Oziq-ovqat sanoati uyushmasi raisi oʻsimlik yogʻi narxining koʻtarilishiga izoh berdi

20:04 14 Aprel 2021 Iqtisodiyot
2515 0

Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar, umuman, aholi orasida mamlakatimizda oʻsimlik yogʻi narxlarining oshib ketganligi keskin muhokamalarga sabab boʻldi. Oziq-ovqat sanoati uyushmasi raisi Bahodir Umirshayxov “Xalq soʻzi”ga mazkur holatga nisbatan oʻz fikrlarini bildirdi.

«Oʻsimlik yogʻi narxlarining koʻtarilganligi bir emas, bir qancha omillarga bogʻliq, desak, adashmaymiz. Eng avvalo, tashqi jahon bozorlarida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishi mazkur holatni yuzaga kelishiga zamin yaratdi. Maʼlumotlarga koʻra, jahon bozorida paxta, gaz, neft va elektr energiyasi narxi pasayib, oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshib boryapti. Xususan, oʻsimlik yogʻi narxi oʻrtacha 20-25-foiz oʻsgan. Koʻplab davlatlar un, don, guruch, kartoshka kabi yogʻ-moy mahsulotlarini eksport qilishga cheklovlar oʻrnatgan.

Narxlarning koʻtarilishiga ikkinchi omilni oʻsimlik yogʻi importi xarajatlari tannarxi bilan bevosita bogʻlashimiz mumkin. Statistik maʼlumotlarga qaraganda, mamlakatimiz aholisining oʻsimlik moyiga boʻlgan yillik talabi 475 ming tonnani tashkil etadi. Ammo yogʻ-moy korxonalari tomonidan 259 ming tonna oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarilib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan aholi ehtiyojining 55 foizga taʼminlanmoqda. Ichki bozor ehtiyojining 45 foizi esa import hisobiga toʻldirilmoqda. Oʻtgan hosil yilida mahsulot yetishtirish hajmlari nisbatan kamroq boʻlishi, buning ortidan qoʻshni davlatlarda kungaboqar yogʻi hamda urugʻi eksportiga yuqori bojxona bojlari belgilanishi tartibi muddatining uzaytirilishi va uning natijasida, import xarajatlarining oshishi oʻsimlik yogʻi narxlarining koʻtarilishiga olib keldi.

Oʻsimlik yogʻi importi hajmini kamaytirish borasida hozirda Oziq-ovqat sanoati uyushmasi tomonidan taklif va loyihalar ishlab chiqilmoqda. Mamlakatimizda oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarish quvvati 425 ming tonnani tashkil etadi. Bu koʻrsatkichda ishlab chiqarish uchun faqatgina ekin xomashyo bazasi yetarli darajada emas. Mazkur masalani yechish maqsadida, ayni kunlarda uyushmamiz tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiruvchilarga moyli ekinlar yetishtirishni koʻpaytirish boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda», deydi Bahodir Umirshayxov .

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?