Oʻzbekistonlik murabbiy qirgʻizistonlik bokschiga sekundantlik qildi. Qirgʻiziston oʻz tarixida birinchi marta boksda medal oladi (video)

16:23 05 Avgust 2024 Sport
337 0

Qirgʻiz Respublikasi vakili Munarbek Seyitbek boks boʻyicha -57 kg vazn toifasida yarim finalga chiqdi. Bu haqda “Kaktus media” nashri xabar berdi.

Gap shundaki, qoʻshnilarimiz Parijdagi Olimpiya oʻyinlarida oʻzbekistonlik murabbiy ularning bokschisi Munarbek Seyitbek oʻgʻliga sekundantlik qilgani uchun minnatdorchilik bildirishmoqda.

Maʼlum boʻlishicha, qirgʻizistonlik bokschining shaxsiy murabbiyi akkreditatsiya olishga ulgurmagani uchun Olimpiadaga kela olmagan. Oʻzbekistonlik tajribali murabbiy Akmal Hasanov esa qoʻshni mamlakat bokschisiga oʻz koʻrsatmalarini berib, medal olishiga hissa qoʻshgan.

Video lavhada Hasanovning Munarbekka oʻzbek tilida koʻrsatma berayotganini koʻrish mumkin. Ushbu jangda qoʻshni yurt vakili AQSHlik Jamol Harvey ustida 3:2 hisobida gʻalaba qozondi.

Shu tariqa, u eng kamida bronzani qoʻlga kiritadi. Yarim finalda Munarbek bolgariyalik Xaviyer Ibanez Diazga qarshi ringga koʻtariladi.

Qayd etish kerakki, ayni vazn toifasidagi ikkinchi yarim finalda oʻzbekistonlik Abdulmalik Halakov ham jang qiladi.

Maʼlumot uchun aytish mumkinki, Qirgʻiziston bokschilari 1996-yildan buyon Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etib kelishadi. Munarbek Seyitbek oʻgʻligacha qirgʻiz bokschilar orasidagi eng yaxshi natija “Sidney-2000” Olimpiadasida 8-oʻrin edi.

Avvalroq, oʻzbekistonlik soʻnggi bokschi qiz ham Olimpiadani tark etgani haqida xabar berilgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?