Poytaxtdagi maktablarda tibbiy niqob taqish tartibi joriy etiladimi?

14:26 30 Oktyabr 2025 Jamiyat
421 0

Ijtimoiy tarmoqlarda 30-oktyabrdan boshlab Toshkent shahridagi maktablarda tibbiy niqob taqish tartibi joriy etilishi bilan bogʻliq xabarlar tarqaldi.

Mazkur holatga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Atabekov quyidagicha oydinlik kiritgan:

“Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu masala notoʻgʻri talqin qilinmoqda. Avvalo, ularda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining shu yil 26-sentyabrdagi qarori asos qilib koʻrsatilyapti. Hujjat sanasiga eʼtibor bering: u sentyabr oyida imzolangan. Aslida, har yili mavsumiy oʻtkir respirator kasalliklar va gripp avj olishidan oldin bu kabi qarorlar qabul qilinib, joylardagi muassasalarga tegishli tavsiyalar berib kelinadi”, — deydi Nurmat Atabekov.

Qoʻshimcha qilinishicha, qarorda epidemik vaziyat murakkablashganda tibbiy niqob taqish belgilangan. Hozir epidemik vaziyat barqaror, shunday ekan, maktablarda yoppasiga niqob taqish zarurati yoʻq. Agar guruhda kasallangan bolalar boʻlsa, oʻsha bemor bilan muloqotga kirishish ehtimoli bor joylardagina niqob taqish tavsiya etiladi.

Havo-tomchi yoʻli bilan yuqadigan kasalliklarda imkon qadar ijtimoiy masofa saqlash va muloqot davrida niqobda boʻlish maqsadga muvofiq.

“Hujjatda aytib oʻtilgan tibbiy niqob taqish tartibi joylarda vaziyatga qarab hal qilinadi. Buni zinhor yoppasiga shunday tartib joriy qilinyapti, deb talqin qilmaslik kerak”, — deydi Atabekov.

Shuningdek, mazkur qarorga joylardagi epidemik vaziyat qay darajada murakkab yoki murakkab emasligidan kelib chiqib, tegishli chora qabul qilish uchun moʻljallangan odatiy hujjat sifatida qaralishi zarurligi ham eslatib oʻtilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер