Oʻzbekistondagi megaloyiha: 2000 dan ortiq olimlar olamshumul tuhfa tayyorlashyapti

Foto: “Xalq soʻzi”
Joriy yil yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish ishlari yakuniy bosqichga yetgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, jarayon bilan tanishgan edi. Davlat rahbari tashrifidan soʻng berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida mart oyida Markaz Vasiylik Kengashining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Vasiylik Kengashi raisi – Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida oʻtgan kengaytirilgan yigʻilishda Markaz ekspozitsiyasini boyitish, ilmiy va innovatsion loyihalarni amaliyotga joriy etish hamda ijtimoiy-maʼrifiy va ilmiy-amaliy maskan sifatidagi faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilingandi.
Ushbu yigʻilishda belgilangan vazifalardan kelib chiqib sentyabrda ochilishi kutilayotgan Markazda Maxsus shtab faoliyat yuritayotgan boʻlib, 10 ta yoʻnalish boʻyicha Ishchi guruhlar muhokamalar oʻtkazib kelmoqda. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kengaytirilgan Ilmiy kengashining navbatdagi yigʻilishi ham qizgʻin munozaralar ostida oʻtdi. Unda Kengash aʼzolari, ishchi guruh rahbarlari, jumladan, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori, professor Bahrom Abduhalimov, akademik Akbar Hakimov hamda Markaz rahbariyati va xodimlar ishtirok etdi.
Kengash yigʻilishida Markaz ekspozitsiyasi yoʻnalishlari, Islom sivilizatsiyasi markazi binosi tarkibidagi Anjumanlar zali vestibyuli uchun tavsiya etilayotgan rang-tasvir asarlari konsepsiyasi, Markaz muzey kutubxonasi fondini boyitish kabi qator masalalar hamda loyihalarni amalga oshirishdagi texnik topshiriqlar muhokama qilindi.
Xususan, yigʻilishda Markazning tashrif qogʻoziga aylanishi kutilayotgan “Yangi Oʻzbekiston – Uchinchi Renessans poydevori” ekspozitsiyasining boʻlimlari soni 7 tadan 9 taga oshirilishi maʼlum qilindi. Yangi qoʻshilgan boʻlimlarda Oʻzbekistonning tashqi siyosatdagi faolligi va tashabbuslari hamda yoshlar qoʻlga kiritayotgan yutuqlar, ularga yaratilayotgan imkoniyatlar va natijalar ramziy aks ettiriladi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanovning maʼlum qilishicha, markaz faoliyati bilan aholi vakillarini yaqindan tanishtirish maqsadida viloyatlarga maxsus “Maʼrifat karvoni” yuboriladi. Ular joylarda targʻibot, tashviqot va tushuntirish ishlarini olib borishadi. “Tamaddun, madaniyat va maʼrifat” mavzusida “Maʼrifat karvoni” ilmiy-maʼrifiy va madaniy targʻibot tadbirlari joriy yilda ham Markaz bilan hamkorlikda koʻtarinki ruhda amalga oshirilishi maʼlum qilindi.
Yigʻilish davomida markaz bosh ilmiy xodimi Zohidulla Munavvarov “Anjumanlar zali vestibyuli uchun tavsiya etilayotgan rang-tasvir asarlari konsepsiyasi”ni taqdimot qildi.
Maʼlumki, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasining barcha boʻlimlaridan “Vaqt devori”ga oʻrin ajratilgan. Uning quyi qismida oʻsha davrda kuzatilgan yutuqlar, ilmiy kashfiyotlar yoritiladi. Yuqori qismi uchun mahobatli rang-tasvir asarlari yaratiladi.
Xususan, “Ikkinchi Renessans davri” ekspozitsiyasining davlatchilik tarixiga bagʻishlangan “Vaqt devori”da Amir Temur davlatchiligi, uning davrida roʻy bergan muhim oʻzgarishlar, temuriylar davrida davlat va jamiyat boshqaruv tizimi, ilm-fan va madaniyatning rivojlanishi, boburiy hukmdorlar davridagi voqealar, tarixiy shaxslar miniatyura orqali kompozitsiyada, shuningdek, davr tarixi solnomasi monitorlarda namoyish etiladi.
Solnoma Amir Temurning hokimiyat ustiga kelishidan boshlab, xonliklar davrining soʻngiga qadar yurtimizda roʻy bergan yutuqlar va kashfiyotlarni aks ettiradi. Yuqori qismidan esa shu jarayonlarning badiiy talqini oʻrin oladi. Aynan shu davrda yurtimizda miniatyura sanʼati yuqori darajada rivojlangan. Taʼkidlash joizki, kengaytirilgan Ilmiy kengash qarori bilan bu davrda kechgan jarayonlarning mazmun-mohiyatini oʻzida mujassamlashtirgan miniatyuralardan toʻplam yaratish, eng nodirlarini saralab olib, taqdim etishga kelishib olindi.
Markaz muzey ekspozitsiyasi fondi kutubxonasi fondini boyitish va texnik topshiriqlar yuzasidan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxona direktori taqdimoti tinglandi. Unga koʻra markaz kutubxonasi, nafaqat mahalliy, qolaversa, xorijiy kitobxonlarga ham xizmat koʻrsatadi. Shuningdek, Markaz kutubxonasida alohida bolalarga ajratilgan boʻlim boʻlib, u faqatgina markaz xodimlari bolalariga emas va tadqiqotchilar, kutubxonachilar farzandlariga ham xizmat qiladi.
“Kitoblar ochiq fondlarda saqlanadi. Javonlarda ham oynalar boʻlmaydi. Kitoblardan kitobxonlar bemalol foydalana oladi. Bu yerda kitobxon oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatadi. Kutubxonada nodir kitoblar boʻlishi koʻzda tutilmoqda. Ulardan foydalanishda ham biror bir cheklov qoʻyilmaydi. Kitoblar muhofazasiga alohida eʼtibor qaratilib, ularni bakteriyalardan himoya qiluvchi maxsus uskunalar oʻrnatiladi. Kutubxonaning bosma fondi 30 ming, elektron fondi 350 ming kitobdan iborat boʻladi. Bundan tashqari hali fond tasarrufiga kiritiladigan kitoblar mavjud. Markaz kutubxonasi qoshida birinchi marotaba tor ixtisoslik yoʻnalishida manbashunoslik oʻquv kursi yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Markaz kutubxonasi fondidan Lui Brayl yozuvidagi boʻrtma nuqtali kitoblar va audio kitoblar oʻrin oladi. Kutubxona keng qamrovli, zamonaviy shu bilan birga xorijiy mehmonlarga ham xizmat qilishi kutilmoqda”, – dedi Umida Teshaboyeva.
Markazda sifat jihatdan jahon standartlariga mos keladigan nashriyot boʻlishi reja qilinmoqda. Unda keyinchalik ham Markaz fondini boyitadigan kitoblar va Oʻzbekiston madaniyati va tarixiga oid kitoblar, foto-albomlar, qoʻllanmalar chop etilishi koʻzda tutilgan.
Shuningdek, yigʻilishda vitrina, mulyajlar, maket va faksimilelarga buyurtma berish boʻyicha ishchi guruh Nizomi loyihasi taqdimot qilindi. Maʼlum qilinishicha, Markaz ishchi guruhi tomonidan 1000 ta eksponat katalogi yaratilgan. Ularning sonini 2000 ga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini muzeylashtirish, nodir artefaktlar toʻplash va ularning mulyajlarini yasash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Eksponatlar Markazga shunchaki joylashtirilmaydi. Ular uchun xorij standartlari asosida yasalgan maxsus vitrinalar hozirlanadi. Hozir vitrinalarga buyurtmalar berish boʻyicha ish olib borilmoqda. Buning uchun avvalo, eksponatlar sonini bilish kerak. Shu maqsadda Markaz tomonidan tuzilgan ishchi guruh yordamida eksponatlar katalogi yaratildi.
“Vitrinalar tanlanayotganda eksponatlarni saqlash, namoyish etish va koʻchirish uchun qulay boʻlishiga ahamiyat qaratilmoqda. Vitrinalarni yasash uchun xorijning nufuzli kompaniyalari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi. Mahalliy olimlar vitrinalarning shakli va rangi boʻyicha turli fikrlar bildirishyapti. Biz barcha fikrlarni umumlashtirib, ekspozitsiyamiz uchun eng muqobilini tanlab olamiz”, – dedi Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi Alisher Egamov.
Yigʻilishda maʼlum qilinishicha, Markaz uchun yasalgan vitrinalar koʻchma koʻrgazmalar oʻtkazish uchun ham qulay boʻlib, muzey fondlari turli hududlarda namoyish etilishi taʼminlanadi. Yigʻilishda shu kabi oʻnlab masalalar muhokama etildi.
Eslatib oʻtamiz, davlat rahbarining Oʻzbekistondagi megaloyiha – Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ajdodlarimizning dunyo tamadduniga qoʻshgan hissasini keng miqyosda koʻrsatib berish, yoshlarimizning ana shu buyuk tarixiy merosga sadoqat ruhida tarbiyalash, kelgusida bu noyob zamonaviy maskanda turli ilmiy muhokamalar, bahs-munozaralar oʻtkazish, dolzarb gʻoya va kashfiyotlarni ilgari surish, yangi ilmiy kontentlar ishlab chiqish uchun barcha sharoitlar yaratilishi, uning maʼno-mazmunini yanada boyitish va takomillashtirish boʻyicha bergan zarur koʻrsatmalaridan kelib chiqib, markaz ekspozitsiyasini mazmunli kontentlar, tarixiy artefaktlar va mulyajlar bilan boyitish maqsadida 2000 dan ortiq mahalliy va xorijlik olimlar, mutaxassislar birlashgan. Jami 800 dan ziyod loyihalar ishlab chiqilib, 3 bosqichda amalga oshiriladi. Ayni paytda dastlabki bosqich boshlangan, unda 400 dan ortiq loyihalar ustida Ilmiy kengash aʼzolari bilan maslahatlashgan holda ishlar jadal olib borilyapti.
Ayni kunlarda esa 2000 dan ortiq mahalliy va xorijlik olimlar, mutaxassislar ishtirokida Oʻzbekistondagi megaloyiha – Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasidan oʻrin oladigan, Ilmiy kengash yigʻilishlarida muhokama qilinib, maʼqullangan loyihalar boʻyicha shartnomalar imzolanmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Milliy sertifikat imtihoni natijalari 21 ish kuni ichida e’lon qilinadi — Bilimni baholash agentligi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Ichki ishlar vaziri Buxoro viloyati IIBning 10 ga yaqin rahbarini ishdan boʻshatdi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Yangi hafta avvalida qanday ob-havo kuzatilishi maʼlum qilindi
- “Qutadg‘u bilig” dostoni qo‘lyozmasining faksimile nusxasi yaratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring