O‘zbekistonning Ko‘rfazdagi ishonchli sherigi

03:50 18 Fevral 2025 Jamiyat
189 0

Tashqi siyosati yildan yilga faollashib borayotgan mamlakatimizning sheriklik geografiyasi kengaymoqda. Bunda arab mamlakatlariga ham alohida o‘rin ajratildiki, ulardan biri energiya zaxiralariga boy, Yaqin Sharq va Ko‘rfazning qudratli iqtisodiy salohiyatli davlati — Kuvayt.

Bu davlat O‘zbekistonning Yaqin Sharqdagi ishonchli do‘sti hamda hamkori. Madaniy, tarixiy va diniy qadriyatlar, urf-odat va an’analar ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni jadallashtirishda tabiiy katalizator vazifasini o‘tamoqda. 2020-yildan buyon qariyb yetti barobar o‘sgan tovar aylanmasining asosiy yo‘nalishlarini xizmatlar, mineral yoqilg‘i, oziq-ovqat va kimyo mahsulotlari tashkil etadi.

Tahlillar o‘zaro mahsulotlar yetkazib berish, qo‘shma korxonalar ochish, yirik mintaqaviy bozorlarga chiqish uchun imkoniyatlardan to‘liq foydalanish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shu ma’noda, 2024-yilning may va avgust oylarida u yerda ikkita biznes-forum hamda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi uyushtirildi. O‘z navbatida, yurtimizda Kuvayt biznes delegatsiyasi ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi.

Ta’kidlash kerakki, ikki davlatning tashqi siyosat konsepsiyalari bir-biriga o‘xshash. O‘zbekiston ham, Kuvayt ham o‘z rivojlanish istiqbollarini mintaqalaridagi davlatlar bilan yaqin aloqada ko‘radi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yaxlitligi va barqarorligida hal qiluvchi rol o‘ynaganidek, Kuvayt Ko‘rfaz davlatlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.

Yana bir muhim jihati, mamlakatlarimiz xalqaro tashkilotlardagi ishtiroki doirasida umumiy yondashuvlarga ega. Masalan, O‘zbekiston va Kuvayt BMT, Islom hamkorlik tashkiloti kabi yig‘inlarda o‘xshash fikr hamda takliflarni ilgari surayotir. Har ikki davlat xalqaro xavfsizlik muammolarini hal etish, barqaror va inklyuziv rivojlanishga ko‘maklashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni yoqlaydi. O‘zbekiston ham, Kuvayt ham iqtisodiy rivojlanish strategiyalarini belgilab olish bilan birga, iqtisodiyotni modernizatsiya hamda diversifikatsiya qilishni o‘z ichki kun tartibining markaziga qo‘ygan. Bu maqsadlar “Yangi O‘zbekiston — 2030” va “Nigoh — 2035” strategiyalarida o‘z ifodasini topgan. 

Iqtisodiy taraqqiyotning zamonaviy arxitekturasi

Iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga O‘zbekiston va Kuvayt birdek qiziqish bildiryapti. Bu ikki davlatning xalqaro va mintaqaviy moliyaviy-geografik ahamiyati va strategik maqsadlari bilan chambarchas bog‘liq.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda strategik muhim geografik o‘rinni egallaydi, chunki u mintaqadagi mamlakatlar bilan chegaradosh bo‘lgan yagona davlat. O‘zbekiston, shu bilan birga, Yevroosiyo bozorlariga chiqish darvozasi. Bundan tashqari, mamlakatimiz asosiy xalqaro quruqlik yo‘llari chorrahasida joylashgan. Bu O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo jahon iqtisodiyotining yangi modelida o‘z mavqeini mustahkamlab, Sharq hamda G‘arbni bog‘lovchi an’anaviy transport yo‘lagi sifatidagi rolini tiklayotganini anglatadi.

Kuvaytning joylashuvi ham mintaqaviy, ham global miqyosda strategik ahamiyatga ega. U dengiz savdo yo‘llari chorrahasida, Yaqin Sharq mintaqasining markazida joylashgan. Yuqoridagi omillar O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasidagi sanoat hamkorligi har ikki davlatga uchinchi mamlakat bozorlariga chiqish uchun qulay imkoniyatlar yaratishidan dalolat beradi. 

Yana bir e’tiborga loyiq omil, O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha Markaziy Osiyodagi salohiyatli davlat. Oxirgi yetti yil ichida mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YAIM) ikki barobarga oshdi. O‘tgan yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda YAIM avvalgi yildagiga nisbatan 6,5 foizga o‘sib, 115 mlrd. dollarga yetdi. Global va Yaqin Sharq iqtisodiyoti uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan Kuvaytning yalpi ichki mahsuloti esa 162 mlrd. AQSH dollarini tashkil etdi.

Kuvayt global energiya xavfsizligining zamonaviy arxitekturasida o‘ziga xos o‘rinni egallaydi. U neft eksporti borasida yetakchi o‘nta davlatdan biri va zaxiralariga ko‘ra Ko‘rfazda ikkinchi, dunyoda esa oltinchi o‘rinda. O‘zining boy resurslari tufayli jon boshiga to‘g‘ri keladigan iqtisodiyoti bo‘yicha dunyoda eng yirik davlatlardan biri.

Shu nuqtayi nazardan, hamkorlikning bir qancha yo‘nalishlari O‘zbekiston va Kuvayt uchun, ayniqsa, foydali deyish mumkin. Masalan, savdo yo‘nalishi. So‘nggi besh yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 5 barobar oshdi. Biroq ko‘rsatkichlar har ikki tomonning iqtisodiy salohiyatini to‘liq aks ettirmaydi. 

Investitsiyalar bobida ham Kuvayt salohiyatli davlat. Masalan, “Investment Authority” kompaniyasi moliyaviy imkoniyatlari bo‘yicha Ko‘rfazda ikkinchi, dunyoda esa beshinchi o‘rinda. Uning joriy aktivlari qariyb 1 trln. dollarga baholangan. Yana bir fond — Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi rivojlanayotgan mamlakatlarga imtiyozli grant va kreditlar ajratuvchi nufuzli tashkilotdir. O‘z navbatida, O‘zbekiston ulkan imkoniyatlarga ega muhim sarmoyaviy markazga aylanmoqda. 2017-yildan buyon O‘zbekistonga qariyb 80 mlrd. dollarlik xorijiy sarmoya jalb etildi. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston kuvaytlik investorlar uchun istiqbolli yo‘nalishga aylanishi mumkin.

Hamkorlikning muhim yo‘nalishi

Turizm ham hamkorlikning asosiy drayverlaridan sanaladi. 2022-yilda Kuvayt xizmatlari importining deyarli yarmi shu soha bilan bog‘liq. Ko‘rfazdan sayyohlar sonini ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston bu davlatlar aholisiga vizasiz tartibni joriy etgan. Shuningdek, “Ko‘rfaz — Markaziy Osiyo” yagona vizasiz sayyohlik makonini va turistlar uchun mo‘ljallangan zamonaviy klasterlarni yaratish, qo‘shma turistik mahsulotlarni ko‘paytirish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

O‘zbekiston hamda mintaqamizdagi bebaho islomiy madaniy yodgorliklar, muqaddas qadamjolar, buyuk ajdodlarimizning xoki yotgan maskanlar har qanday arab dunyosidagi insonni qiziqtirmay qolmaydi, albatta. Gumanitar yo‘nalishda mamlakatlarimizda milliy madaniyat haftaliklari, madaniy meros ko‘rgazmalari tashkil etilishi ham xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotga o‘tishga katta kuch va mablag‘ sarflayotgan davlat. Xuddi shunday Kuvayt ham. Uning AKT bozori 22 mlrd. dollardan oshadi, O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyoti esa qariyb 4,5 mlrd. dollarga baholanmoqda. Shu bois Kuvaytning raqamli infratuzilmani iqtisodiyotga muvaffaqiyatli integratsiyalash borasidagi boy tajribasi biz uchun ayni muddao. Bu “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasining ustuvor maqsadlariga hamohangdir.

Qishloq xo‘jaligini ham aloqalarning istiqbolli yo‘nalishiga aylantirish imkoniyati katta. Deylik, Kuvayt qishloq xo‘jaligi imkoniyatlari cheklangan bo‘lib, oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojning qariyb 94 foizi import hisobidan qoplanadi. Bunday mahsulotlarni ishlab chiqarishda yuqori salohiyatga ega O‘zbekiston esa Kuvayt uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ko‘mak berishi mumkin.

Ayni paytda ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim hamda ilmiy-texnikaviy hamkorlik yil sayin mustahkamlanib, yangi yo‘nalishlarda yanada kengaymoqda. Kuvaytning yetakchi ishlab chiqaruvchilari ishtirokida O‘zbekistonda zamonaviy ilmiy-texnik majmualar, biznes-inkubatorlar va startap akseleratorlarni birgalikda yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish innovatsion g‘oyalar, ixtirolar hamda texnologiyalarni rivojlantirish va tijoratlashtirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Va mazkur tashabbuslar ilmiy izlanishlar samaradorligini oshirish, kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, iqtisodiyotning strategik tarmoqlariga ilg‘or texnologiyalarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Hududlarni rivojlantirish borasida ham O‘zbekiston Kuvayt bilan hamkorlik tajribasiga asoslangan qator loyihalar ustida ishlamoqda. Kuvayt, asosan, raqamli texnologiyalar va “yashil” infratuzilmani integratsiyalashga qaratilgan bir nechta yirik “aqlli shahar” loyihalarini amalga oshirdi. “Aqlli” shaharlar ko‘pincha energiya tejaydigan tizimlar, quyosh panellari va energiya tejovchi qurilmalarga tayanadi. Shu bois O‘zbekistonda “Aqlli shahar” konsepsiyasi ishlab chiqilib, loyiha ijrosi bo‘yicha tajribalar olib borilyapti. Zotan, urbanizatsiya bilan bog‘liq muammolarni hal qilish, ekologik vaziyatni yaxshilash va xavfsizlikni ta’minlashda “aqlli” texnologiyalar muhim o‘rin tutadi.

Ta’kid shuki, Markaziy Osiyo mintaqasiga boshqa davlatlar qatori arab mamlakatlarining qiziqishi kuchaygan, u bozor qonuniyatlari asosidagi sog‘lom hamkorlik doirasida kengayib borishi muqarrar. O‘zbekiston Prezidentining Kuvaytga tashrifi davomida erishiladigan bitimlar, kelishuv va ahdnomalar har ikki davlat va mintaqalarimizning iqtisodiy imkoniyatlari kengayishiga, xalqlarimizning farovonligi oshishiga xizmat qiladi.

Muhiddin PO‘LATOV,

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер