Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Mirzo Ulugʻbekning saroy kutubxonasiga bagʻishlangan burchak tashkil etiladi

Foto: Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini ekspozitsiyalar bilan boyitish jarayoni davom etmoqda. Jumladan, Mirzo Ulugʻbek davri saroy kutubxonasi boy ilmiy va maʼnaviy merosiga bagʻishlangan maxsus burchak tashkil etilishi ham koʻzda tutilgan. Kutubxona tarixan mukammal oʻrganilib, u haqidagi barcha manbalar yigʻilmoqda. Mirzo Ulugʻbekning ilmiy merosi, qoʻlyozmalari toʻplanadi va ekspozitsiya fondlari orasidan ularning faksimil nusxalari joy oladi. Bu haqda ushbu Markaz axborot xizmati maʼlum qildi.
Xabarda qayd etilishicha, Sharqda saroy kutubxonalari, nafaqat, ilm-fan, madaniyat va maʼrifat maskani, qolaversa hukmdorlar yashaydigan qarorgoh ham boʻlgan. Mirzo Ulugʻbekning saroy kutubxonasi oʻrta asrlar Sharq olamidagi eng nufuzli ilmiy markazlardan biri boʻlgan. Bu kutubxona Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyatni rivojlantirishga katta hissa qoʻshgan boʻlib, Ulugʻbekning shaxsiy tashabbusi bilan tashkil etilgan.
Kutubxona fondi nodir va kamyob kitoblar bilan toʻldirilgan. Ziyo maskanida astronomiya, matematika, falsafa, tibbiyot, tarix va boshqa fanlarga oid noyob qoʻlyozmalar jamlangan. Unda Sharq va Gʻarb olimlarining mashhur asarlari saqlangan.
Bu kutubxona Oʻrta Osiyoda ilm-fan taraqqiyotida muhim oʻrin tutgan. Kutubxona faqat kitoblar jamlangan joy emas, balki astronomlar, matematiklar va boshqa ilmiy xodimlar uchun oʻziga xos tadqiqot markazi boʻlgan. Ulugʻbekning oʻzi ham bu yerda ilm bilan shugʻullangan. Atrofiga zamon olimlarini yiqqan. Temuriylar hukmronligi zaiflashganligi Mirzo Ulugʻbek kutubxonasiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazgan. Fonddagi noyob kitoblarning aksariyati yoʻqolgan.
Ulugʻbek vafotidan soʻng uning Samarqanddagi 15 ming kitobdan iborat mashhur kutubxonasi xavf ostida qoladi. Kutubxonani “oʻz davrining Ptolomeyi” nomini olgan Ali Qushchi saqlab qolgan. Kutubxonadagi kitoblarning koʻp qismini Ali Qushchi Samarqand yaqinidagi Hazrat Bashir qishlogʻiga koʻchirgan. Koʻp oʻtmay, oʻzi ham taʼqiblarga uchrab Samarqandni tark etgan. Hozirgi kunda uning asl oʻrni va qoldiqlari haqida aniq dalillar mavjud emas. Uning Samarqanddagi Ulugʻbek madrasasi hududida joylashgani taxmin qilinadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring