Poykentdan Oʻrta Osiyoda eng qadimiy sanalgan metall qurollar topildi

15:51 14 Yanvar 2025 Jamiyat
1576 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Oʻz bagʻrida ne-ne sinoatlarni yashirib yotgan tarixiy goʻshalar yurtimizda juda koʻp. Shulardan biri Poykentdir. Qorakoʻl tumani hududida joylashgan bu maskanga Muhammad Narshaxiy, Tabariy, Ibn al-Xordadbex, Ibn al-Faqix singari oʻrta asr muarrixlari tomonidan “Madina al Tujjor” –“Savdogarlar shahri”, “Mis shahar” deya taʼrif berilgan. Eʼtirof etilishicha, u Buxorodan ham qadimiydir.

Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti va Rossiya davlat Ermitajining Buxoro ekspeditsiyasi arxeologlari tomonidan mana, 43-yildirki, Poykent xarobalarida tadqiqotlar olib borilmoqda. Bu yerda faoliyat koʻrsatayotgan muzeyda shu izlanishlar natijasi boʻlgan 2200 dan ziyod eksponat bor. Yaqinda shu manzildan metalldan yasalgan qadimiy qurollar va boshqa jihozlar topildi.

— Topilmalar orasida har xil oʻlchamdagi xanjarlar, niqob boʻlaklari, kamon nayzasi uchlari, askarlar sovutidan parchalar, qoʻl janggi chogʻida ishlatiladigan metall uzuklar bor, — deydi Buxoro davlat muzey – qoʻriqxonasi restavratori Dilmurod Xolov. — Ular eramizdan avvalgi I asr va eramizning I asriga taalluqlidir. Bu noyob buyumlar saklar va massagetlar davriga oid ibodatxona janubida olib borilgan arxeologik qazishmalar chogʻida aniqlandi. Bu jihozlar vohamiz, umuman, Oʻrta Osiyodan topilgan eng qadimiy metall qurollar jamlanmasi sanaladi.

Topilmalar orasida olovni tashishga moʻljallangan, deya faraz qilinayotgan kapgir, hali nimaligi aniqlanmagan doirasimon jihoz va qoʻngʻiroq ham bor. Qoʻngʻiroq ibodatxona uchun moʻljallangan boʻlib, yuzasi metalldan, ichi rangli metalldan, tilchasi suyakdan iborat. Chamasi, u ibodatxona ichidagi marosimlar uchun moʻljallangan. Negaki, qoʻngʻiroq chalinganida suyakdan iborat tilchasidan jarangdor tovush chiqmaydi. Topilmalardagi isiriqdon ham eʼtiborni tortmay qoʻymaydi. Bir qarashda kerosin lampani eslatadigan bu jihoz otashparastlar uchun zaruriy vosita sanalgan. Darvoqe, Poykentdan topilgan qurol-aslahalar Soʻgʻd davri devoriy suratlarida uchraydi.

Hozir topilmalarni konservatsiyalash, taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Bu mutaxassislardan juda katta mahorat, sabr-toqat, vaqt, bilim talab qiladigan jarayondir. Chunki asrlar davomida yer qaʼrida yotgan u yoki bu topilmani asl holiga keltirish mashaqqatli, serxarajat yumush sanaladi. Shuni inobatga olib, yurtparvar, savobtalab tadbirkorlar restavratorlarga homiylik yordami koʻrsatishsa ayni muddao boʻlardi. Bunday oʻta qadimiy va noyob topilmalarning muzey eksponatlari qatoridan oʻrin olishi sayyohlarning yurtimizga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirishi tayin. Aytmoqchi, koʻhna Poykentdan 2000, 2016 va 2017-yillarda olib borilgan arxeologik qazishmalar chogʻida ham qadimiy qurollar topilgan edi. Soʻnggi mavsumda topilgani arxeologlar tili bilan aytganda, har tomonlama boy xazina sanaladi.

Soʻzimiz yakunida eslatma tarzida aytmoqchimizki, bundan bir necha yil muqaddam “Xalq soʻzi” tahririyati xodimlari bu koʻhna goʻshada metallga ishlov beruvchi ustaxona ( xumdon) topilganiga shohid boʻlishgan va bu haqda gazeta hamda saytimizda maxsus maqola yoritilgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер