Oʻzbekistonning oʻz yoʻli bor. Bu — istiqlol yoʻli

Foto: Arxiv surat
Yaqinda Belarus prezidentining sobiq sovet respublikalari Rossiya va Belarus ittifoqi atrofida birlashadi, ammo suverenitetlarini saqlab qoladi, qabilida bergan intervyusi ijtimoiy tarmoqlarda katta aks-sado berdi.
7-fevral kuni eʼlon qilingan ushbu intervyuda Lukashenko 1999-yilda Rossiya va Belarus ishtirokida tuzilgan Ittifoq davlati sobiq sovet respublikalari hisobiga kengayishi mumkinligini aytgan. “Belarus allaqachon shu yerda. Menimcha, Qozogʻiston uchun yaxshi dars boʻldi. Agar kelgusi 15 yilda deb oladigan boʻlsak, ishonchim komil, biz xatoga yoʻl qoʻymasak, Ukraina ham shu yerda boʻladi”, – degan Lukashenko. U Armaniston “hech qayerga bora olmasligi” sabab ittifoqqa qoʻshilishini taxmin qiladi. Shuningdek, Turkmaniston, Oʻzbekiston va Tojikiston ham iqtisodiy zarurat tufayli ittifoqqa qoʻshilishi haqida gapiradi.
Ochigʻini aytganda, Lukashenkoning gaplari — suveren davlatlarga nisbatan hurmatsizlik. Har bir xalq yoki davlat nomidan gapiradigan uning saylangan Prezidenti yoki rahbari bor. Shu maʼnoda, buni oʻrinsiz, populistik bayonot sifatida baholash mumkin. Biroq, sobiq ittifoq tiklanishini qoʻmsayotgan kuchlar turli yoʻllar bilan oʻz gʻoyalarini targʻib qila boshlagani ham bor gap. Mana shunday vaziyatda Lukashenkoning siyosiy “prognoz”lari tasodif emasdek.
Voqealar rivojini kuzatar ekanmiz, qator ommaviy axborot vositalari, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda Sovet davrini qoʻmsash va shunday gʻoyalarni odamlar ongiga singdirish uchun maxsus guruhlar tashkil etilgandek koʻrinadi. Albatta, eng kuchli qurol bu hozircha televideniye. Solovev va Kiselevga oʻxshaganlar orqa-oldiga qaramasdan tashviqot yoyish bilan band. Ular mikrofon tutgan siyosatchilar esa andishasizlik bilan mustaqil davlatlarni turli siyosiy tuzilmalarga tortishga qaratilgan chaqiriqlarni baralla aytishyapti.
Belarusning Rossiya bilan ittifoqi — ularning ichki ishi. Agar, bu mamlakatlar xalqlari istasa, ittifoq tuzishsin. Birlashishni xohlashsa, birlashsin. Biz boshqa davlatlarning ichki ishlariga, xohish-istaklariga qarshi chiqmaymiz. Ammo bugun har bir mustaqil mamlakat oʻz tarixi, oʻz xususiyatlari, oʻz rivojlanish yoʻli borligini anglab yetgan va kelajakda jahon hamjamiyatida munosib oʻrin egallashni istamoqda. Oʻzbekiston ham shunday. Mamlakatimiz turli integratsion loyihalarda qatnashishi tabiiy. Biroq bu uning suverenitetini cheklamasligi kerak. Mazkur talab Oʻzbekiston tashqi siyosati konsepsiyasida belgilab qoʻyilgan. Vaqt va tarix mustaqil davlatlar foydasiga, mustaqillik va suverenitetlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Hayotni va tarix gʻildiragini toʻxtatib ham, orqaga qaytarib ham boʻlmaydi. Shu bilan birga yaqin va yaxshi qoʻshni boʻlib, madaniy va demokratik dunyoda udum boʻlganidek, mushtarak muammolarni birgalikda hal qilib yashash chekimizga tushgan.
Oʻzbek xalqi dastlab Rossiya imperiyasi, soʻngra esa Sovet imperiyasi tarkibida majburan ushlab turilgan murakkab davrni boshidan kechirgan davlat fuqarolari sifatida mustaqillikning qadrini yaxshi anglaydi. Toʻgʻri, yirik imperiyalar boshqa mamlakatlarni bosib olgani holda, umumjahon taraqqiyotidan orqada qolayotgan xalqlar orasida muayyan darajada maʼrifatchilik vazifasini ham ado etib kelganiga tarixda misollar koʻp. Mustamlakachilikka bunday baho beruvchilar imperiyalarning bosib olingan mamlakatlar infrastrukturasini, ayrim ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirishga, milliy kadrlarni tayyorlashga, mahalliy aholini jahon madaniyatidan bahramand qilishga qoʻshgan hissalarini taʼkidlab koʻrsatadilar. Biroq, buyuk imperiyalar tomonidan kam sonli xalqlarning nafaqat bosib olinishi, hatto ular oʻrtasidagi ittifoqchilik munosabatlarining ham salbiy jihatlari talaygina.
Birinchidan, xalqaro, davlatlararo va elatlararo qarama-qarshilik kelib chiqishi mumkin. Ikkinchidan, mustaqil davlatlarni xalqaro-huquqiy va ichki davlat suverenitetini roʻyobga chiqarishiga toʻsqinlik qilish tahdidi vujudga keladi. Uchinchidan, alohida olganda, Oʻzbekiston va boshqa qator davlatlarning tashqi iqtisodiy aloqalari chegaralanishi, ular teng huquqli boʻlmagan sharoitga solib qoʻyilishi ehtimoli mavjud. Toʻrtinchidan, bir davlatning boshqa davlatlar ustidan hukmronlik qilishga intilishi millatlar oʻrtasida oʻzaro ishonchsizlikni keltirib chiqarishi, millatlararo munosabatlarning keskinlashishiga olib kelishi mumkin. Beshinchidan, yangi mustamlakachilik va yangi imperiyachilik yondashuvlarini zoʻrlab qabul qildirish, hamma sohalardagi oʻzaro manfaatli va teng huquqli hamkorlikni sekinlashtirish xavfini kuchaytiradi.
Ochigʻini aytganda, bizning davrimizda huquqiy tenglik tamoyillariga soʻzsiz amal qilish davlatlararo munosabatlarning asosiy shartidir. Yetakchi davlatlarning MDH davlatlari bilan oʻzaro foydali va teng huquqli munosabatlar oʻrnatishlariga aynan ana shunday yondashuv mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi va kelajakda ham shunday boʻlib qoladi.
Sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlash bizning manfaatlarimizga mos ekanligi shubhasiz. Chunki bizni bu davlatlar bilan tarixan shakllangan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy rishtalari bogʻlab turadi. Faqat imperiyacha fikr yuritishdan voz kechish va Oʻzbekiston bilan teng huquqli hamkorlikka tayyorlikni izhor etish talab etiladi. Ayni shunday munosabatlar barchamiz uchun gʻoyat samarali imkoniyatlar ochib beradi.
Mintaqaviy barqarorlik, mintaqa koʻlamida integratsiya jarayonlarini rivojlantirish masalalarini hal qilishda ilgari Sovet Ittifoqi tarkibiga kirgan mamlakatlar oʻrtasida vujudga kelayotgan munosabatlar alohida oʻrin tutadi. Shuni taʼkidlash kerakki, sobiq sovet respublikalarining birontasi ham integratsiyaga qarshi chiqayotgani yoʻq. Ayni chogʻda ularning birontasi ham oʻz mustaqilligidan voz kechmoqchi emas. Biz uchun masalaning mohiyati mustaqillik yoki integratsiyani tanlash emas, balki bu ikki yoʻnalishni uygʻunlashtirishdan iboratdir. Biz MDHni haqiqiy mustaqil, suveren davlatlar hamjamiyati sifatida koʻramiz.
Dunyo xaritasidan hozirgi kunda boshqalardan, birinchi navbatda, oʻzini oʻrab turgan mamlakatlardan mutlaqo ajralib qolgan davlatni topib boʻlmasa kerak. Ammo, bizningcha, barcha qoʻshni davlatlar bilan teng huquqli, doʻstona hamkorlik yoʻli eng toʻgʻri yoʻl. Bunda boshqalar nomidan gapirish ruhidagi siyosat yurgizish faqat teskari natija berishi mumkin, xolos. Bir vaqtlar qon-qardosh, ogʻa-iniday boʻlgan xalqlar orasidagi doʻstlik koʻprigi qulab, uning oʻrnida jarlik paydo boʻlishi mumkin. Shuning uchun bugun siyosiy masalalardan koʻra, iqtisodiy, savdo-sotiq, sarmoyaviy sohalardagi integratsiya va aloqalar haqida gapirish toʻgʻriroq boʻlardi.
Abduvali SOYIBNAZAROV, sharhlovchi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring