Parlament komissiyasida Ombudsmanning qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va oldini olish borasidagi axboroti eshitildi
Maʼlumki, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Oliy Majlis palatalariga qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi munosabat hamda jazo turlarini qoʻllash holatlarining oldini olish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yakuni va aniqlangan kamchiliklar yuzasidan har chorakda axborot kiritib boradi.
Ombudsmanning 2023-yil birinchi yarim yillikda amalga oshirgan monitoring tashriflari yakuni boʻyicha tayyorlangan tahliliy maʼlumot Parlament Quyi palatasi Inson huquqlari sohasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi boʻyicha Parlament komissiyasining navbatdagi yigʻilishida koʻrib chiqildi.
Qayd etilishicha, 2023-yil 1-yarim yilligida Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 348 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. 2022-yilning 1-yarim yilligida bu koʻrsatkich 156 marotabani tashkil etgan.
Ombudsman boshchiligida oʻtkazilgan monitoring tashriflarida Jamoatchilik guruhlari tarkibida xalqaro va mahalliy NNT, OAV, bloger, psixolog, pedagog va tibbiyot xodimlari ishtirok etishgan.
Ombudsman va Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida aniqlangan kamchiliklar boʻyicha joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida Ombudsman tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralarga 5 ta talabnoma, 3 ta taqdimnoma, 3 ta xulosa va 3 ta tahliliy axborot hamda Oliy Majlis palatalariga 2 ta tahliliy maʼlumotlar kiritilgan.
Yigʻilish yakunida komissiya aʼzolari tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan amalga oshirilgan monitoring tashriflarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etilishida parlament nazoratini kuchaytirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi hamda koʻrib chiqilgan mazkur masala yuzasidan Parlament komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring