Oziq-ovqat mahsulotlari narxi tahlil qilinib, soha uchun yangi imkoniyatlar belgilandi

22:27 05 Sentyabr 2022 Siyosat
934 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-sentyabr kuni asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining barqarorligini taʼminlash va zaxirasini yaratish chora-tadbirlari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Dunyoda iqlim oʻzgarayotgani, koʻp joylarda qurgʻoqchilik boʻlgani oqibatida oziq-ovqat yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Buning ustiga, xalqaro maydondagi vaziyat tufayli mahsulot ishlab chiqarish va yetkazib berish murakkab boʻlib bormoqda.

Davlatimiz rahbari bu masalaga avval ham eʼtibor qaratib, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash yoʻllarini koʻrsatgan edi. Xususan, yil boshida 80 ming gektar paxta va gʻalla maydonlari qisqartirilib, yegulik mahsulotlar yetishtirish uchun aholiga ajratib berildi. Buning natijasida 785 ming kishi ish bilan taʼminlanib, 3 trillion soʻmlik 1 million 500 ming tonna qoʻshimcha oziq-ovqat hosili olindi.

Bu ishlarni davom ettirish maqsadida xalqimiz rizq-roʻzi uchun yana 20 ming gektar yer ajratish boʻyicha Prezident qarori qabul qilindi. Kelgusi yilda yana qoʻshimcha 100 ming gektar ekin maydoni aholiga tanlov asosida beriladi. Buning hisobiga qoʻshimcha 1 million 200 ming aholini band qilish mumkin boʻladi.

Yigʻilishda asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga talab hududlar kesimida tahlil qilinib, ichki imkoniyatlar koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, mamlakatimizda kartoshkaga boʻlgan yillik ehtiyoj 3 million 400 ming tonnani tashkil qiladi. Shundan 20-25 foizi import hisobidan qoplanmoqda. Jumladan, Qoraqalpogʻistonga yiliga qoʻshimcha 100 ming tonnaga yaqin, Navoiy viloyatiga 45 ming tonna, Jizzax viloyatiga 35 ming tonna kartoshka yetishmaydi.

Yoki, oʻsimlik yogʻiga yillik ehtiyojimiz 515 ming tonna boʻlib, buning 46 foizi xorijdan olib kelinmoqda. Yurtimizdagi yogʻ-moy korxonalari esa toʻliq quvvatda ishlamayapti.

Umuman, ichki bozorda 25 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari taʼminoti importga bogʻliq boʻlib qolmoqda. Shu bois Qishloq xoʻjaligi vazirligiga hokimliklar bilan birga ushbu mahsulotlarni oʻzimizda ishlab chiqarish boʻyicha loyihalar tayyorlash vazifasi qoʻyildi.

Yurtimizda oziq-ovqat mahsulotlari narxining mavsumiy oʻzgarishlari ham sezilarli. Chunki qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan 50 ta tumanda muzlatkichli omborlar yetishmaydi. Umuman, bugungi kunda mavjud saqlash quvvatlari 1,5 million tonnani tashkil etib, jami yetishtirilayotgan mahsulotlarning 7 foiziga ham yetmaydi. Bu albatta “narx oʻynashi”ga taʼsir qiladi.

Shundan kelib chiqib, viloyat hokimlariga mazkur 50 tumanda saqlash quvvatlarini keskin oshirish boʻyicha topshiriq berildi.

Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligiga oziq-ovqat mahsulotlari maydonini 300 ming gektarga yetkazish, ekinlarni aholi talabi va import tahlilidan kelib chiqib oqilona joylashtirish vazifasi qoʻyildi.

Davlatimiz rahbari videoaloqa orqali joylardagi mutasaddilar, tadbirkor va dehqonlar bilan muloqot qildi. Xususan, qashqadaryolik va fargʻonalik mirishkorlarning moliya masalalarini yengillashtirish boʻyicha fikrlarini qoʻllab-quvvatladi. 15-sentyabrdan boshlab, hokim yordamchilari tavsiyasiga koʻra, sabzavot, dukkakli va moyli ekinlar boʻyicha urugʻlik, oʻgʻit, yoqilgʻi, oʻsimliklar himoyasi hamda aylanma mablagʻ uchun 150 million soʻmgacha garovsiz kredit ajratish yoʻlga qoʻyilishi belgilandi. Bu mablagʻlarning yarmini naqd pulda ajratishga ham ruxsat beriladi. Buning uchun Bogʻdorchilik agentligiga qoʻshimcha 300 milliard soʻm ajratiladi.

Meva-sabzavotchilikni kreditlash boʻyicha ham yangi tizim joriy qilinadi. Endi kartoshka, sabzavot, yogʻ-moy ekinlari ekadigan klaster va dehqonlarga hosilni sugʻurtalash xarajatining 50 foizi davlat hisobidan qoplab beriladi. Bundan buyon paxta va gʻalladagi kabi, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishda ham sugʻurta polisi kredit taʼminoti hisoblanadi. Bu yangilik koʻplab dehqonlarning ishini osonlashtiradi.

Mahsulotlar moʻl-koʻl boʻlishi sifatli urugʻga ham bogʻliq. Bugungi kunda mamlakatimiz boʻyicha har yili 300 ming tonna kartoshka, 6 ming tonna dukkakli va 11 ming tonna moyli ekinlar urugʻini tayyorlash zarur.

Bu borada yaxshi tajribalar ham talaygina. Masalan, Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida tadbirkorlar 450 sentnergacha hosil beradigan elita kartoshka urugʻi yetishtirmoqda.

Prezidentimiz bu tajribani kengaytirib, xususiy sektor bilan birga, dukkakli va moyli ekinlar urugʻchiligida ham yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidladi.

Har bir viloyatda kamida bittadan intensiv sabzavot koʻchatchilik xoʻjaligi tashkil etish, hosildor yerlarning barchasini intensivga oʻtkazish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Yigʻilishda qish-bahor oylarida meva-sabzavotlar narxini barqaror saqlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Mahsulotlarni saqlash va tashish imkoniyatlarini kengaytirish uchun yuk mashinalari, saralash va qadoqlash uskunalari xarid qilishga ham imtiyozli kredit ajratish taklifi bildirildi.

Prezidentimiz bu taklifni qoʻllab-quvvatladi. Ushbu maqsad uchun tijorat banklariga 140 million dollar ajratilgani, yana 330 million dollar yoʻnaltirish imkoniyati borligi qayd etildi.

Agrologistika loyihalarida yuk avtomobillari xaridini ham nazarda tutish, issiqxona egalariga yengilliklar berish muhimligi taʼkidlandi.

«Agrolizing» aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilib, dehqon va fermerlarga moliyaviy koʻmakchi boʻladigan tizimga aylantirishga koʻrsatma berildi.

Tomorqachilikni rivojlantirish borasidagi ishlar ham koʻrib chiqildi. Koʻchma muzlatkichlar uchun yer maydonlarini ijaraga berish muddatlarini uzaytirish, aholiga oʻsimliklarni himoya qilishda koʻmaklashish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari joylarda koʻzboʻyamachiliklar, qoʻshib yozish holatlari uchrayotganini keskin tanqid qilib, soha mutasaddilarini ogohlantirdi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirib, xalqimiz farovonligini taʼminlash, fermer va dehqonlarning bu boradagi muammolarini hal qilib, ularga koʻmaklashish asosiy vazifa ekani taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?