirish;
oʻqituvchilar va oʻquvchilarni tajriba almashish dasturlari boʻyicha xorijiy taʼlim muassasalariga yuborish;
nufuzli xalqaro oliy taʼlim muassasalari grant dasturlari asosida bitiruvchilarning taʼlim olishiga koʻmaklashish;
rivojlangan davlatlar bilan taʼlim va ilm-fanni takomillashtirish borasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
dunyo miqyosida tan olingan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, tibbiyot, ekologiya, muhandislik va boshqa sohalardagi yetakchi tashkilotlar bilan Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish va yanada rivojlantirish;
Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan mahalliy mutaxassislarning xorijiy ilgʻor taʼlim muassasalarida malaka oshirishi va stajirovka oʻtashini tashkil etish;
oʻqituvchilar va oʻquvchilarning xalqaro konferensiyalar, anjumanlar, fan olimpiadalari, tanlovlar, ixtisoslikka oid koʻrgazmalarda ishtirok etishiga koʻmaklashish;
Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalari kutubxonalarini yetakchi xorijiy axborot-kutubxona resurslari fondlariga ulash, ularni xorijiy adabiyotlar bilan boyitib borish, oʻqituvchilar va oʻquvchilarga ushbu kutubxona resurslaridan keng foydalanish uchun imkoniyat yaratish choralarini koʻrsin.
11. Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalari faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Agentlik (X.Umarova) boshqa vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda “yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan
chora-tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishini taʼminlasin.
12. Agentlikning:
Agentlik markaziy apparati tuzilmasida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish shoʻbasi, ichki audit xizmati, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar bilan ishlash boʻlimini ochish va Agentlikning umumiy cheklangan shtat birliklari sonini 80 nafar etib belgilash;
Agentlik tashkiliy tuzilmasida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan va har biri 4 ta shtat birligidan iborat 13 ta hududiy boʻlimlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Belgilab qoʻyilsinki:
Agentlik markaziy apparati va hududiy boʻlimlar uchun zarur boʻlgan 67 ta shtat birligining 50 tasi Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi, 17 tasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimidagi tegishli shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga shakllantiriladi;
Agentlik hududiy boʻlimlari xodimlariga Agentlikning tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari qoʻllaniladi.
13. Agentlik (X.Umarova) ikki oy muddatda Agentlik va uning hududiy boʻlimlariga zarur bilim va salohiyatga ega malakali mahalliy
va xorijiy mutaxassislarni ishga jalb qilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2023-yil 1-yanvarga qadar mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan Agentlik hududiy boʻlimlarini bittadan yengil avtomobil bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
14. Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi ayrim fanlar chuqur oʻqitiladigan sinflari mavjud umumiy oʻrta taʼlim maktablari (keyingi oʻrinlarda – fanlar chuqur oʻqitiladigan maktablar) hamda maktab-internatlar faoliyatini tashkil etishning shunday tartibi oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab:
fanlar chuqur oʻqitiladigan maktablar hamda maktab-internatlar bosqichma-bosqich umumiy oʻrta taʼlim maktablari sifatida qayta tashkil etiladi;
fanlar chuqur oʻqitiladigan maktablar hamda maktab-internatlar faoliyati ushbu maktablarda ixtisoslashtirilgan dasturlar asosida taʼlim olayotgan oʻquvchilar oʻqishini bitirguniga qadar davom ettiriladi;
fanlar chuqur oʻqitiladigan maktablar hamda maktab-internatlarning rahbarlariga hamda ixtisoslashtirilgan fanlardan dars oʻtganligi uchun pedagog kadrlariga amalda belgilangan qoʻshimcha ustama haqlar ushbu maktablardagi ixtisoslashtirilgan sinflar faoliyati tugatilguniga qadar saqlab qolinadi;
maktab-internatlarda oʻquvchilar belgilangan tartibda yotoqxona va oziq-ovqat bilan taʼminlanadi;
fanlar chuqur oʻqitiladigan maktablar hamda maktab-internatlarda laboratoriya va amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazish, shuningdek, ayrim fanlarni chuqurlashtirilgan holda oʻqitish uchun ixtisoslashtirilgan fanlar ikki guruhga boʻlib oʻqitilishi mumkin;
keyingi oʻquv yillarida fanlar chuqur oʻqitiladigan maktablar hamda maktab-internatlarning ixtisoslashtirilgan dasturlar asosida taʼlim beriladigan sinflariga qabul amalga oshirilmaydi.
15. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qilsin.
16. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) mazkur Farmonga muvofiq yangi tashkil etiladigan taʼlim muassasalarining taʼminoti uchun zarur xarajatlarni:
2022-yilda Agentlik tizimiga oʻtkazilayotgan taʼlim muassasalarining yuqori turuvchi birinchi darajali byudjet mablagʻlari oluvchilarida boʻshaydigan byudjet mablagʻlari hamda Agentlikka Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirsin;
2023-yildan boshlab belgilangan tartibda Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
18. Agentlik (X.Umarova) ikki oy muddatda:
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.Toshkulov), Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (U.Tashkenbayev) hamda Davlat test markazi (M.Karimov) bilan birgalikda 2024/2025 oʻquv yili qabulidan boshlab Agentlik maktablari bitiruvchilariga kimyo, biologiya, fizika, matematika va axborot texnologiyalari sohalari uchun kadrlar tayyorlaydigan davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda imtiyoz berish boʻyicha;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Agentlik direktori X.U.Umarova, xalq taʼlimi vaziri B.O.Saidov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2022-yil 14-aprel
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring