Oʻzbekistonning innovatsion taraqqiyoti va yangilanishi BMT oliy minbarida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 80-sessiyasidagi nutqi bilan tanishar ekanmiz, global ahamiyatga ega bir qator muhim sohalar qatori iqtisodiy rivojlanish, innovatsion tarmoqlar va texnologik sanoat korxonalarini barpo etish, “yashil” energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, kichik biznesni har tomonlama rivojlantirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilganiga guvoh boʻlamiz.
Birinchidan, oʻz chiqishida davlatimiz rahbari Oʻzbekiston BMT tomonidan ilgari surilgan va 2015-2030-yillarga moʻljallangan “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga erishish yoʻlida olgan majburiyatlarga sodiq ekanligini va 2030-yilga borib “daromadi oʻrtadan yuqori” boʻlgan mamlakatlar qatoriga kirish boʻyicha amaliy saʼy-harakatlar olib borayotganini maʼlum qilib oʻtdi. Davlatimiz rahbarining ushbu fikri orqali haqiqatdan ham mamlakatimizda xalqimizning daromadini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish, mamlakatimizda yashayotgan har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan oʻzgartirish, inson qadri va farovonligini oshirish borasida ulkan ishlar amalga oshirib kelinayotganligini koʻrish mumkin. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishilganligini ushbu ishlarning yorqin natijasi sifatida koʻrsatib oʻtish lozim.
Ikkinchidan, soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo mintaqasi doirasida oʻzaro savdo, investitsiyalar va transport tashuvlari hajmi besh barobargacha koʻpaydi. Markaziy Osiyoning besh davlati oʻrtasida qoʻshma investitsiya jamgʻarmalari, chegara hududlarida savdo va sanoat zonalarini tashkil etilmoqda, yirik infratuzilma loyihalari birgalikda amalga oshirib kelinayotganini taʼkidlash joiz.
Mintaqadagi oʻzaro savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnik, texnologik, madaniy-maʼrifiy munosabatlarning yuqori bosqichga koʻtarilishi yoʻlida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan “Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlari” alohida oʻringa ega va davlat rahbarlari ishtirokida har yil oʻtkazilib kelinayotgan mazkur formatdagi uchrashuvlar mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish yoʻlida samarali mexanizmga aylanganini davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo mintaqasining umumiy yutugʻi sifatida qayd etib oʻtdi.
Sh.Mirziyoyev oʻz chiqishida bugungi kunda Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlanganini qatʼiy ishonch bilan aytib oʻtdi. Haqiqatdan ham, soʻnggi 8-9-yil mobaynida Markaziy Osiyo mintaqasida barcha sohalarda kechgan jarayonlarni kuzatar ekanmiz, dastavval Oʻzbekistonda boshlangan ijobiy oʻzgarish va yangilanishlar butun mintaqa hududiga ham tarqalib, mintaqaviy ahamiyat kasb etayotganligi, qoʻshni davlatlarimiz oʻrtasida barcha sohalarda teng va oʻzaro manfaatli asosda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda uni rivojlantirish ehtiyoji yuzaga kelganligini, mintaqa doirasidagi bunday ijobiy hamkorlik bora-bora mintaqaviy integratsiyani yanada chuqurlashtirgani barchaga maʼlum. Shu oʻrinda mamlakatimizda boshlangan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayoni bugungi kunda butun mintaqaga koʻchib, Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni ham boshlangani mintaqa mamlakatlari uchun har tomonlama manfaatli boʻlishi tobora yaqqol namoyon boʻlib bormoqda hamda ushbu ijobiy jarayonlar xalqaro hamjamiyatning ham eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda.
Davlatimiz rahbari BMTning mintaqamizdagi integratsion jarayonlarni qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qilib, Bosh Assambleyaning Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyasini chuqurlashtirishga doir rezolyutsiyasini qabul qilish taklifini ilgari surdi.
Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyoda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilmalari bilan qator yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirishni taklif etdi hamda mintaqaviy integratsiya va umumiy rivojlanishga erishish uchun barcha xorijiy sheriklar bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni kengaytirishga chaqirdi. Bu borada, EKOSOS va YUNKTAD shafeligida Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy taraqqiyoti masalalariga bagʻishlangan xalqaro forum oʻtkazish, YUNIDO bilan sanoatda “yashil” texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil etish, mintaqadagi suv resurslaridan oqilona foydalanish, “yashil” makon barpo etish hamda demografik barqarorlikka erishish boʻyicha dasturlarni qabul qilish kabi dolzarb tashabbuslar ilgari surildi.
Uchinchidan, bugungi tahdidlarga toʻla dunyoda global transport tizimi naqadar zaif ekanligi tobora ayon boʻlib borayotgani, bu muammolar, birinchi navbatda, dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan rivojlanayotgan davlatlarning barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotganiga davlatimiz rahbari tomonidan alohida urgʻu berildi. Ushbu salbiy holatga barham berish uchun xalqaro tranzit koridorlarining xavfsizligini taʼminlash va samarali logistika zanjirlarini yaratish oʻta muhimligi qayd etib oʻtildi hamda bu borada “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun oʻzaro transport bogʻliqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy etish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.
Haqiqatdan ham soʻnggi paytda Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari va unga yondosh hududlar oʻrtasida mintaqalararo transport-logistika sohasida yangi imkoniyatlarni ishga solish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish boʻyicha amaliy harakatlar olib borilmoqda. Bu boradagi ishlar BMTning barqaror transport aloqalari boʻyicha 1-Global konferensiyasi (Ashxobod, 2016-yil noyabr) va 2-Global konferensiyasi (Pekin, 2021-yil oktyabr) maqsadlariga mos keladi.
Shu bilan birga, taʼkidlash joizki, Markaziy Osiyo mintaqasi butun Yevrosiyo qitʼasining katta qismini oʻzaro bogʻlovchi hamda Sharqiy Yevropadan boshlanib Janubiy Osiyo mintaqasidagi Hind okeani portlariga chiquvchi yirik multimodal transport yoʻlagida muhim koʻprik vazifasini oʻtamoqda.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 80-sessiyasidagi nutqi, unda ilgari surilgan taklif-tashabbuslar haqiqatda ham global ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbarining mazkur chiqishi mamlakatimizda soʻnggi yillarda roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlar va yangilanishlarning xalqaro darajada eʼtirof etilishi boʻldi.
Aktam Burxanov,
Oʻzbekiston Milliy universiteti professori,
iqtisodiyot fanlari doktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring