“Ozodlik, tenglik va adolat”: Oliy maqsad qurbonlari

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 31-avgust kuni “Shahidlar xotirasi” majmuasida “Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni”ga bagʻishlangan tadbirda siyosiy qatagʻon yillarida nohaq qurbon boʻlgan yurtdoshlarimizning nomlarini aniqlash, ularning qoldirgan merosini oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlari, badiiy va hujjatli asarlar yaratish masalalariga alohida urgʻu bergan edilar.
Maʼlumki, mustabid tuzum rejali ravishda har xil uydirmalar toʻqib, keyin uni roʻkach qilib, xalqimizning ilgʻor ziyolilarini, maʼrifatparvarlarini “xalq dushmani” deb eʼlon qildi, turli qiynoq va azob-uqubatlarga giriftor qilib, qatl etdi. 1937-53 yillarda xalqimizning 100 ming asl farzandlari qatagʻonga uchragan. 13 ming nafar qatagʻonga uchraganlar shafqatsiz otib tashlangan. Eng achinarlisi, “Atrofdagi aholi oʻq ovozini eshitmasligi uchun motor yoqib qoʻyib, oqshomdan tongga qadar mahbuslar otilgan va barchasi bitta chuqurga koʻmilgan. Ularga na janoza, na bir enlik kafan nasib qilgandi…”. 2 millionga yaqin vatandoshimiz oʻz yurtidan bosh olib chiqib ketgan. 1 million 700 ming yurtdoshimiz Sibir, Uzoq Shimolga, Ukrainaga, Shimoliy Kavkaz, Uralga, Qozogʻiston va Uzoq Sharqqa, Kavkaz, Volga boʻyiga badargʻa qilingan.
Bunday mudhish siyosatning bosh maqsadi nima edi. Xalqning oʻz erki, ozodligi uchun kurashdan soʻndirish. Oʻz yoʻrigʻiga yurdirish. Shu yoʻlda xalqqa yoʻl koʻrsatishi mumkin boʻlgan, ularni oʻz orqasidan ergashtirishi mumkin boʻlgan maʼrifatparvarlar, jadidlar, birinchi navbatda, qatagʻon qurboniga aylandilar. Xorijda taʼlim olgan ilgʻor fikrli yoshlar ham chetda qolmadilar. Bir soʻz bilan aytganda, xalqning qaddini bukishga qaratilgan siyosat olib borilgandi. Buni Mahmudxoʻja Behbudiy shunday izohlagan: «Missionerlar tarafidan va yoyinki bizni yoʻq va nobud boʻlishimizni va shariati muqaddasamizni hukmdan qolishini xohlatadurgʻon eski va mustabid hukumat odamlari tarafidan shunday zakonlar chiqardi».
Mustaqillik yillarida tarixiy maʼlumotlarni xolis va haqqoniy oʻrganish, mustaqillik qanday ogʻir va mashaqqatli kurashlar bilan qoʻlga kiritilganini anglash, bugungi erkin, ozod va obod hayotimizni asrab-avaylash kerakligiga, mustaqillikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020-yil 8-oktyabr kuni qabul qilingan “Qatagʻon qurbonlarining merosini yana-da chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishi bu borada muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi tahlikali davrda milliy oʻzligimizni anglash teran mohiyatga asoslanishi talab etilmoqda. Shu maʼnoda, tariximizga tayanish, uni xolis va haqqoniy yoritish, oʻtgan davrlarda xalqimiz boshiga qanday kunlar tushgan, qanday musibatlarni boshdan kechirganligini bilishimiz, bu borada jon fido qilgan millatning asl oʻgʻlonlari muborak nomlarini tiklashimiz, ularning hayotini oʻrganishimiz lozim. Ota-bobolarining boshidan kechirganlarini yoshlarimiz bilishi kerak. Ana shunda, yurt tinchligi, Vatan mustaqilligi tushunchalari ongimizga chuqurroq singadi. Tinch va osoyishta yashashning ildizlariga yetib boramiz.
Farmoyishda qatagʻon qurbonlari davrini hududlar kesimida oʻrganish, jabr koʻrgan hech bir kimsa eʼtibordan chetda qolib ketmasligining belgilab qoʻyilishi tarixiy adolatni tiklashni nazarda tutadi. Shu maqsadda oʻsha davr hujjatlari oʻrganib chiqiladi, ayrim sabablarga koʻra reabilitatsiya qilinmasdan qolib ketganlar boʻlsa aniqlanadi, Qatagʻon qurbonlari kitobiga kiritiladi.
Farmoyishda qatagʻon qurbonlari hayoti va faoliyatini ilmiy tadqiq etish masalasiga alohida urugʻ berilgan. Shuningdek, ular haqida ilmiy-tarixiy kitoblar, badiiy va hujjatli filmlar yaratish ishlarini muvofiqlashtirishga eʼtibor qaratilgan.
Biz uchun eng muhimi – bu tarbiya. Farmoyishning har bir bandida yoshlarimizning ajdodlar ruhida tarbiyalash oʻz aksini topgan, deb aytsak toʻgʻri boʻladi. Xususan, qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida ular tugʻilib voyaga yetgan va istiqomat qilgan mahallalar va umumtaʼlim maktablarida xotira burchaklari tashkil etiladi.
Farmoyishda “Inson – aziz, xotira – muqaddas” gʻoyasiga urgʻu berilganligi ham biz uchun muhim. Shu gʻoya ostida tuman, shahar va mahallalarda aholi, ayniqsa, yosh avlodni mustaqillik va adolat tantanasi uchun kurashgan fidoyi ota-bobolarimizning xotirasiga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning koʻrsatgan jasorati va ibratli faoliyatlarini targʻib etishga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot ishlarini yana-da kuchaytirishimizga daʼvat etadi.
Tarixni xolis oʻrganish, haqiqatni yuzaga chiqarish asosida oʻzlikni anglash, Vatanga muhabbat, yurtga sodiqlik xislatlarini shakllantirish masalalari Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi dasturiy gʻoyalarida oʻz aksini topgan. Shu oʻrinda partiya tomonidan “Shahidlar xiyoboni” jamoat fondi bilan birgalikda respublikamizning har bir hududidagi oliy taʼlim muassasalarida “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyining boʻlimlarini ochilgani, jadidlar hayoti va ijodi bilan bogʻliq turli risola va kitoblar nashrga tayyorlanayotganini qayd etish joiz. Bu esa millat oʻz qahramonlarini bilishi, ularning ishlarini davom ettirishi zarurligidan dalolatdir.
Bir soʻz bilan aytganda, farmoyishda belgilangan vazifalarning barchasi “Ozodlik, tenglik va adolat” uchun kurashgan maʼrifatparvar ajdodlarimiz merosini chuqur oʻrganishga, yoshlarga oʻrgatishga va pirovardida ularni abadiylashtirishga xizmat qiladi.
Urol XAITOV,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
Markaziy kengashi bosh mutaxassisi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring