Oʻzbekistonlik harbiylar AQSH Milliy gvardiyasining maxsus boʻlinmalari harbiy xizmatchilarini magʻlub etib, nufuzli musobaqa gʻolibi boʻlishdi

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari kichik serjant Abdullayev Alishox va III-darajali serjant Jovkashev Shoxrux joriy yilning 17–20-mart kunlari AQSHning Missisipi shtatidagi “Camp Shelby” harbiy-oʻquv bazasida oʻtkazilgan “Eng ilgʻor jangchi–2025” musobaqasida munosib ishtirok etishdi.
Xalqaro harbiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va maxsus boʻlinmalarda xizmat qilish nufuzini oshirish maqsadida tashkil etilgan mazkur nufuzli musobaqada oʻzbekistonlik harbiylar AQSH Milliy gvardiyasining maxsus boʻlinma vakillari bilan kuch sinashdi.
Musobaqa doirasida harbiy xizmatchilar yakka tartibda jismoniy tayyorgarlik sinovlari – Fitnes test, ruhiy bosim ostidagi sinovlar, tunda 15 kilometrga yoʻnalish olish, 15 kilogramm yuk bilan 20 kilometr marsh yugurish, harbiy va umumiy tayyorgarlik boʻyicha testlar, harbiy hamkorlik mavzusida insho yozish kabi shartlarda bellashdilar.
Shuningdek, artilleriya olovini boshqarish, AQSH qurollarini qismlarga ajratish, yigʻish va ulardan foydalanish, tibbiy tayyorgarlik, kimyoviy xavfga qarshi himoyalanish hamda kutilmagan topshiriqlarni bajarish boʻyicha sinovlar ham boʻlib oʻtdi.
Jamoaviy bahslarda oʻzbekistonlik harbiylar 15 kilogramm yuk bilan 20 kilometr masofani 1 soat 50 daqiqada bosib oʻtishdi. Yakka tartibdagi bahslarda esa III-darajali serjant Jovkashev Shoxrux 3 kilometr 219 metrni 11 daqiqa 18 soniyada yugurib oʻtdi. Kichik serjant Abdullayev Alishox esa 250 metr masofada majmuaviy harakatlarni 1 daqiqa 18 soniyada bajardi hamda 5 kilogramm ogʻirlikdagi toʻpni 12,3 metrga uloqtirib, yuqori natijalarga erishdi. Har ikki harbiy xizmatchi barcha shartlarda musobaqa rekordini yangilagan holda yuksak natijalarga erishdi.
Musobaqa yakunida Oʻzbekiston vakillari maxsus sovrin bilan taqdirlandilar. Bu ularning ushbu musobaqada ilk muvaffaqiyati emas. 2019-yildan buyon har yili “Eng ilgʻor jangchi” musobaqasida qatnashib kelayotgan oʻzbekistonlik harbiylar doimiy ravishda yuqori natijalarga erishib, ishtirokchilar orasida mutlaq ustunlikni qoʻlga kiritib kelishmoqda.
Gʻoliblar 23-mart kuni Toshkentdagi Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda tantanali ravishda kutib olindi. Marosimda harbiylarning yutugʻi Oʻzbekiston mudofaa tizimida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning samarasi ekani taʼkidlandi. Ushbu yutuq mamlakatimiz harbiy salohiyatining tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring