Prezident Xalqaro dzyudo federatsiyasi rahbarini “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotladi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-fevral kuni nufuzli “Katta dubulgʻa” xalqaro turniri doirasida mamlakatimizda boʻlib turgan Xalqaro dzyudo federatsiyasi rahbari Marius Vizerni qabul qildi.
Mazkur yirik sport tashkiloti bilan mamlakatimizda dzyudo maktabini rivojlantirish va ushbu yakkakurash turini ommalashtirish borasidagi samarali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston xalqaro federatsiya faoliyatida faol ishtirok etmoqda. 2022-yilda mamlakatimizda kattalar oʻrtasida jahon chempionati, oʻtgan yili harbiy xizmatchilar oʻrtasida jahon birinchiligi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Parij shahrida boʻlib oʻtgan yozgi Olimpiya oʻyinlarida Diyora Keldiyorova Oʻzbekiston tarixida ilk bor dzyudo boʻyicha oltin medalni qoʻlga kiritdi.
Federatsiya rahbari Marius Vizer mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish va sportning barcha turlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yoshlar, ayniqsa, qizlarni keng jalb etish, zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuqori baholadi.
Uchrashuvda sportchilar, murabbiylar va hakamlarni tayyorlashda federatsiyaning texnik koʻmagi va ekspert yordamini kengaytirish, iqtidorlarni saralashning samarali mexanizmini joriy qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, mamlakatimiz hududlarida dzyudo boʻyicha xalqaro musobaqalarni muntazam oʻtkazib borish taklifi bildirildi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Prezidenti milliy dzyudo maktabini rivojlantirishga qoʻshgan katta shaxsiy hissasi uchun Xalqaro dzyudo federatsiyasi rahbari Marius Vizerga davlatimizning yuksak mukofoti - “Doʻstlik” ordenini topshirdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring