O‘zbekistonlik 11 nafar hunarmand ilk bor dunyoga mashhur “Homo Faber” loyihasi ro‘yxatiga kiritildi

21:33 31 May 2023 Madaniyat
1066 0

Foto: «Xalq so‘zi»

Ko‘hna Buxoroda xalqaro Mikenlanjelo jamg‘armasi O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlikda birinchi marta xalq amaliy san’ati ustalari uchun seminar va mahorat saboqlari tashkil etdi. Tadbirning “Ko‘kaldosh” madrasasida bo‘lib o‘tgan marosimida o‘zbekistonlik 11 nafar hunarmand Markaziy Osiyoda ilk bor dunyoga mashhur “Homo Faber” loyihasi ro‘yxatiga kiritilgani alohida ta’kidlandi. Bu yerda ushbu loyihaning yurtimizga oid bobi taqdimoti o‘tkazildi.

- O‘zbekiston, jumladan Buxoro azal – azaldan hunarmand ustalar yurti bo‘lib kelgan, - deydi Mikelanjelo jamg‘armasining ijrochi direktori Alberto Kavalli. - Ko‘hna Buxoroning qay bir go‘shasiga bormang, o‘tmish nafasini his etasiz. Bu yerda ustazodalar ota – bobolaridan meros hunarlarni asrab – avaylab kelishayotganini, shogirdlar tayyorlashayotganini ko‘rish yoqimli. Biz hunarmandchilik hayotni o‘zgartirishi mumkin, degan tamoyil asosida ishlab, o‘zbek xalq amaliy san’ati ustalarini hamkor tashkilotlar bilan har tomonlama qo‘llab – quvvatlash, rag‘batlantirish, ularning qo‘l mehnati mahsuli bo‘lgan asarlarini dunyoga tanitish, tadqiqot ishlarini olib borish niyatidamiz. “Homo Faber Guide” sayti orqali milliy hunarmandchilik an’analarining virtual makondagi namoyishi ham dunyo ahlini befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz.

Marosimda so‘z olganlar o‘zbek xalq amaliy san’ati boy madaniy merosimizning ajralmas bir qismi sifatida e’tirof topayotganini ta’kidladilar. Ikkala jamg‘arma o‘rtasidagi hamkorlik qo‘l mehnatiga asoslangan hunarlarni asrab – avaylash, ularni kelgusi avlodlarga yetkazishda qo‘l kelishiga ishonch bildirdilar. 

Aytish joizki, Mikelanjelo ijodkorlik va hunarmandchilikni qo‘llab – quvvatlash jamg‘armasi qarorgohi Jenevada joylashgan. U notijorat tashkilot sanaladi. Jamg‘arma butun dunyo bo‘ylab hunarmandlarni bag‘rikeng va barqaror kelajak uchun qo‘llab – quvvatlaydi. Hunarmandchilik, san’at va dizaynning har xil turlarini ko‘z ilg‘amas rishtalar bilan bog‘liq jihatlariga e’tibor qaratadi. Uslublar xilma – xilligini saqlab qolishga intiladi. Maxsus xalqaro ta’lim dasturiga ega. U xalqaro ko‘rgazmalar tashkilotchisi sifatida ham tanilgan. 

Aytmoqchi, loyiha doirasida bugun hunarmandlar uchun mahorat saboqlari, madaniy tadbirlar tashkil etildi. 
Mikelanjelo jamg‘armasi mas’ullari Samarqandda ham xuddi shunday uchrashuv va muloqotlar o‘tkazishni rejalashtirishgan. 

Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер