Prezident oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga eʼtibor qaratdi

13:21 01 Noyabr 2024 Siyosat
237 0

Prezident oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga eʼtibor qaratdi.

Zaxira qilish ishlaridagi kamchiliklar uchun ayrim hududlarda kartoshka va goʻsht narxi oʻsganiga eʼtibor qaratildi. 18 ta tuman va shaharda bozorlarni goʻsht, kartoshka, sabzi, piyoz va guruch bilan uzluksiz taʼminlashda sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotgani, oziq-ovqat jamgʻarmalari uchun Sirdaryo, Xorazm va Toshkent shahrida mahalliy byudjetdan mablagʻ ajratilmagani tanqid qilindi.

Bosh prokuratura, Raqobat qoʻmitasi va boshqa masʼul idoralarga zaxira yaratish va narx ustidan monitoring qilish boʻyicha hududiy ishchi guruhlar tuzish, narx eng yuqori oʻsgan tuman va shaharlarda bozorlarni barqarorlashtirish boʻyicha tezkor choralar koʻrish topshirildi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari oldiga 620 ming tonna mahsulot zaxirasini yaratish vazifasi qoʻyildi.

Hududi 11 million gektar boʻlgan Navoiyda bor-yoʻgʻi 100 ming gektarga ekin ekilayapti. Yaylovlarning 43 foizi Navoiyda joylashgani bilan respublikadagi chorva mahsulotining 5 foizini ham bermaydi.

Navoiyda 23,5 ming gektar, shundan 1,7 ming gektar sunʼiy havzada baliq yetishtiriladi. Lekin, atigi 15 foizi intensiv boʻlgani uchun hosildorlik gektariga 2-3 tonnadan oshmayapti.

Yoki, 100 ming gektar suvli yerning 72 foizi nasosda sugʻoriladi. Nasoslarning aksariyati eskirgan va energiya sarfi yuqori. Shunga qaramasdan, viloyatning 50 ming gektarida suv tejovchi texnologiyalar bor, xolos.

Karmana, Konimex, Qiziltepa, Nurota va Xatirchi tumanlarida bu boradagi ishlar sustligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan paxtachilikda urugʻ sifati va texnologini yangilash, hosildorlikni 70 sentnerga chiqarish, 20 ming gektar yerlarni foydalanishga kiritish, 7 ming gektar bogʻ va tokzorlarni yangilash, hamma suvli yerlarni toʻliq lazerli tekislab, takroriy ekin sifatida 10 ming gektarda kungaboqar yetishtirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Har yili 350 ming gektar yaylovga dron bilan iqlimga mos ozuqa ekinlari, dorivor va ziravorlar urugʻlarni sepish hamda 50 ming aholiga boʻlib berish vazifasi qoʻyildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер