Oʻzbekistonning eng katta xazinasi uning odamlaridir — latviyalik professor

19:26 18 Yanvar 2021 Welcome to uzbekistan
3281 0

Oʻzbekistonning turizm salohiyati yana-da yuksaladi. Bu mazkur yoʻnalishda taʼlim olayotgan zamonaviy, yangi avlod kadrlariga ham bogʻliq.

Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabi (ISMA)ning akademik aloqalar boʻyicha prorektori, professor Yevgeniya DEXTYAR o'z intervyusida shular haqida toʻxtalib oʻtdi.

— Dextyar xonim, Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabi (ISMA)ning Fargʻona shahridagi filiali — viloyatda ochilgan ilk xalqaro oliygoh. U nafaqat Fargʻonada, balki butun respublikamizda zamonaviy turizm va axborot texnologiyalari sohalarining xalqaro talablarga javob bera oladigan yetuk kadrlarini tayyorlaydigan oliy oʻquv yurti sifatida oʻz nufuziga ega.

— ISMAning Fargʻona shahridagi filialini tashkil etganimizga uch yil boʻldi. Hududda turizm va mehmonxona xoʻjaligi sohalarida amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish, xalqaro tadbirkorlik asoslarini oʻrgatish filial faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilangan. Filialda oʻqitish ingliz tilida kunduzgi shaklda amalga oshiriladi. Talabalar axborot texnologiyalari, turizmda boshqaruv va tadbirkorlikni boshqarish yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim oladilar.

Oliygohga 18 nafar latviyalik pedagog bilan birga, 11 nafar mahalliy pedagogni ham jalb qilganmiz. Pedagoglardan rus va ingliz tillarini mukammal bilish, ayniqsa, taʼlim jarayoniga yangi tashabbus va takliflar bilan yondashish, mustaqil oʻquv prinsiplarini yaratish talablari ham qoʻyilgan.

— Sizningcha, tarixiy va meʼmoriy yodgorliklarga boy Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirish istiqbollari qanday?

— Oʻzbekiston — haqiqatan ham Markaziy Osiyoning marvaridi. Uning tarixiy, madaniy boyliklari, ajoyib tabiati, oʻziga xos anʼanalari, hatto milliy taomlarigacha bu zaminda turizmni rivojlantirish istiqbollari baland ekanligini koʻrsatib turadi. Ammo Oʻzbekistonning, xususan, Fargʻonaning eng katta xazinasi — uning odamlaridir. Ommaviy ekskursiyalarni oʻtkazish tajribasi shuni koʻrsatadiki, hududda koʻplab sayyohlik maskanlari tashkil etish mumkin. Eng muhimi, mahalliy aholining qalbida oʻz mamlakatini rivojlantirish uchun barcha imkonlarni ishga solishi, har doim mehmonlarni ochiq yuz bilan qabul qilishga tayyor boʻlish istagidir. Shuning uchun biz mintaqada turizmni rivojlantirishning barcha istiqbollarini baholab, oʻz filialimizni Fargʻonada ochdik. Ishonchimiz komilki, oʻzbek xalqining betakror urf-odatlari, meʼmoriy yodgorliklari, oʻziga xos rangin tabiati, barcha-barchasini oʻzida jam etgan turistik loyihalar Oʻzbekiston turizmini Yevropa boʻylab targʻiboti yoyilishiga xizmat qiladi.

Toʻgʻri, Fargʻona Oʻzbekistonning eng mashhur durdona shaharlari — Buxoro, Samarqanddan biroz uzoqlikda joylashgan. Shuning uchun ham bu mintaqa alohida sarmoyalar va marketing targʻibotiga muhtoj. Hududning transport infratuzilmasi yaxshi rivojlangan. Biroq turistik maʼlumot punktlari yoʻqligi tashrif buyuruvchilarga noqulaylik tugʻdiradi. Demak, Fargʻona vodiysining turizm sohasidagi malakali menejerlarga boʻlgan ehtiyoji, qolaversa, fargʻonalik yoshlarning mazkur sohaga qiziqishlarini koʻrib, oliygoh filialini tashkil etish masalasida adashmaganimizni angladik. “Turizmda biznesni boshqarish”, “Biznesni boshqarish” va "Axborot tizimlari» dasturlari asosida nafaqat vodiy, balki Toshkent, Samarqand, Xorazm, Qoraqalpogʻistondan yoshlar kelib, tahsil olishadi. Shubhasiz, Oʻzbekistonning turizm salohiyatini rivojlantirish sohada taʼlim olayotgan yangi avlod kadrlariga ham bogʻliqdir.

