Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi boshlandi

11:28 26 Dekabr 2025 Siyosat
489 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va koʻp millatli xalqimizga Murojaatnomasi boshlandi.

«Soʻnggi toʻqqiz yilda biz sizlar bilan, el-yurtimiz bilan birgalikda katta taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdik.

Iqtisodiyotimiz yangidan shakllandi, bozor munosabatlari, ijtimoiy himoyani kengaytirdik, qonun ustuvorligini mustahkamladik.

Eng muhimi, islohotlarimiz samarasini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson kundalik hayotida his qilmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni oʻrgandik.

Buning tasdigʻini tobora yangicha qiyofa kasb etib borayotgan shahar va qishloqlarimizda, zamonaviy korxonalar, savdo-servis maskanlari, maktab, bogʻcha va shifoxonalar, obod koʻcha va mahallalar, transport-logistika tizimi, raqamli xizmatlar misolida yaqqol koʻrish mumkin.

Bugungi kunda dunyoda sodir boʻlayotgan va yaqin-yaqingacha hech kim tasavvur qila olmagan oʻzgarishlar, davlatlar oʻrtasida iqtisodiy qarama-qarshilik, xavfsizlikka tahdidlar ortib borayotgan tahlikali bir vaziyatda sizlar bilan oʻta murakkab yilni yakunlayapmiz», dedi Prezidentimiz.

Qanchalik ogʻir boʻlmasin, boshlangan demokratik islohotlar qatʼiy davom ettirilgani, xalqimizning qoʻllab-quvvatlashi va yoshlarimizning gʻayrat-shijoati, hamjihatlik asosi boʻlgan mahallaning hayotimizdagi oʻrni va taʼsiri kuchaytirilgani, odamlarning ongi va dunyoqarashi oʻzgarib, el-yurtimiz yanada jipslashgani, tadbirkor, dehqon va fermerlarning tashabbuskorligi va mardona mehnati, oʻzaro manfaatli hamkorlikka asoslangan doʻstona tashqi siyosat hisobiga 2025-yilda barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishildi.

Avvalo, jahon miqyosida ishlab chiqarish va transport-logistika zanjirlari uzilgan, xomashyo va moliyaviy resurslar narxi oshgan sharoitda ham mamlakatimiz iqtisodiyoti ishonchli va barqaror oʻsishda davom etmoqda.

Bu natijalar dunyo hamjamiyati va nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?