Pokiza qalblar kuychisi

19:08 01 Noyabr 2021 Madaniyat
1957 0

Adabiyot shunday qudratli kuchki, uning sehri va ziyosidan bahramand dillarda yuksak insoniy tuygʻular kurtak ochadi. Ulugʻvor orzu-intilishlar, ezgu maqsadlarga qanot, yurakka shijoat, ruhiyatga mador berguvchi nafis qurol ham badiiy ijoddir. Ayniqsa, “Haqiqiy vatanparvarlarni adabiyot tarbiyalaydi” degan purmaʼno soʻzlar zamirida bu qudratli kuchning asl mohiyati namoyon boʻladi.

Oʻzbekiston xalq shoiri, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi, Fargʻona farzandi Anvar Obidjon timsolida ijod moʻjizasining oʻziga xos kashfiyotlari yashaydi. Azaldan ona xalqimizga buyuk daholarni, adabiyot peshvolarini yetkazib bergan Fargʻona zamini oʻzining shoir oʻgʻlini hamisha boshida tutdi, uning yozganlarini, kitob shaklidagi durdonalarini sevdi, bebaho mulki kabi ardoqladi.

Ayniqsa, Anvar Obidjonning buyuk asarlari tugʻilgan, yuzlab shogirdlariga darsxona, ijod va tafakkur yogʻdularidan charogʻon goʻsha —Oltiariqda donishmand shoir yuragi hamisha uygʻoq yashaydi. Oʻzining rangin, fikrchan va jozibali asarlari bilan oʻzbek bolalariga yurtni sevishni, ardoqlashni, tafakkur qilishni oʻrgatgan buyuk millatparvar shoir, oʻzbek bolalar adabiyotining nodir vakili mana shu eldan, shu yurtdan ilhom oldi. Va yillar davomida nainki sheʼrlari, hatto kitoblarini yoddan biladigan minglab zukko ixlosmandlarini topdi, millionlab kitobxonlarga ega boʻldi, millatning oʻz shoiri, adibi, publitsisti boʻla oldi.

Anvar Obidjon ijodi haqida fikr aytganda, adabiyotshunos olimlarning “Har bir ijodkor qaysidir maʼnoda adabiyotda kashfiyot yaratadi. Ohorli soʻz, ohorli qofiya ham oʻziga xos yangilik. Bu nuqtayi nazardan qaraganda Anvar Obidjonning ijodi boshdan-oyoq kashfiyot, bu borada uni hech kim bilan taqqoslab boʻlmaydi” degan haqli soʻzlarini keltirib oʻtish oʻrinlidir.

Shoir bilan hamsuhbat, dildosh boʻlgan ziyolilar u haqida birday harorat va ehtirom bilan eslaydi. Anvar Obidjonning hammani kuldirayotib ham, tubida hazinlik turgan nigohlaridan hamisha samimiyat, mehr ufurib turishi, doimo oʻz hayotidan, farzandu nabiralaridan, oilasidan va oʻzining shoirlik qismatidan rozi ekanligini anglash qiyin emas. Shoir hayot va mangulik, muhabbat va ayriliq, mehr va xiyonat, samimiyat va yomonlik, haqiqat va jamiyat oraligʻida oʻtgan kunlari, uchratgan odamlaridan biron marta norozi boʻlmaganining oʻzi ulugʻ ibrat, aslida.

Aytish kerakki, Anvar Obidjon umrboʻyi sheʼrni ardoqladi, chin adabiyotni katta muhabbat bilan sevdi, bu muhabbatni balandparvoz soʻzlar bilan izhor qilmadi, lekin unga fido boʻlishni hayotining mazmuni, deb bildi. Millatsevar, fidoyi adib, donishmand ustoz sifatida turmush yoʻllari va ijod soʻqmoqlarida duch kelgan mashaqqatlarni, boʻhtonu fitnalarni mardona yenggan, yoniq ijod qilishni eng muhim hayotiy aʼmol, deb baholagan yetuk ijodkorning asarlari hamon ruhiy taskin, katta maʼnaviy tarbiyachi boʻlib yashayotgani ham shundan. Uning har soʻzi, erta oqargan sochlari, nuroniy yuzi, siniq tabassumi, xalqona mutoyibalari — hamma-hammasidan latif xokisorlik, muhimi, ona yurtga chinakam farzandlik qiyofasi yaqqol koʻrinadi. Oʻzbek adabiyotining bolasevar shoiri dunyoni bolalar koʻzi va yuragi bilan tanigani, mushohada qila olgani bilan oʻziga xosdir.

«Bolakaylar, kechiring,

Aytolmayman u yogʻin,

Chunki, avtoruchkamning

Tugab qoldi siyohi»,

— deb, jilmayib turgan shoir ruhi hamon tirik, hamon soʻzi uygʻoq, hamon ardoqli.

Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning har bir yangi asarini kitobxonlar doimo katta qiziqish bilan kutib olgan. Ijodi nihoyatda serqirra boʻlgan adibning publitsistika janridagi ijodi ham salmoqlidir. Uning turli davrlarda bitilgan koʻplab maqola, ocherk va esselari eng dolzarb mavzularga bagʻishlangani, yirik-yirik ijtimoiy masalalarga oid fikrlar oʻta dadillik, ayni chogʻda behad xolislik bilan bayon etilgani adabiyot ixlosmandlari qalbini Anvar Obidjon ijodiga ehtirom va muhabbat bilan bogʻlagan, desak mubolagʻa emas.

Prezidentimiz ijodkor ziyolilar bilan boʻlgan anjumanda adiblarimizni joylarda boʻlayotgan yuksalishlar, zamonamiz qahramonlariga aylanayotgan fidoyi insonlar hayoti haqida asarlar yaratishga undagan edi.

Anvar Obidjonning Fargʻona viloyatida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar, mehnat ahli kayfiyatidagi mislsiz koʻtarinkiliklarni oʻzida jam etgan “Fargʻonaliklar” kitobi davlatimiz rahbarining ilhombaxsh daʼvatidan ruhlanib yaratilganini koʻpchilik kitobxonlar yaxshi bilishadi. Qolaversa, ushbu kitob adibning oʻzi tugʻilib oʻsgan maskanga cheksiz mehrining ifodasi hamdir.

“Fargʻonaliklar”ni shavq bilan oʻqib chiqqach, unda erishayotgan yutuqlari bilan yurt nomini ulugʻlayotgan fargʻonaliklarning jonli qiyofasini koʻrganday boʻlasiz. Ustoz Erkin Vohidov bilan gʻoyibona suhbat shaklida yaratilgan kitob garchi 20 ta mustaqil badia-essedan tarkib topgan boʻlsada, mohiyatan, azim Fargʻona, bunyodkor va hayotsevar, mehnatkash va tashabbuskor fargʻonaliklarning suratu siyratini oʻzida mujassam etgan yaxlit asar sifatida taassurot qoldiradi. Adibning yozish uslubi, kitobxonni oʻziga juda yaqin olib soʻz aytishi, joylardagi ezgu ishlardan hayratini yetkaza olish mahorati sizni mutolaaning soʻngiga qadar kitobdan olislatmaydi.

Yozuvchi taʼrifi bilan aytganda, “Koʻhna Margʻilondagi fusunkor bogʻning kiraverishidagi quyma kursiga yastanib” xuddi tirikday mehr-la termulib turgan ustoz Erkin Vohidovga yuzlangan koʻyi yozishni ota makondan — Oltiariq zaminidan boshlagan adib qadami yetgan har bir hududning samarali odimlari, odamlari haqida toʻlqinlanib yozadi. Adib Fargʻona boʻylab safar qilar ekan, Neftni qayta ishlash zavodi, «Fargʻonaazot», Quvasoy sement zavodi, “Kvars”, Qoʻqon mexanika zavodidan tortib, Margʻilon atlaschilari, toʻqimachilik, poyabzalchilik, paxtayu pillani qayta ishlash korxonalari, dehqon va fermer xoʻjaliklari faoliyati bilan tanishadi. Ming-minglab yangi ish oʻrinlari yaratilgani, viloyatning eksport salohiyati yuksalayotganini faxr bilan tilga oladi.

Oltiariqlik Qahramon fermer Lolaxon Murotova, tadbirkor Adhamjon Abdurahmonov, Husanboy uzumchi singari zahmatkash odamlar, Quvaning “Anorzorlar malikasi”, Fargʻona sportining Bektemir Meliqoʻziyev, Dostonbek Tursunov singari yorqin vakillari, Dangʻarayu Fargʻona, Besharigʻu Qoʻshtepaning parrandachilik, chorvachilik, asalarichilik, shuningdek, ishlab chiqarish ilgʻorlari, baliq yetishtirishning hadisini olgan yozyovonliklarning gʻayrati, Margʻilonning shohi ipakka oʻrangan bugungi saodati aks etgan badiiy lavhalar Fargʻonaning bugungi iqboli haqida soʻz ochadi.

Shoirning:

Yaratmoq, kurashda malhamdir sabr,

Farogʻat sari yoʻl azal serjabr,

Bu yurtga ishqini, har neki davr

Qalbidan yulmadi fargʻonaliklar.

— degan satrlari shu yurt farzandining oʻzi tugʻilib oʻsgan joyi, uning qadri baland odamlariga muhabbati ila qalbingizga yoʻl oladi. Fargʻonadagi yuksalish jarayonlari, zamonamiz qahramonlariga aylanayotgan fargʻonaliklar haqidagi kitob hududlardagi muvaffaqiyatli odimlar ortidagi mashaqqatli mehnat, fidoyi insonlar irodasi, matonatini namoyon etgani bilan ham qimmatlidir.

Anvar Obidjonning “Ona Yer”, “Ey, yorugʻ dunyo...”, «Olovjon va uning doʻstlari», «Bezgakshamol», “Masxaraboz bola”, “Akang qaragʻay Gulmat”, “Juda qiziq voqea”, «Oltin yurakli Avtobola», «Dahshatli Meshpolvon», “Yerliklar”, «Alamazon va Gulmat hangomasi», “Alisher ila Husayn yoki uch dono va oʻgʻri”, “Oltiariq hangomalari”, “Oʻq oʻtmas bolakay”, “Tanlangan sheʼrlar”, “Bahromning hikoyasi”, “Shirin tush”, “Gʻalati maktublar”, “Saylanma” singari 60 tadan ortiq kitoblari nafaqat oʻzbek xalqi, balki dunyo kitobxonlarining ham muhabbati va ixlosiga erishdi.

Haqiqat shuki, adabiyot — buyuk maʼvo. U oʻziga topingan, suyangan va sidqidildan xizmat qilgan qalam sohibini hamisha bagʻri taftida, ehtiromida asraydi, uning yuzini el oldida, soʻz oldida yorugʻ boʻlishiga pobasta boʻladi. Anvar Obidjonga ana shunday yuzi yorugʻlik, kattayu kichik kitobxonga suyuklilik baxti nasib etdi. Uning qutlugʻ nomini abadiylashtirish, mazmunli ijodiga barhayotlik baxsh etish ishlari butun respublikamizda, xususan, donishmand shoirni voyaga yetkazgan Fargʻonada qanot yozayotgani gʻoyat sharafli va quvonchlidir.

Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,

Fargʻona davlat universiteti rektori,

pedagogika fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?