Prezident ichki bozorda talabni ragʻbatlantirish masalasiga toʻxtaldi

13:00 26 Dekabr 2025 Siyosat
150 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini 45-50 foizdan 28 foizga pasaytirishga erishilgani, lekin bu hali dastlabki qadamlar ekanini taʼkidladi.

Bu boradagi ishlarni kuchaytirish uchun 2026-yilda barcha davlat xizmatlari va kommunal toʻlovlar, yoqilgʻi, alkogol va tamaki mahsulotlari, avtomobil va koʻchmas mulk savdolari naqdsiz toʻlov shakliga oʻtkaziladi.

Soliq, bojxona, sanepidemnazorat, standart, karantin, qurilish nazorati inspeksiyasi, yongʻin xavfsizligi kabi 17 turdagi tekshiruvlarda yonkameradan foydalanish majburiy boʻladi.

“Soya”dagi iqtisodiyotdan ixtiyoriy ravishda shaffoflikka chiqmoqchi boʻlgan tadbirkorlar buxgalteriya, statistika, soliq hisobotlarini yuritish boʻyicha bepul oʻqitiladi.

“Ayrim yurtdoshlarimizda topgan daromadini iqtisodiyotga yoʻnaltirish, bank depozitiga joylashtirish, aktivlarini oʻz nomiga rasmiylashtirish bilan bogʻliq xavotirlar bor.

Shu bois, deputatlarimiz va Markaziy bank xalqaro tashkilotlar bilan maslahatlashgan holda, fuqarolarimiz yurtimizda yoki chet elda shu paytgacha olgan daromad va aktivlaridan emin-erkin foydalanishiga sharoit yaratish boʻyicha takliflar tayyorlasa, oʻylaymanki, toʻgʻri boʻladi”, dedi Prezidentimiz.

Prezidentimiz uchinchi ustuvor yoʻnalish – ichki bozorda talabni ragʻbatlantirish masalasiga toʻxtaldi.

Bozorlarimizdagi toʻkinlik, narx-navo barqarorligi, aholining isteʼmol talabi ortib borayotgani – turmush sifati yaxshilanayotganini koʻrsatadigan eng asosiy omil.

Ichki talabni ragʻbatlantiradigan muhim faktorlardan biri, bu inflyatsiya darajasidir.

Toʻqqiz yilda qulay biznes muhiti yaratilib, tovar va xizmatlar hajmi va turi koʻpaytirilgani, kam daromadli oilalar uchun yiliga kamida 1 milliard dollar arzon kredit berilayotgani, inflyatsiya darajasi “bir xonali” raqamga tushirilgani natijasida aholining xarid qobiliyati 2 karra oʻsdi.

Oʻtkazilgan soʻrovlar ham, xalqaro ekspertlar tahlillari ham 75 foiz aholining moliyaviy holati keskin yaxshilanganini tasdiqlamoqda.

“Albatta, bu natijalar bilan cheklanib qolmasdan, xalqimizning daromadi va xarid qobiliyatini oshirish boʻyicha ishlarni izchil davom ettiramiz”, dedi Prezidentimiz.

Aholi ehtiyojidan kelib chiqib, iqtisodiyotda eng katta talab yaratadigan uy-joy ipotekasiga 2026-yilda 23 trillion soʻm resurs ajratiladi.

Uy-joy sotib olishda boshlangʻich toʻlov va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun 2 trillion 700 milliard soʻm subsidiya beriladi.

Shuningdek, bitta kvartira uchun ajratiladigan imtiyozli ipoteka kreditining miqdori 15 foizga oshiriladi.

Kelgusi yilda 140 mingta kvartirali koʻp qavatli uy-joy barpo etilishi roʻzgʻor uchun zarur isteʼmol tovarlariga talabni oshirishi tabiiy, albatta. Bu talabni moliyaviy manbalar bilan taʼminlash maqsadida 2026-yilda 125 trillion soʻmlik isteʼmol krediti ajratiladi.

Umuman, 2026-yilda qurilish ishlari hajmini 11 foizga koʻpaytirib, 30 milliard dollarga yetkazish reja qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?