Prezident Shavkat Mirziyoyevga temir yoʻl sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yillar uchun rejalar taqdimot qilindi

19:04 13 Noyabr 2025 Siyosat
132 0

Prezident Shavkat Mirziyoyevga temir yoʻl sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yillar uchun rejalar taqdimot qilindi.

Temir yoʻl tarmogʻida boshlangan keng koʻlamli transformatsiya jarayonlari oʻzining ijobiy natijalarini bera boshladi. Oʻtgan yilni tarmoq ilk bor sof foyda bilan yakunladi, joriy yilning birinchi toʻqqiz oyida sof foyda 800 milliard soʻmdan oshdi. Tranzit va yoʻlovchi tashish, eksport va investitsiya hajmlari oʻsib bormoqda.

Taqdimotda bu natijalar bilan cheklanmay, aholi soni va iqtisodiyot oʻsishiga mos ravishda temir yoʻl transporti xizmatlarining sifati hamda qamrovini kengaytirish, tarmoqda xarajatlarni qisqartirishni davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.

Xususan, transport hisobidan boshlab, harakat oqimigacha boʻlgan barcha bosqichlarda sunʼiy intellekt asosida nazorat oʻrnatish orqali xarajatlarni tahlil qilish, yoʻl qoʻyilayotgan yoʻqotishlarni aniqlash va shu asosda tannarxni 20 foizga kamaytirish mumkinligi qayd etildi.

2026-2030-yillarda yoʻlovchi va yuk tashish hajmini kamida ikki barobarga oshirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Buni taʼminlash uchun 151 kilometr yangi temir yoʻl qurish, 182 kilometr masofadagi yoʻllarni elektrlashtirish, shuningdek, 27 ta mavjud stansiya va 1 ming kilometr yoʻlni modernizatsiya qilish rejalari haqida maʼlumot berildi.

Jumladan, “Nurafshon – Pskent – Boʻka – Bekobod – Boyovut – Yangiyer” va “Xovos – Dashtobod” yoʻnalishlarida elektrlashtirilgan yangi temir yoʻllar quriladi. “Qumqoʻrgʻon – Quduqli”, “Samarqand – Urgut” va “Baytqoʻrgʻon – Parkent” yoʻllarini elektrlashtirish, “Toshkent – Samarqand”, “Toʻqimachi – Angren” va “Angren – Pop” yoʻllarining oʻtkazuvchanlik qobiliyatini oshirish rejalashtirilgan.

Respublika boʻylab shaharlar atrofida qatnaydigan poyezdlar harakatini faollashtirish maqsadida mavjud 40 ta yoʻnalishga qoʻshimcha yana 15 ta yangi yoʻnalish ochish taklif qilindi.

Xususan, “Toshkent – Nurafshon – Ohangaron – Angren”, “Navoiy – Zarafshon – Uchquduq”, “Qoʻqon – Namangan – Andijon – Margʻilon”, “Termiz – Qumqoʻrgʻon – Boysun – Darband”, “Nukus – Shovot – Urganch – Xiva”, “Jizzax – Doʻstlik – Aydar-Arnasoy koʻli”, “Qarshi – Shahrisabz” kabi yoʻnalishlarda shahar atrofi qatnovlarini yoʻlga qoʻyish orqali aholining kundalik safarlari uchun qulay sharoit yaratilishi qayd etildi.

Yigʻilishda yuqori tezlikda harakatlanuvchi tarmoqni kengaytirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Uzunligi 102 kilometrlik “Navoiy – Buxoro” temir yoʻl liniyasini foydalanishga kiritishni jadallashtirish topshirildi. Bu yoʻlning ishga tushishi yuk va yoʻlovchi tashishda vaqt va xarajatlarni sezilarli qisqartirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Kelgusi yillarda yangi ochiladigan yoʻnalishlar va qurilayotgan yoʻllar uchun lokomotiv va vagonlar parkini kengaytirish boʻyicha ham rejalar bayon etildi.

Jumladan, Xitoydan 38 ta magistral lokomotiv, 50 ta manyovrli va gibrid manyovrli lokomotiv xarid qilish nazarda tutilgan. Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasi bilan hamkorlikda 6 ta yuqori tezlikdagi elektropoyezd olib kelib, ulardan birinchisini kelgusi yilda “Toshkent – Urganch – Xiva” yoʻnalishida qatnovga qoʻyish topshirildi. Bu orqali yoʻnalishda yoʻl vaqti hozirgi 14 soatdan 7,5 soatgacha qisqarishi kutilmoqda.

Shuningdek, mamlakatimizda 250 ta zamonaviy yoʻlovchi vagonlarini qurish, shaharlararo qatnaydigan 23 ta elektr poyezdini xarid qilish orqali yoʻlovchilarga sharoitlar kengaytiriladi. 10 mingta yuk vagonlarini qurish, 6 mingdan ziyodini tiklash hamda 12 ta elektrovozni kapital taʼmirdan chiqarish vazifalari belgilab olindi.

Temir yoʻl sohasida xususiy sheriklik loyihalarini koʻpaytirish zarurligi ham koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishda “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻl qurilishi boʻyicha amaliy ishlarning borishi ham koʻrib chiqildi.

Prezidentimiz mazkur yoʻlning Markaziy Osiyoda transport bogʻliqligini oshirish va mamlakatimizning tranzit salohiyatini yanada mustahkamlashdagi strategik ahamiyatini alohida taʼkidlab, qurilish ishlarining sifatini taʼminlash yuzasidan koʻrsatmalar berdi.

Yigʻilish yakunida temir yoʻl tarmogʻini modernizatsiya qilish va kengaytirish boʻyicha belgilangan loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektdan keng foydalanib, xarajatlarni maqbullashtirish, shuningdek, sohada yoʻlovchilar hamda biznes uchun yanada qulay, xavfsiz va ishonchli muhit yaratish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?