Paxtachilikda Xitoy tajribasi qanday samaralar bermoqda?

Fargʻona viloyatida azaldan paxtachilik sohasida oʻziga xos mahorat maktabi shakllangan boʻlib, keyingi yillarda bu boradagi hayotiy tajriba zamonaviy mezonlar asosida rivojlanib bormoqda. Bu jihatdan viloyatda Xitoyning “Shinjon-Uygʻur” paxtachilik tajribasidan unumli foydalanilayotgani eʼtiborga molik.
Aytish joiz, Xitoyning Shinjon provinsiyasi qishloq xoʻjaligi ekin maydonlari shoʻrlangan, sizot suvi yaqin, qum-choʻllikdan iborat boʻlsa-da, chigitni qoʻshqator va plyonka usulda ekib, tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etgan holda gektariga oʻrtacha 65-70 sentner paxta hosili yetishtiriladi.
Oʻtgan yili “Shinjon-Uygʻur” tajribasi asosida Markaziy Fargʻona hududida joylashgan Yozyovon tumanidagi “Mezon” fermer xoʻjaligining 70 gektar yer maydoniga qoʻshqator, plyonka usulda, tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etgan holda “Xin luzao № 78” (Xitoy) gʻoʻza navi ekilib, har gektar paxta maydonidan 60 sentnerdan hosil koʻtarildi.
—Eng asosiysi, hosil paxta terish mashinalari bilan saranjomlab olinib, yuqori navga sotilishi hisobiga gektaridan oʻrtacha 15,3 mln. soʻmdan sof foyda koʻrildi,—deydi “Mezon” fermer xoʻjaligi rahbari Vohidjon Obidov. — Bu usulda paxta odatdagidan ancha barvaqt pishishi hisobiga kuzgi boshoqli donni ochiq maydonga ertaki qilib ekish, kuzgi shudgorlash tadbirini oʻz muddatida sifatli qilib oʻtkazish imkoniga ega boʻldik.
Bu xususda gap ketganda, mamlakatimiz paxtachilik tarmogʻida sinov-tajriba tariqasida yuqori hosildor xorij navlari va duragaylarini olib kelib ekilayotgani fermer xoʻjaliklariga qoʻl kelmoqda. Misol uchun, oʻtgan yili respublikamizga Xitoy, Turkiya, Hindiston, Ispaniya va boshqa davlatlardan 18 ta nav olib kelingani fikrimiz tasdigʻidir.
—Yangi gʻoʻza navlarining 3 tasi viloyatda sinovdan muvaffaqiyatli oʻtdi,—deydi Fargʻona viloyati agroxizmatlar markazi direktori, qishloq xoʻjaligi fanlari nomzodi Ravshan Qurbonov.—Boisi soha olimlari tomonidan olib borilgan kuzatuvlar, oʻtkazilgan tahlillar natijalaridan kelib chiqib, paxta yetishtiriladigan hududlarni tuproq-iqlim sharoitiga mos, serhosil, kasalliklarga chidamli va ertapishar navlar tanlab olindi.
Aytaylik, Xitoyning “Xin Lu Zao-78”, “Xin lu zhong-52” gʻoʻza navlarida koʻsak qurtiga qarshi hamda mineral oʻgʻitlarga chidamli gen mavjudligi, oʻsimlik boʻyi oʻrtacha 80-90 santimetrdan oshmasligi, yetishtirilgan paxta hosili bir vaqtda ochilishi hamda mashina terimiga mosligi dehqonlarimizga maʼqul boʻlmoqda.
—Hozirgi kunda 10 gektar tajriba-sinov maydonida 9 ta xorijiy nav, xususan, 5 ta Xitoy navi parvarishlanmoqda,—deydi Rishton tumanidagi “Paxtakor Iqror” fermer xoʻjaligi rahbari Mirzaahmad Oʻlmasov.—Oʻtgan yili 8 gektar yerda shu davlatdan keltirilgan chigitni ekib, gektaridan 50 sentnerdan hosil olindi. Natijada daromadimiz sezilarli darajada oshdi.
Fermer xoʻjaligida 10 gektar yerda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilib, joriy yilda shuncha maydonda Xitoy tajribasi asosida paxta yetishtirildi. Bu yilgi asosiy maqsad har gektar yerdan olinadigan hosil salmogʻini 60 sentnerdan oshirishga qaratilgan.
Iqtisodiy tahlillarga qaraganda, oʻtgan yili Fargʻona viloyatida oddiy usulda paxta ekib, oʻrtacha 35 sentner hosil olish uchun 1 gektar maydonga 24,4 mln. soʻm xarajat qilindi hamda gektaridan sof daromad 2,9 mln. soʻmni tashkil etdi.
“Shinjon-Uygʻur” tajribasi asosida 65 sentner paxta hosili olish uchun 1 gektar maydonga 29,8 mln. soʻm xarajat qilindi. Paxta hosili terim mashinasida terib olinishi hisobiga gektaridan sof daromad
15,7 mln. soʻm boʻldi. Demak, oddiy usulga nisbatan “Shinjon-Uygʻur” tajribasi asosida paxta yetishtirish hosildorlikni kamida ikki barobar ortishin taʼminlaydi.
Bu yil Fargʻona viloyatida 72 ming gektar maydonga xorij navlari parvarish qilinmoqda. 2025-yil 1-avgust holatida dastlabki hosil chamalash ishlari oʻtkazilganda, xorijiy gʻoʻza navlari hamda “Shinjon-Uygʻur” tajribasi asosida qoʻshqator usulda parvarish qilinayotgan maydonlardan
55-60 sentnerdan hosil olish imkoniyati mavjudligini koʻrsatmoqda.
Albatta, Xitoy tajribasi asosida paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarga Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Prezident huzuridagi paxtachilik kengashi, Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Respublika agroxizmatlar markazi va ushbu idoralarning viloyat boʻlimlari, ilmiy-tadqiqot institutlari mutaxassislari hamda olimlar tomonidan doimiy ravishda ilmiy tavsiyalar berib kelinmoqda.
Bu esa pirovardida sohaga ilm-fan yutuqlari, innovatsiyalar, xorijiy tajribalarni yanada kengroq jalb etish hamda yildan-yilga yutuqlar, daromadlar salmogʻini oshirib borishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Botir MADIYOROV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring