Shavkat Mirziyoyev: Ezgulik, bilim va maʼrifatni qurol qilib, jaholat va yovuzlik yoʻlini toʻsaylik!

15:11 30 Sentyabr 2024 Siyosat
984 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident yurtimizdagi barcha ota-onalar, ustoz va murabbiylarga murojaat qildi:

“Bizning dunyodagi eng aziz va moʻtabar xazinamiz – bu umrimiz guli va mevasi boʻlgan farzand va nabiralarimizdir.

Hech shubhasiz, barchamiz ularning kelajakda baxtli va saodatli insonlar boʻlib yashashini istaymiz. Lekin bunga erishish oson emas.

Ayniqsa, bugungi tahlikali davrda ezgu maqsadlarga yetish uchun insonga hushyorlik va ogohlik, qatʼiy iroda, yuksak bilim va keng dunyoqarash, zamonaviy kasb-hunarlar har qachongidan ham zarur.

Taʼlim va tarbiya – butun jamiyatning muqaddas ishidir! Barchamizdan doimo hamjihatlik, faollik va fidoyilikni talab etadigan hayot-mamot masalasidir.

Ezgulik, bilim va maʼrifatni qurol qilib, jaholat va yovuzlik yoʻlini toʻsaylik!

Farzandlarimizning baxti, yorugʻ kelajagi uchun, jonajon Vatanimiz istiqboli uchun mustahkam poydevor yarataylik!”

Yoshlar qalbida vatanparvarlik tuygʻusini kuchaytirishda sportchi murabbiylarimiz va harbiylarimiz ham faol boʻlishlari zarurligi taʼkidlandi.

Bugun zamonning oʻzi har birimizdan ona yurt himoyachisi, vatanparvar boʻlishni talab etmoqda.

Bunda ayniqsa mard va jasur serjant va ofitserlar, harbiy chaqiriqqa tayyorlash fani oʻqituvchilari oʻrnak boʻlishlari kerak.

Hozir maktablarda qariyb 10 ming nafar ana shunday oʻqituvchilar faoliyat koʻrsatmoqda. Afsuski, ularning aksariyatida harbiy sohadagi zamonaviy bilim va koʻnikmalar, ular uchun ish sharoiti talab darajasida emasligi qayd etildi.

Endi mana shu oʻqituvchilar Mudofaa vaziri tomonidan zaxiradagi harbiy xizmatchilar tarkibi orasidan tayinlanishi belgilandi.

“Shu borada, bir fikrni barchamiz chuqur tushunib olishimiz kerak. Vatanparvarlik tarbiyasi – bu faqat harbiy yoki taʼlim sohasi xodimlarining ishi emas.

Bu – butun jamiyatning ishi. Bu ishga butun jamoatchilikni faol jalb etmas ekanmiz, kutilgan natijaga erishish qiyin boʻladi.

Albatta, yoshlarimiz yaxshi shifokor, isteʼdodli olim, mohir IT bilimdoni, zoʻr tadbirkor boʻlishi mumkin. Lekin, ular chinakam vatanparvar insonlar boʻlib voyaga yetmasa, oʻzingiz ayting, xalqimiz, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun ertaga kim masʼul boʻladi?

Shu bois, mahalla, nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar tashkilotlari bu masalada oʻz faoliyat dasturiga ega boʻlishi zarur. Yoshlarimiz ongiga barchamiz birgalikda “Men haqiqiy vatanparvar boʻlaman” degan gʻoyani chuqur singdirishimiz kerak”, dedi Prezident.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?