Parlament soʻrovidan soʻng Hukumat qarori qabul qilindi

16:23 02 Oktyabr 2023 Siyosat
179 0

2023-yil 27-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan “jarima maydonchalari” faoliyatini kompleks tarzda qayta tashkil etish borasida amalga oshirilgan ishlar tahliliga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

Taʼkidlanganidek, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovchilar bilan uchrashuvlarida, quyi palataga kelib tushgan murojaatlarda qonun hujjatlari buzilgani uchun ushlangan transport vositalarini toʻxtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash faoliyati, yaʼni jarima maydonchalari bilan bogʻliq jiddiy muammolar mavjudligi kuzatildi.

Shundan kelib chiqib, Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aʼzolari tomonidan sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi Andijon, Fargʻona va Samarqand viloyatlari misolida joyiga chiqqan holda oʻrganildi. Mazkur jarayonda aksariyat jarima maydonchalarida ushlangan transport vositalarini saqlaganlik uchun plastik kartochkalardan toʻlovlarni qabul qiladigan hisob-kitob terminali hamda fiskal xotiraga ega boʻlgan nazorat-kassa mashinasi yoʻqligi, mavjud boʻlganlarida ham ulardan deyarli foydalanilmasligi aniqlandi.

Shu bilan birga, jarima maydonchalarida ushlangan transport vositalarini saqlash boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun turli miqdordagi toʻlovlar undirilgan. Ushbu toʻlovlarning aniq miqdorlari esa belgilanmagan.

Yana bir holat, ushlangan transport vositalarini toʻxtash joylaridan olib chiqishga ruxsatnomani olishda ham ayrim qiyinchiliklar mavjud. Bu kabi qayd etilgan muammolar mavjudligi transport egalarining haqli eʼtirozlariga, shu bilan birgalikda qator ovoragarchilik va noqulayliklarga sabab boʻlmoqda.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi nazorat-tahlil tadbirida aniqlangan kamchiliklar, sohaga oid qonunchilik hujjatlarini oʻrganish, statistik maʼlumotlarni, shuningdek saylovchilar bilan tashkil etilgan uchrashuvlarda koʻtarilgan masalalarni tahlil qilish asosida “jarima maydonchalari” faoliyatini tubdan oʻzgartirish zaruriyati mavjud degan xulosaga kelgan.

Shundan kelib chiqib, qoʻmita taklifi bilan “Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini toʻxtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida»gi masala yuzasidan Bosh vazir oʻrinbosari A. Ramatovga Qonunchilik palatasining parlament soʻrovi yuborilgan va unga javob olingan.

Parlament soʻroviga kelgan javobda qayd etilishicha, mamlakatimizda haqiqatdan ham jarima maydonchalarining faoliyatiga doir tizimli muammolar borligi, ularni oʻrganish yuzasidan vazirlik va idoralar masʼullaridan iborat Ishchi guruhi tuzilgan holda respublikada mavjud jami 295 ta jarima maydonchasi holati oʻrganilgan hamda ularda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlangan.

Xususan, ularning 93 tasining hududi oʻralmagani, 173 tasining hududlari asfalt bilan qoplanmagani, 41 tasida tungi yoritish moslamalari, 54 tasida yongʻinga qarshi vositalar va 106 tasida evakuatorlar mavjud emasligi kabi qator kamchiliklar qayd etilgan.

Mazkur masala Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining doimiy nazoratida boʻlganligi bois, yigʻilishda kun tartibidagi masala yuzasidan masʼullarning axboroti atroflicha muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalarning huquqiy jihatdan yechimini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-avgustdagi 358-sonli Qarori qabul qilindi.

Mazkur hujjatga muvofiq, 2024-yil 1-yanvardan boshlab ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ochiq tanlov asosida tanlab olinadi.

Shuningdek, ushlangan transport vositalarini toʻxtash joylariga olib kelish, joylashtirish, saqlash, hisobini yuritish va olib chiqib ketishga ruxsat berish manfaatdor vazirlik va idoralarga integratsiyalashgan “Jarima maydonchasi” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, “Jarima maydonchasi” axborot tizimining asosiy vazifalari quyidagilar etib belgilandi:

— transport vositasini jarima maydonchasiga joylashtirish toʻgʻrisidagi qaror ushbu axborot tizimi orqali elektron shaklda chiqarilishini yoʻlga qoʻyish;

— ushlangan, toʻxtash joylariga joylashtirilgan va olib chiqishga ruxsat berilgan transport vositalarining roʻyxatini yuritish;

— transport vositalarini toʻxtash joylaridan olib chiqish uchun barcha toʻlovlarni (jarima maydonchasi va huquqbuzarlik uchun jarimalar) elektron shaklda amalga oshirish;

— ushlangan transport vositalarini toʻxtash joylaridan olib chiqishga ruxsatnomani saqlash xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxslarga elektron shaklda taqdim etish.

Yigʻilishda deputatlar jarima maydonchalarini tashkil etish belgilangan talablarga javob beradigan darajada boʻlishini taʼminlash ustidan nazoratni kuchaytirish lozimligiga eʼtibor qaratdi, ular tomonidan vazirlik va idoralar vakillariga bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Tadbir yakunida Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aʼzolari tomonidan mazkur soha parlamentning doimiy nazoratida boʻlishi taʼkidlandi va tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?