“Postda – Na postu” gazetasining 95-yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi

20:10 15 May 2025 Jamiyat
174 0

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi madaniyat saroyida “Postda – Na postu” gazetasining 95-yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Ushbu marosimda turli vazirlik va idoralar, huquq-tartibot organlari, jurnalistika sohasi va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Davron Nazarmuhamedov gazetaning davr bilan hamnafaslikda yurtimizda olib borilayotgan islohotlarni yoritishdagi xizmatlarini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Nazarmuhamedov Shavkat Mirziyoyevning matbuot vakillariga bergan eʼtiborini tilga olib, “Postda – Na postu” gazetasi ijodiy jamoasining fidoyiligi va kasbiga sadoqatini yuqori baholadi.

“Postda – Na postu” nashri nafaqat ichki ishlar tizimi faoliyatini, balki jamiyat hayotining barcha sohalaridagi oʻzgarishlarni muntazam yoritib kelmoqda. Tahririyat tomonidan tayyorlangan materiallar koʻplab milliy va xalqaro tanlovlarda gʻolib deb topilgan. Gazeta keyingi yillarda yoshlar tarbiyasi, maʼnaviy qadriyatlarni yuksaltirish va kitobxonlik madaniyatini oshirish boʻyicha ham faol ish olib bormoqda.

Tadbir davomida gazetaning tarixiga bagʻishlangan videofilm namoyish qilindi. Faxriy jurnalistlar va faol ijodkorlar Ichki ishlar vazirligining faxriy yorliqlari va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. “Postda – Na postu” – mening taqdirimda” nomli maqolalar tanlovi hamda “Postda – Na postu – oilaviy gazetamiz” video-tanlovi gʻoliblari ham eʼtirof etildi.

Tadbirda general-polkovnik Zokirjon Almatov, professor Sherzodxon Qudratxoʻja, senator Husan Ermatov, xalq artisti Yodgor Saʼdiyev, jurnalistlar uyushmasi vakili Xolmurod Salimov va boshqalar soʻzga chiqib, gazetaning bugungi media makondagi oʻrnini, uning vatanparvarlik, adolat va haqiqat yoʻlidagi faoliyatini yuqori baholashdi. Ular ushbu nashrni yosh ijodkorlar uchun maktab deb atab, uning xalqimiz hayotiga yaqin, dolzarb va hayotiy materiallar bilan boyib borayotganini taʼkidlashdi.

“Postda – Na postu” gazetasining bosh muharriri Bernora Sodiqova kelgusida ham xalq orasiga kirib borish, mushtariylar uchun taʼsirli va dolzarb materiallar tayyorlashda kuch-gʻayratlarini ayamasligini bildirdi. Tadbir soʻngida Oʻzbekiston mustaqilligi, tinchligi va taraqqiyotini madh etuvchi badiiy-musiqiy dastur namoyish etildi. Maʼnaviy kecha iliq va samimiy muhitda yakunlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?