— Xalqaro turizm kuzatuvchisi, yangi turistik dasturlar muallifi sifatida ayting-chi, yurtimizda ushbu daromadli sohani yana-da rivojlantirish uchun qanday choralar koʻrish kerak?

— Oʻzbekistonning diqqatga sazovor joylarga boy ekanligining oʻzi Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan keluvchi sayyohlarning katta oqimi uchun yetarli yemas. Hududda uchta muhim narsa: yangicha infratuzilma, tashqi bozorga chiqish va malakali kadrlar tayyorlashga sarmoya kiritishdan choʻchimaslik kerak. Infrastruktura zamonaviy yoʻllar, havo va temiryoʻl kommunikatsiyalari mavjudligini, keng imkoniyatli, shu jumladan, zanjirli mehmonxonalar, SPA xizmatlari, restoranlar barpo etishni, shuningdek, har bir hududda yuqori tezlikda ishlaydigan internet aloqa maydoni yaratishni nazarda tutadi. Biz ushbu yoʻnalishlarda Oʻzbekiston qanday jadal qadamlar bilan oldinga intilayotganini koʻrib turibmiz va yaqin kelajakda mamlakat bu borada salmoqli yutuqni qoʻlga kiritishiga aminmiz.

— Oʻzbek yoshlari, xususan, ularning bilim darajasi toʻgʻrisida qanday fikrdasiz? Latviya yoshlaridan farq qiladimi?

— Latish va oʻzbek yoshlari oʻrtasida sezilarli farq borligini yashirmayman. Sovet davridan meros qolgan umumiy oʻtmishimiz bizning rivojlanish yoʻlimizni koʻp jihatdan oʻxshash qilishiga qaramay, Boltiqboʻyi mentaliteti biroz boshqacha. Yaʼni, biz toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzimiz nima deb oʻylasak, shuni bajaramiz va shuncha kam mavhum muloyim iboralarni ishlatamiz. Shaxsan men oʻzbekistonlik yoshlarning odob-axloqi, xushmuomalaligi, kattalarga boʻlgan hurmati, sharqona tarbiyasini koʻrib hayron qolganman. Ularning yangi bilimlarni oʻzlashtirishga ishtiyoqi ham havas qilsa arzigulik. Men, hatto, ISMAning Fargʻona shahridagi filialidagi darslarim jarayonida 3-4 oy ichida ingliz tilini toʻla oʻzlashtirib olgan yoshlarni koʻrdim. Oʻzbek yoshlarining shijoati, intiluvchanligiga latish yoshlariga xos tashabbuskorlik, izlanuvchanlikni uygʻunlashtirsak, ular katta yutuqlarga erishishlari aniq.

— Aytgancha, birinchi marta kelganingizda mamlakatimiz, xususan, Fargʻona sizda qanday taassurot qoldirgan edi?

— Nafaqat men, balki ISMA oʻqituvchilarining aksariyati oliygohimizning Fargʻonadagi filialida navbatma-navbat pedagogik faoliyat olib bordik. Oʻzim va latviyalik hamkasblarim nomidan bemalol ayta olamanki, biz Oʻzbekiston, Fargʻonani yaxshi koʻrib qoldik. Chiroyli landshaftlar, yorqin quyosh, oʻziga xos rang va, eng muhimi, odamlarning iliq munosabatlari qalblarimizni ijobiy taassurotlarga toʻldirdi.

— Yurtdoshlarimiz, xususan, Fargʻona yoshlariga tilaklaringizni ham qabul qilsak.

— Aziz doʻstlar! Oʻtayotgan yilda butun dunyo ogʻir sinovli kunlarni boshdan kechiryapti. Bir necha yil ichida pandemiya bilan bogʻliq barcha muammolar oʻtmishda qolishiga aminmiz. Mamlakatingiz butun dunyoga oʻzini ochmoqda. Tilagim — oʻz imkoniyatingizdan foydalaning, istiqbolli kasbni egallang va olingan barcha bilimlarni butun oʻzbek xalqi manfaati uchun ishlating. Yangi yilda esa, avvalo, Yer yuzida tinchlik va omonlik, davlatlararo doʻstlik va birdamlik barqaror boʻlishini istaymiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер