Poytaxt Soliq boshqarmasi bosh inspektoriga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

12:30 19 Noyabr 2025 Jamiyat
130 0

Foto: DXX

Toshkent shahar Soliq boshqarmasi bosh inspektoriga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudi tomonidan Surxondaryo viloyatida roʻyxatdan oʻtgan MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishini koʻrib chiqmoqda.

Jinoyat kodeksining 167 va 184-moddalari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Toshkent shahar Soliq boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan taftish davomida MCHJga nisbatan qoʻshimcha 8,7 mlrd soʻm soliq hisoblanadi.

Shundan soʻng, joriy yilning 15-sentyabr kuni sud tomonidan mazkur MCHJda qayta taftish oʻtkazish boʻyicha ajrim chiqarilgach, Toshkent shahar Soliq boshqarmasining Soliq auditi boʻlimi bosh inspektori qayta taftish davomida ushbu qoʻshimcha soliqni bekor qilib berishini aytib, evaziga MCHJ vakillaridan 5 ming dollar olgan.

Ammo, bosh inspektor dastlabki taftishda hisoblangan qoʻshimcha 8,7 mlrd soʻmlik soliqni toʻliq bekor qilishni uddalay olmagach, muqaddam olgan pullarini MCHJ vakillariga qaytarib bergan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?