Prezident Qahramon Quronboyevga topshiriq berdi

19:11 22 Fevral 2021 Siyosat
1378 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida Namangan shahridagi 26-Mehribonlik uyida boʻldi va u yerdagi sharoitlar bilan tanishdi.

Bu haqda “Maxsus rakurs” koʻrsatuvida maʼlum qilindi.

Prezident mehribonlik uyining tarbiyalanuvchilardan qanday muammolari borligini soʻragan. Ulardan “Menga tushuntiringlar qani, direktoringizga qaramasdan, nima muammolaring bor?”, deya soʻragan.

Shuningdek, Prezident mehribonlik uyi xodimlaridan birining bolalar bu yerga tushmasligi uchun nima qilish kerakligi haqidagi fikri bilan qiziqqan. “Men bu yerga nima uchun keldim, ertaga bu masala boʻyicha qaror qabul qilmoqchiman”, degan davlat rahbari. Xodimlar tarbiyalanuvchilarning mehribonlik uyiga kelib qolishlarini oiladagi baxt, yashash joyidagi muammolar, yetishmovchiliklar bilan izohlagan.

Prezident ushbu tashrif bolalarning yodida uzoq yillar saqlanib qolishi kerakligiga urgʻu bergan. Shavkat Mirziyoyev Prezident maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Qahramon Quranboyevga yuzlanib mehribonlik uyidagi 60 nafar bolaning har biri uchun esdalik sovgʻasi berish topshirigʻini bergan.

“Har bittasiga alohida sovgʻa berish kerak. Kichkina kompyuter emas, ularga bir esdalik qolishi kerak”, dedi Prezident.

Shundan soʻng davlat rahbari bolalar bilan esdalik uchun suratga tushgan.

«Sizlar hammalaring mening farzandlarimsizlar. Hayot juda murakkab. Shuni bilinglarki, bugun ogʻir kunlar boʻlsayam, Alloh taoloning yorugʻ kunlari bor. Sizlarning qiynalganlaring, oilani eslashlaring, orzu-umidlaring ortida Xudoning marhamati, ertangi quvonch bor. Bu dunyoda kim baxtli boʻlishini kelajak koʻrsatadi. Sizlarning baxtli boʻlishingiz uchun hayotlaringizga doimiy asos yaratishni oʻylayapmiz. Bir martalik emas, qonun jihatidan. Bu yerni tamomlagandan keyin uy bilan taʼminlanib, farovon yashashingizni qonun bilan himoyaga olamiz. Tinchlik-osoyishtalikda sizlarning baxtingizni koʻrish nasib etsin», deya bolalar bilan xayrlashgan Shavkat Mirziyoyev.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?