Popda yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi

12:05 03 Yanvar 2025 Jamiyat
287 0

Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Namangan viloyatining Pop tumanida qurilgan yirik quyosh fotoelektr stansiyasining ishga tushirilishi mintaqa hayotida yil voqeasi boʻldi. “Next Solar Energy Group”masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xorijiy korxonasi Yangi yil arafasida birinchi bosqichdagi “Obi-hayot” hamda “Sardor” podstansiyalariga elektr energiyasi yetkazib berishga kirishdi. Har ikki stansiya Namangan shahri va yetti tumanni energiya bilan taʼminlaydi.

Yashil energiya ishlab chiqarish obyektining dastlabki bosqichida 150 million dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtirilib, 340 gektar maydonda 200 MVt quvvatidagi quyosh panellari oʻrnatildi. Bu bilan yil davomida isteʼmolchilarga 400 mln. kvt.soat miqdorda ekologik jihatdan sof elektr quvvatlar yetkazib berish imkoniyati yaratildi.

— Zamonaviy fotoelektr stansiya tejamkor ish tamoyili bilan katta ahamiyatga ega, — deydi Pop tumani hokimi Aʼzamjon Sultonov. — Uning foydalanishga topshirilishi natijasida yiliga 110 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Atmosferaga 120 ming tonna zararli chiqindilar chiqishi oldi olinadi.

Maʼlumot uchun, oʻtgan yilning 26-martida qurilishiga start berilgan mazkur stansiya yaqin vaqtda toʻla bitkazilishi bilan u toʻla loyihaviy quvvatga erishadi. Yiliga 500 MVtga teng energiya realizatsiya qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?