Pensiya va nafaqa pullari naqd holda qachon va qanday yetkazib beriladi?

14:01 18 May 2020 Iqtisodiyot
3928 0

Karantin davrida kasallik yuqishi xavfidan kelib chiqib, Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan vaqtinchalik chora sifatida pensiya va nafaqa pullari plastik kartalarga oʻtkazilayotgan edi.

Joriy yil 13-may kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirigʻi bilan ayrim pensionerlarimizning eʼtirozlari hisobga olinib, ushbu tartib bekor qilindi.

Endilikda, AT Xalq bankining avvalgi amal qilib kelingan pensiya tarqatish tizimi, yaʼni bank sayyor kassalari mahalliy xokimiyat organlari tomonidan tasdiqlangan toʻlov grafiklari asosida har oyning 4 sanasidan 27 sanasiga qadar karantin talablariga qatʼiy rioya qilingan holda pensiya va nafaqa pullari naqd shaklda nafaqa oluvchi va pensionerlarning yashash manzillariga yetkazib beriladi. Bu haqda bank axborot xizmati maʼlum qildi.

"Shu bilan birga, pensiya va nafaqa pullarini Xalq banki pensiya overdaft kartalari orqali olish istagini bildirgan pensionerlar Xalq banki xodimlari orqali yoki toʻgʻridan-toʻgʻri bankning va Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlariga murojat qilishlari mumkin.

Pensiya overdraft kartasining qulayliklari:

-Pensiya va nafaqa pullari oyning boshida, yaʼni 5 sanagacha plastik kartalariga tushadi;

-Oylik pensiya miqdorining 50 foizigacha overdraft krediti olish imkoniyati mavjud;

-Xalq banki va boshqa tijorat banklari bankomati va kassalaridan naqd pul olinganda overdraft kartalaridan bank xizmat haqlari undirilmaydi;

-Pensiya kartasidagi qoldiq mablagʻlarga Xalq banki tomonidan yillik 8% ustama haq toʻlanadi;

-Pensiya overdraft kartasini ochish bepul;

Pensiya va nafaqa bilan bogʻliq savollaringiz boʻlsa, kechayu kunduz tartibda ishlayotgan 11-06 yoki (71) 210-20-02 “Ishonch telefonlari”ga qoʻngʻiroq qilishingiz mumkin. Shuningdek, barcha hududiy filiallarimizga ham telefon orqali murojaat qilishingiz mumkin (hududiy filiallarimiz telefon raqamlarini koʻrish uchun mazkur havolaga (https://t.me/xalqbankipress/244) kiring).

Hurmatli fuqarolar! Karantin davrida koʻchaga chiqmang va biz sizning pensiya va nafaqa pullaringizni belgilangan grafik muddatlaridan kechiktirmagan holda uyingizga yetkazib beramiz!" deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?