Prezident: Oʻzbekistonda mutlaq kambagʻallikka toʻliq barham berishga barcha imkoniyatimiz bor

12:25 17 Sentyabr 2025 Siyosat
109 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻtgan davrda Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2 karra oʻsgani, yil yakuni bilan jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetishi qayd etildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida 30 dan ortiq nufuzli tashkilot va 200 ga yaqin xalqaro ekspertlar ishtirokidagi “Kambagʻallikdan farovonlik sari” xalqaro forumining ochilishidagi nutqida aytib oʻtdi.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, yangi tashabbus va tajribalarni sinovdan oʻtkazib, dunyodagi ijobiy yutuqlarni oʻrganib, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha Yangi Oʻzbekiston modeli yaratildi.

Avvalo, oʻtish davrining muhim instrumenti boʻlgan manzilli ijtimoiy daftarlar joriy etilib, barcha ehtiyojmand oilalar qamrab olindi.

Masalan, pandemiya davrida 800 ming oilaga bepul dori-darmon, 255 ming oilaga oziq-ovqat mahsulotlari, yana 1 million 200 ming oilaga ijtimoiy nafaqalar berildi.

Natijada 5 million 200 ming nafar odam “kambagʻallik qopqoni”ga tushib qolishdan himoya qilindi va shu bilan birga, iqtisodiy retsessiyaning oldi olindi.

Prezidentimiz jamiyatning eng quyi boʻgʻinigacha tushib, “mahallabay” ishlash tizimi yoʻlga qoʻyilgani oʻzini har tomonlama oqlaganini taʼkidladi.

Har bir xonadon, har bir oila bilan individual reja asosida ishlash, daromadini oshirish uchun yetarli resurs ajratildi. Mahallalarni obod qilish, odamlar hayotini yaxshilash va tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga har yili 2,5-3 milliard dollar yoʻnaltirilmoqda.

Qishloq aholisini daromadli qilish uchun 235 ming gektar paxta va gʻalla maydoni qisqartirilib, odamlarga 30-50 sotixdan yer ajratishning yangi mexanizmi joriy qilindi. Bu ishlar 800 ming odamning daromadini oshirishda muhim qadam boʻldi.

Lider tadbirkorlar koʻmagida tomorqada serdaromad ekinlarni ekish va kafolatli sotib olish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

“Bir soʻz bilan aytganda, har bir mahallaga biznes muhiti, har bir oilaga farovonlik kirib borganini odamlar oʻz hayotida his etmoqda. Bunday keng koʻlamli saʼy-harakatlarimiz hisobiga Oʻzbekiston 2030-yilga qadar kambagʻallikni 2 karra qisqartirish boʻyicha olgan majburiyatini barvaqt bajarishga harakat qilyapti.

2030-yilga borib, xalqaro mezonlarga koʻra, Oʻzbekistonda mutlaq kambagʻallikka toʻliq barham berishga barcha imkoniyatimiz bor”, dedi Prezident.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер