Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”
Bugun poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston delegatsiyasining Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida Sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosarlari Azizjon Kamilov hamda Sherzod Tashmatovlar ishtirok etishdi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, “Parij-2024” olimpiya o‘yinlarida tarixiy natija qayd etilib, O‘zbekiston 206 ta mamlakat orasida jami 13 ta - 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medallari bilan 13-o‘rinni egalladi.
Mamlakatimiz olimpiada o‘yinlarida MDH, Markaziy Osiyo, turkiy va musulmon davlatlari orasida eng yaxshi natijani qayd etdi. Bu tarixiy natija davlatimiz mustaqilligining 33 yilligi arafasida qo‘lga kiritilganligi bayramga munosib tuhfa bo‘ldi.
Bugun xalqimiz matonatli dzyudochi qizimiz Diyora Keldiyorova, taekvondo bo‘yicha birinchi kumush medal sohibasi Svetlana Osipova Olimpiya harakati solnomasida taekvondo bo‘yicha eng yosh toifada ikki karra Olimpiya chempioni Ulug‘bek Rashitov, o‘zbek sportini dunyoga tanitgan bokschilarimiz Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Lazizbek Mullajonov, Abdumalik Xalokov, mohir kurashchi Razambek Jamalov, og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev, erkin kurashchi Gʻulomjon Abdullayev, tajribali dzyudochilarimiz Muzaffarbek To‘raboyev hamda Alisher Yusupovlar erishgan olamshumul natijalar bilan haqli ravishda faxrlanmoqda.
Albatta, erishilgan tarixiy yutuqlar bilan cheklanib qolmasdan, bu boradagi natijalarni yanada yuqori darajalarga olib chiqish bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi. Kuni kecha davlatimiz rahbari sportchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ta’kidlaganlaridek, Parijdagi natijalarimizni chuqur tahlil qilib, ulardan zarur xulosa va saboqlar chiqargan holda, 2028 yili Los-Anjelesda bo‘ladigan navbatdagi yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni hozirdan boshlashimiz kerak. Kelgusi Olimpiadada kuchli o‘nlikka kirish bosh maqsadimiz bo‘ladi.
Buning uchun esa Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari, sport federatsiyalari tomonidan milliy olimpiya harakatining ajralmas qismi bo‘lgan ommaviy sportni rivojlantirish masalasiga muhim e’tibor qaratiladi.
Xususan, joriy yil yakuniga qadar ommaviy sport tadbirlari orqali yoshlar qamrovini 10 million nafarga yetkazish bo‘yicha faol ishlar borilmoqda.
Istiqlol shodiyonalari arafasida respublikamizdagi 12 ta sport ob’yektlarida qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilsa, yil yakuniga qadar esa yana 30 ta sport ob’yektlari foydalanishga topshiriladi.
Yana shuni quvonch bilan aytish joizki, mamlakatimizda Toshkent-2025 yoshlar Osiyo va Para Osiyo o‘yinlariga ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Buning uchun esa poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tutash hududda mintaqada o‘xshashi bo‘lmagan ulkan Olimpiya shaharchasi bunyod etilmoqda.
Eng muhimi, Davlatimiz rahbari tomonidan barkamol avlodni tarbiyalash, sportni har tomonlama rivojlantirish masalasiga davlat siyosati darajasida muhim e’tibor qaratilayotganligi bugun barcha sohalar qatori sportchilarimiz erishayotgan tarixiy natijalar uchun ham muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring