Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuv oʻtkazdi

19:27 10 Noyabr 2025 Siyosat
318 0

Davlatimiz rahbari yigʻilganlarni Tibbiyot xodimlari kuni bilan samimiy tabriklab, barcha shifokor va hamshiralar, soha mutaxassislariga oʻzining chuqur hurmati va ezgu tilaklarini bildirdi.

Farmatsevtika sohasining zamonaviy tibbiyotdagi oʻrnini hisobga olib, bundan buyon ushbu bayramni “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni” sifatida nishonlash taklif qilindi.

Uchrashuvda oʻz yechimini kutayotgan masalalar tahlil qilinib, yangi vazifa va imkoniyatlar belgilab olindi.

Ixtisoslashgan markazlarga soʻnggi besh yilda 7,5 trillion soʻm mablagʻ berilib, ular minglab eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Shunga qaramay, uskunalarning quvvatidan bor-yoʻgʻi 25 foiz foydalanilayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Raqamlashtirish, xorijdan hamkor topish, klinik protokollarni yangilash, ilgʻor diagnostika, profilaktika va davolashni uddalaydigan zamonaviy jamoani shakllantirish barcha tibbiyot markazlari, viloyat, tuman sogʻliqni saqlash boshqarma va boʻlimlarining birinchi navbatdagi vazifasi boʻlishi zarurligi qayd etildi.

Qaysi mahallada, tumanda qanday kasallik koʻpaygan yoki kamayganini tahlil qilib, ularning oldini olish va samarali davolash boʻyicha aniq reja bilan ishlash, respublika markazlari bunday tahlil va yondashuv bilan ishni pastda tashkil qilish, katta mablagʻ evaziga olib berilgan eng zamonaviy uskunalardan samarali foydalanish har qachongidan ham dolzarb ekani taʼkidlandi.

– Bugun odamlarning hayotga munosabati ham, talab va ehtiyojlari, dunyoqarashi ham tubdan oʻzgardi. Bu boshqa sohalar qatori tibbiyotda ham sifatni oshirish, zamonaviy yondashuvlar olib kirish boʻyicha oldimizga yangi vazifalarni qoʻymoqda. Shu bois, tibbiyotda xalqning bahosini eshitadigan tizimni joriy qilamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Endilikda 26 ta markaz direktorlari, viloyat, tuman sogʻliqni saqlash rahbarlari, oilaviy poliklinika mudirlari bir oylik aniq reja asosida ishlashga oʻtadi.

Markaz rahbarlari oʻz sohasida eng ogʻir tuman va mahallaga boradi. Bir oy qolib, kasalliklarning sabablarini oʻrganib, ularga yechim beradi, oilaviy poliklinika va tuman shifoxonalarining vrachlarini kasallikni davolashga oʻrgatadi.

Bundan buyon viloyat va tuman sogʻliqni saqlash rahbarlarining kunlik qabuli mahallada boʻladi.

Har bir viloyat, tuman tibbiyot rahbari, bosh shifokor va poliklinika mudiri bemorga eʼtiborli boʻlib, dardiga shifo izlab kelgan har bir odamning ishi tez bitishi uchun barcha sharoitlarni yaratishi shartligi qayd etildi.

Yangi yildan 26 ta markaz direktorlari, viloyat va tuman sogʻliqni saqlash rahbarlari, oilaviy poliklinika mudirlarini lavozimga qoʻyishda yangi tartib joriy qilinadi.

Bunda barcha tibbiyot muassasalarida rahbar va bosh shifokor lavozimlari bir-biridan ajratiladi. Ularga rahbarlar menejerlikka oʻqigan, yaxshi natijalar koʻrsatgan tadbirkorlar orasidan tayinlanadi.

Rahbarlarning ragʻbatlantirish tizimi ham oʻzgartiriladi.

Eng namunali viloyat, tuman sogʻliqni saqlash boʻlimlari, oilaviy poliklinika mudirlariga “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan tibbiyot xodimi” unvoni, orden va medallar, 30 million soʻmdan pul mukofoti beriladi. Ular rahbarlik qilayotgan shifoxona va poliklinika infratuzilmasini yaxshilashga 500 million soʻmdan ajratiladi.

Har bir viloyatda eng yaxshi 2 ta tumanning sogʻliqni saqlash boʻlimi rahbari va oilaviy poliklinika mudiri AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Koreya, Turkiya kabi tibbiyoti rivojlangan mamlakatlarga menejerlikka oʻqitish uchun yuboriladi.

– Tibbiy taʼlimdagi islohotlarimizni davom ettirib, oilaning barcha yoshdagi aʼzolariga malakali tibbiy xizmat koʻrsata oladigan oilaviy shifokorlik institutini rivojlantirishimiz zarur, – dedi Prezident.

Kelgusi oʻquv yilidan tibbiyot oliygohlarining bakalavr bosqichida pediatriya va davolash yoʻnalishlarini oʻz ichiga olgan umumiy tibbiyot fakulteti ochilishi eʼlon qilindi. Ularda oilaviy shifokorlik mutaxassisligi boʻyicha rezidentura va magistratura ham yoʻlga qoʻyiladi.

Rezidenturada taʼlim olayotgan talabalar bepul oʻqish bilan birga oilaviy shifokor sifatida ishlab maosh oladi. Rezidentura bitiruvchisi oilaviy shifokorlik boʻyicha tor soha diplomi va 150 foizli ustama oladi.

Tibbiyot oliygohlarining bakalavr bosqichida talabalarning fundamental va klinik fanlar boʻyicha bilimi baholanadi. Rezidenturani tugatgan shifokorlar esa ixtisosligi boʻyicha imtihondan oʻtkaziladi. Shundan keyin mutaxassis davlat roʻyxatidan oʻtadi va unga tibbiy faoliyat yuritishga ruxsat beriladi.

Endilikda oddiy muolajani qiladigan emas, tashxis, davolash va profilaktikada shifokorga koʻmakchi boʻladigan hamshiralarni tayyorlashga oʻtish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Buning uchun Hamshiralar akademiyasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti tasarrufiga oʻtkazilib, negizida Oliy kasbiy tibbiyot akademiyasi tashkil qilinadi.

Kelgusi yildan barcha tibbiyot oliygohlarida oliy hamshiralik ishi yoʻnalishi ochiladi va kvota 2 karra, 2027-yildan esa kamida 20 foizdan oshirib boriladi.

Oliy maʼlumotga ega, shifokor bilan yonma-yon turadigan bunday hamshiralarning mehnati munosib ragʻbatlantiriladi. Kelgusi yildan oliy maʼlumotli hamshiralarning maoshiga 100 foiz ustama beriladi.

Ayni paytda oʻrta maʼlumotli hamshiralarni tayyorlash tizimi ham oʻzgartiriladi.

Bugungi davr shifokori zamonaviy texnologiya, davolash va diagnostika usullaridan xabardor boʻlishi, oʻz ustida doimiy ishlab borishi shartligi qayd etildi.

Shu bois, tibbiyot xodimlarining malakasini uzluksiz oshirib boradigan yangi tizim boʻladi. Kelgusi yildan malaka oshirishning masofaviy, robot-simulyator, amaliy, ish joyida mustaqil tayyorgarlik kabi turlari yoʻlga qoʻyiladi. Malaka oshirish talablari va baholash mezonlarini ishlab chiqish bilan shugʻullanadigan Uzluksiz kasbiy tibbiyot taʼlimi markazi tashkil qilinadi.

Prezidentimiz hozirda tibbiy xizmatlarning 30 foizi xususiy sektor tomonidan koʻrsatilayotgani, ilgʻor tashabbuslar ham ulardan chiqayotgani quvonarli hol ekanini taʼkidlab, ularning xususiy sheriklikni kengaytirish boʻyicha barcha takliflarini koʻrib chiqishga tayyorligini bildirdi.

Kelgusida ham tibbiyotda xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash va ularga qoʻshimcha sharoitlarni yaratish davom ettirilishi taʼkidlandi.

Xususan, kelgusi yildan tibbiy uskuna, jihoz va tez yordam mashinalarini olib kirish boʻyicha imtiyoz 3-yilga uzaytiriladi.

Umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismini qaytarish boʻyicha berilgan imtiyoz xususiy tibbiyot tashkilotlariga ham qoʻllanadi. Zamonaviy koʻp tarmoqli klinikalarni tashkil qilish va ularni jihozlash uchun tadbirkorlarga 200 million dollarlik imtiyozli resurs ajratiladi.

Prezidentimiz kuni kecha imzolangan “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida”gi qarorida aks etgan qoʻshimcha imtiyozlarni eʼlon qildi.

Uchrashuvda soha vakillari bilan muloqot boʻlib oʻtdi, ularning takliflari, fikr-mulohazalari tinglandi.

– Men shifokor egnidagi oq libosni nafaqat kasb belgisi, balki Vatanga cheksiz sadoqat ramzi deb bilaman. Bundan buyon ham shifokorning, har bir tibbiyot xodimining obroʻsini himoya qilish, unga har tomonlama munosib sharoit yaratish eʼtiborimiz markazida boʻladi. Ishonchim komil, biz birgalikda Yangi Oʻzbekistonni boshqa sohalar qatorida tibbiyoti ham rivojlangan davlatga aylantiramiz, – dedi Prezidentimiz uchrashuv yakunida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?