Prezident: “Oʻzbeklarning chet eldagi ommaviy mushtlashuvlari yurtimiz obroʻsiga putur yetkazyapti”

13:56 27 Yanvar 2026 Jamiyat
156 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentimiz narkojinoyatchilik va uyushgan guruhlarga qarshi kurash boʻyicha narkokanallarning oxirgi manbasi va homiylarigacha yetib borish uchun masʼullarda qatʼiyat yoʻqligini tanqid qildi.

Poytaxtda narkojinoyatlarning soni 4 mingdan oshgan. Qoʻlga olingan 112 ta uyushgan jinoiy guruh 1 ming 300 dan ortiq jinoyat qilgan.

Mazkur jinoyatlar uchun aybli deb topilganlar jazoni yarmini ham oʻtamasdan ozodlikka chiqmoqda. Oqibatda bu jinoyatni takroran qilganlar uch yilda 125 foizga koʻpaygan.

Prezident Administratsiyasi shugʻullanishni boshlagandan keyin bu masalada oʻzgarish boʻlgani taʼkidlandi. Soʻnggi uch oyda respublika boʻyicha 50 ga yaqin yirik narkoguruhlar qoʻlga olinib, yarim tonna narkotiklar muomalasiga chek qoʻyildi.

“Eng yomoni, chet davlatlarda ham oʻzimizning fuqarolar uyushgan guruhlar tuzib, yurtimizdan borganlarga nisbatan tovlamachilik, zoʻravonlik, tadbirkorligiga raxna solish bilan shugʻullanyapti. Oʻzbeklarning chet eldagi ommaviy mushtlashuvlari yurtimiz obroʻsiga putur yetkazyapti”, dedi davlatimiz rahbari.

Oʻtgan yilning oʻzida chet elda ogʻir ahvolga tushgan 3 ming 700 nafar fuqarolarimiz mamlakatimizga qaytarildi. 192 nafar fuqaro odam savdosi qurboniga aylandi.

Chet elga borib olib, uyushgan jinoiy guruhlar tashkil qilgan, u yerda oʻzimizni fuqarolarni ham talayotgan shaxslar faoliyatiga chek qoʻyishdagi sustkashliklar tanqid qilindi.

Bundan tashqari, ilgari faqat “koʻcha” deb koʻrilgan uyushgan jinoyatchilik bugun “biznes niqobi” ostida daromadli sohalarga kirib boryapti. Ayniqsa, jinoiy toʻdalar faoliyati koʻp qavatli uylar va avtomashinalar oldi-sotdisi, moliyaviy piramidalar tashkil qilish, “Haj” va “Umra” ziyoratiga yuborishda ancha koʻpaygan.

Shaharda xonadon sotish masalasida 3 mingdan ziyod fuqaroga 1,3 trillion soʻm zarar yetkazilgan.

Masʼullar aholining firibgarlar qopqoniga tushib qolmasligi uchun huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha ishlamayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?