Oʻzbekistonda yashash brendga, biznes yuritish trendga chiqadi

02:30 15 May 2020 Iqtisodiyot
2633 0

Zamonamiz qahramonlari. Ular kimlar? Qanday fazilatlari bilan alohida ajralib turadi? Bugun qaysi toifadagi kishilarni qahramonlar safida eʼtirof etish mumkin?

Aslida, ularni uzoqdan izlashga hojat yoʻq...

“Romitan tumanida ish izlab Rossiya yo Qozogʻistonga borayotganlar deyarli qolmadi hisob. Qishloq yigitlari klas­terda ishlab, jaraq-jaraq pul topyapti. Birgina bizning hududdan 115 nafar kishi “BCT Cluster”da ish bilan taʼminlandi...”

Bundan 2 yil burun “Qumrabot” MFY ­raisi Qobil Kamolovning shu gaplarini eshitganda, ochigʻi, ishonmagandik. Buning uchun asoslarimiz bor edi-da! Bilishimizcha, tumandagi paxtachilikka ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaliklarida doimiy ishchilar soni 436 nafar boʻlib, ularning maoshi 450 ming soʻmga ham yetmasdi.

Tumandagi 8 ming gektar ekin may­doni klasterga berilgach, aholining 4000 nafari ishga qabul qilinibdi. Eʼtiborlisi, mavsumiy ishlarga emas, yil — oʻn ikki oy mehnat qilib, oʻrtacha 2 million soʻmdan oylik maosh olishayotgan ekan. Bu hali hammasi emas. Klasterda yetishtirilgan paxta tolasini chuqur qayta ishlaydigan Buxorodagi toʻqimachilik kombinatida yana 1500 kishi ish bilan taʼminlangan. Agar bunga tez orada foydalanishga topshirilishi koʻzda tutilayogan chigitni qayta ishlash zavodida ­yaratiladigan ish oʻrinlarini ham qoʻshadigan boʻlsak, klaster qishloq joylardagi bandlik masalasini taʼminlashda asosiy kuchga ­aylanib borayotganini ­ilgʻash qiyin emas.

— Prezidentimizning gʻoyasi asosida agrosanoat tizimida joriy qilingan ishlab chiqarishning klaster usuli mohiyatan xalqni boy, elni farovon qilishga qaratilgan, — deydi mam­lakatimizdagi qaldirgʻoch klaster ­rahbari, senator Murtazo Rahmatov. — Soʻnggi uch yillikdagi eng muhim yangiliklardan biri boʻlgan mahsulot yetishtirish va uni chuqur qayta ishlashning zanjirsimon usuli, birinchi navbatda, qishloq odamlarining hayot darajasini koʻtarishga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega.

Taniqli tadbirkorning aytishicha, bunga qishloq xoʻjaligini sanoatlashtirish orqali tezroq erishish mumkin. Sababi agrar tarmoqning oʻzidan yuqori daromad olishning imkoni yoʻq. Xususan, paxtachilikda qoʻshimcha qiymat ishlab chiqarishning yakuniy bosqichida yaratiladi. Shuning uchun u fermerlar bilan shartnoma ­imzolab, tayyor xom ashyoni qabul qilishga asoslangan oson yoʻlni tanlamadi. Paxta yetishtirishni ham, uni qayta ishlashni ham bir tizim — klasterga jamlab, olingan foydaning maʼlum qismini ishtirokchilar oʻrtasida taqsimlashni yoʻlga qoʻydi. Bundan dalada mehnat qilgan ­dehqonu suvchidan tortib, menejergacha oʻz ulushini olayotgani eʼtiborga molikdir.

Tadbirkorlar olimi, olimlar tadbirkori

Murtazo Rahmatovni yaqindan bilganlar uni xuddi shunday taʼriflashadi: tadbirkorlar olimi, olimlar tadbirkori. Negaki, iqtisodiyot fanlari doktori nazariya va amaliyotni uygʻunlikda olib borayotgan kam sonli ishbilarmonlar sirasiga kiradi. Ne ajabki, uning “Korxonalar foydasi va uning taqsimlanishi” mavzuidagi nomzodlik ilmiy ishida ilgari surilgan gʻoyalar bugun klasterda toʻla-toʻkis oʻz inʼikosini topdi. Buni u Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshlab bergan islohotlarning yangi bosqichi bilan bogʻlaydi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi tufayli Oʻzbekiston ­dunyoga ochildi. Tadbirkorlar, investorlar dardi tinglanib, biznes yuritish uchun ishonchli huquqiy himoya va erkinlik yaratildi. Ahamiyatlisi, bu jarayon izchil davom ettirilib, biznes yuritishda duch kelinayotgan gʻovlar bosqichma-­bosqich olib tashlanmoqda.

Yashirishning hojati yoʻq, ishbilarmonlar “yugur-yugur”lardan charchagandi. Idorama-idora yurishdan esa zada boʻlib ketgani ham bor gap. Ana shunday murakkab bir paytda Prezident etib saylangan Shavkat Mirziyoyev yangilanishlarni iqtisodiy islohotlarni liberallashtirishdan boshladi. Jumladan, tadbirkorlarga erkinlik berish, ularning ishiga huda-behuda aralashmasdan, aksincha, yordamlashish, rostmana qulay ishbilarmonlik muhiti yaratishga kirishdi. Bu esa chet ellik investorlarda Oʻzbekiston bozoriga katta qiziqish uygʻotgan boʻlsa, oʻz biznesini xorijda yuritayotgan yurtdoshlarimizda islohotlarga ­daxldorlik hissini yana-da kuchaytirdi. Natijada ular Vatanga qaytib, yirik loyihalar ijrosiga kirishib ketishdi.

Murtazo Rahmatov iqtisodiy taraqqiyotimizga munosib hissa qoʻshishga intilayotgan ana shunday fidoyi yurt farzandlaridan biridir. U dastlab Buxoro viloyatida “BCT Cluster” paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyatini yoʻlga qoʻygan boʻlsa, oradan bir yil oʻtib, aniqrogʻi, 2018-yilda Quyi Chirchiq tumanida “TCT Cluster”ni tashkil etdi. Bugungi kunda ikkala klaster jamoasi aʼzolarining safi 12 ming kishiga yetdi.

Ishonasizmi, dastlabki kezlarda Quyi Chirchiqda mexanizator topilmagani tufayli Sirdaryodan ishchilar jalb qilishga majbur boʻlingan. Endilikda klaster mashina-traktor parkidagi 2500 dan ortiq qishloq xoʻjaligi texnikalari va agregatlarini mahalla yigitlari boshqaryapti. Xususan, 25 ta paxta terish mashinasini ham.

— Turkiyada “Keys” texnikalarini haydayotgan edim, — deydi operator Ruslan Fayzulin. — Klasterga shu rusumdagi paxta terish mashinasi olib kelinib, operatorlarga yaxshi haq berishayotganini eshitib, oʻtgan mavsumda Turkiyadan qaytib keldim. Oilam bagʻridaman. Topish-tutishim ham yomon emas. 4 million soʻm maosh olyapman. Bundan xabar topgan boshqa hamkasblarim ham chet ellardan kelishmoqda.

Ishlagan odam qayerda boʻlmasin, yaxshi yashashi, toʻq va farovon hayot ­kechirishi kerak. Bu soʻzlar klaster ishchi-xodimlarining shioriga aylangan. Binobarin, jamoa yetakchisi koʻp bora taʼkidlaganidek, hech bir davlat, hech bir millat, qoʻyingki, hech bir kishi qattiq ishlamasdan boy boʻlmaydi. Qaysi sohada boʻlmasin, oʻz kasbiga mehr qoʻyib, sidqidildan mehnat qilsa, albatta, samarasini koʻradi. Xalqimiz topib aytgan: mehnatsiz ­rohat boʻlmaydi.

Aytish kerakki, Murtazo Rahmatov biznesga tasodifan emas, aksincha, katta hayot maktabi, uzun ilm yoʻlini bosib kelgan. 1989-yilda Cankt-Peterburg davlat iqtisodiyot va moliya universiteti (Rossiya)da nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagach, bamisoli ilm ummoniga shoʻngʻib ketadi. Dastlab Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (Rossiya) qoshidagi Xalqaro biznes maktabida, London til va biznes maktabi (Buyuk Britaniya)da, soʻng Neshvill xalqaro instituti (AQSH)da tahsil oladi. Pirovardida 1998-yilda Cankt-Peterburg davlat iqtisodiyot va moliya universitetida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlaydi.

Bugungi biznes faoliyatida ham ilmga tayanadi, amaliyotga ilgʻor innovatsiyalarni qoʻllashga intiladi. Buning samarasi oʻlaroq, Germaniya, AQSH, Janubiy ­Koreya, Shveysariya, Belgiya, Yaponiya singari davlatlarning dunyoda yetakchi kompaniyalarida ishlab chiqarilgan eng ilgʻor uskuna va dastgohlar bilan jihozlangan, oʻzida yigiruv, boʻyash, toʻqimachilik, matoga ishlov berish va tikuvchilik fabrikalarini birlashtirgan zamonaviy majmuani bunyod etishga muvaffaq boʻldi. Mazkur yirik korxona jamoasi orasida 15 ga yaqin fan nomzodlari va doktorlari, akademik borligi, shuningdek, ilmga tashna yoshlar mehnat qilayotgani muvaffaqiyat eshiklarini ochmoqda.

“Bizga havas bilan qarashadi”

Qiziq, nega ayrim mamlakatlar boy boʻlsa, boshqalari kambagʻal? Bir guruh olimlar yer osti boyliklari koʻp mintaqadagi mamlakatlar boy boʻladi, deb hisoblaydi. Ammo bugun iqtisodiyoti hammadan ilgarilab ketayotgan Singapur, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy yer usti yoki yer osti boyliklarining koni emas-ku?!

Boshqalarning nazdida, qadimdan sivilizatsiya markazi boʻlgan, boy madaniy-ilmiy merosga ega chiqqan davlatlar nisbatan tez rivojlanadi. Shunday boʻlgan taqdirda, ayrim kichik mamlakatlar jahon bozori “darvozasi”ga ham yaqin kelmasligi kerak edi. Xuddi shuningdek, ummon va dengizlardan uzoq boʻlish ham taraqqiyotga gʻov boʻlolmaydi. Gap boshqa joyda. Qayerdaki, iqtisodiy islohotlarning eng maqbul yoʻli tanlanib, ­ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqarish toʻgʻri yoʻlga qoʻyilsa, oʻsha davlat rivojlanadi, albatta, boy boʻladi.

Shavkat Mirziyoyev millat yetakchisi sifatida bugungi davr nafasini teran his qilib, Oʻzbekistonni taraqqiyot oʻzaniga yoʻnaltirib yubordi.

Dunyo koʻrgan yirik investor Murtazo ­Rahmatov shunday mulohaza qiladi. U soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar yangilanayotgan Oʻzbekistonning zamonaviy qiyofasini yaratib, iqtisodiyot tarmoqlari rivojida yangi davrni boshlab berganini taʼkidlaydi.

— Yaqin istiqbolda Oʻzbekistonda yashash brendga, biznes yuritish esa trendga chiqadi, — deydi M. Rahmatov. — Bugun koʻpchilik bu amerikalik, bu kuvaytlik, deb ularga havas bilan qarayotgan boʻlsa, yaqin 5-6 yil ichida bu kishi oʻzbekistonlik, deya oʻzgacha hurmat bilan tilga oladi, bizga havas qila boshlaydi. Men bunga ishonaman. Oʻzbekiston — oʻta boy mamlakat. Bu zaminda Mendeleyev davriy jadvalidagi deyarli barcha maʼdanlar bor. Biroq eng katta boyligi uning saxovatli quyoshi, unumdor yeri, fidoyi va mehnatkash odamlaridir.

Xorijlik tadbirkorlar bilan suhbatlarda hozir Oʻzbekistonga investitsiya kiritishning ayni fursati, keyin kech boʻlishini koʻp aytaman. Chunki iqtisodiyot tarmoqlarida investitsiyaga chanqoqlik bor. Bevosita davlat rahbari tadbirkorlikni rivojlantirish, ayniqsa, iqtisodiyot tarmoqlarida xususiy sektor ulushini koʻpaytirishga jiddiy eʼtibor qaratayotgani yangi loyihalar ustida ishlashga katta turtki boʻlyapti.

Jarqoʻrgʻon tumanining olis Yangiobod mahallasida oʻtgan yili ishga tushirilgan sement zavodi qahramonimizning navbatdagi investitsiyaviy loyihasi boʻldi. Mazkur korxona barpo etilgunga qadar bu yerlar koʻrimsiz yaydoq joy boʻlib, qum uyumlariyu, yakkam-dukkam choʻl oʻsimliklarini aytmaganda, tap-taqir kenglik edi, xolos. Loyihaviy qiymati qariyb 144 million AQSH dollariga teng “Surxonsementinvest” xorijiy korxonasi qurilishi bilan hudud manzarasi butkul oʻzgardi.

Ulkan ishlab chiqarish majmuasi 84,1 gektar maydonga oʻzgacha joziba bagʻishladi. Eng muhim jihati, 700 nafar mahalliy aholi ish bilan taʼminlanib, doimiy daromad manbaiga ega boʻldi.

Soha mutaxassislarining eʼtirof etishicha, bu korxonaning afzalliklari koʻp. U Avstriya, Germaniya, Italiya, Rossiya va Xitoydan keltirilgan eng soʻnggi rusumdagi texnologik liniyalar va resurs tejamkor uskunalar bilan jihozlangan boʻlib, “quruq usulda” sement ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan. Bu jarayonda tabiiy gazdan emas, balki koʻmirdan foydalaniladi. Mavjud texnologik liniyalar toʻliq quvvatga chiqarilgach, yiliga 1,2 million tonna yuqori sifatli muhim qurilish materiali yetkazib beriladi. Uning asosiy qismi eksportga yoʻnaltiriladi.

Hamma boy boʻlish, toʻkis hayot koʻchirishga haqli
Tadbirkor qaysi soha boʻlmasin, uning rivoji, istiqbolini klaster usulida koʻradi. Masalan, ayni paytda Toshkent viloyatida 12 ming bosh qoramol parvarishlashga moʻljallangan zamonaviy chorvachilik majmuasini bunyod etishga kirishilgan boʻlib, bu yerda yetishtirilgan goʻsht va sut klaster usulida chuqur qayta ishlanadi.

Bundan tashqari, paxta xom ashyosini Buxorodagi singari tumanning oʻzida chuqur qayta ishlash lo­yihasi harakatga tushirilgan. Agar Buxoroda jahon brendlari darajasida eksportbop jinsi shimlari ishlab chiqarish oʻzlashtirilgan boʻlsa, bu yerda paxmoq matolar, sochiqlar, dasturxon va parda uchun gazlamalar, shuningdek, oʻta yuqori sifatga ega bolalar gigiyena ­mahsulotlari tayyorlash koʻzda ­tutilgan.

Klasterning ayni paytda ijro uchun tayyor boʻlgan 10 dan ziyod investitsiyaviy loyihalari bilan tanishar ekansiz, ularni bir-biri bilan bogʻlab turgan bir jihat eʼtiboringizni tortmay qolmaydi. Bu qishloq aholisiga munosib mehnat sharoiti yaratib berish, ularning daromadini koʻpaytirish ­orqali turmush farovonligiga ­erishishdir. Zero, tadbirkor qishloqlarni obod qilish borasida ilgari surilgan tashabbuslarni roʻyobga chiqarish, dala mehnatkashlariga munosib sharoit yaratib berishga intiladi. Buning amaliy tasdigʻiga Romitanga yoʻli tushganlar ozmi-koʻpmi guvoh boʻlishgan.

Gap shundaki, dalaning qoq oʻrtasida qoʻsh qavatli dala shiyponi bunyod etilgan boʻlib, ichkariga kirsangiz, oʻzingizni koʻp yulduzli mehmonxonadagiday his qilishingiz aniq. Chunki bu yerda ishchilar nafaqat dam olishi, balki madaniy hordiq chiqarishi uchun barcha shart-sharoit muhayyo etilgan. Ayollar va erkaklar uchun zamonaviy konditsionerlar bilan jihozlangan alohida-alohida yotoqxona, yuvinish xonalari, shuningdek, majlislar zali, kutubxona, bir paytda 150 kishini qabul qila oladigan oshxona — bularning barchasi klaster ishchi-xizmatchilari uchun.

Bu hali hammasi emas. Dala shiyponi meva-sabzavot yetishtirish uchun moʻjaz ekin maydoniga ega, chorva mollari, parranda ­boqish uchun qoʻshimcha imoratlar ­solingan. Hatto tandir va oʻchoq qurilgan...

Investor “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasidagi bunyodkorlik ishlarini klasterlar amalga oshirishi kerak, deb hisoblaydi. Klasterlar qoshida bunyod etmoqchi boʻlgan turarjoylar haqida fikrlarini eshitgan kishining qulfi dili ochilib ketadi. Uning fikricha, uylarni shunchaki qurib boʻlmaydi. Ayniqsa, qishloq tumanlarida. Bunda milliy mentalitetimiz, oʻzbekona hayot tarzimiz, albatta, inobatga olinishi zarur. Oiladagi bolalar soni va yoshiga qarab, “xonadon ichida xonadon” tamoyili boʻyicha qoʻshimcha sharoit yaratish muhim. Misol uchun, har bir xonadonni ikki qavatli maydonga joylashtirib, birinchi qavatida mehmonxona, oshxona va yuvinish xonalari boʻlsa, ikkinchi qavati yotoqxonalar uchun ajratiladi. Bunday shart-sharoitga ega uylarda bemalol mehmon kutish, kelin tushirish mumkin.

Baxt va farovonlik klasteri

Bu yil xalqimiz uchun ogʻir keldi. Koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan global inqiroz taʼsiri Oʻzbekistonda ham sezilmoqda. Davlatimiz tomonidan hozirgi murakkab sharoitda iqtisodiyot tarmoqlariga qoʻshimcha yengilliklar berish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish uchun barcha chora-tadbirlar ishga solinmoqda.

Tadbirkor bugungi sinovli kunlarda xalq, millat taqdiriga hech kim befarq boʻlmasligi kerak, deb hisoblaydi. Shu bois u karantin paytida ehtiyojmand va kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga 300 million soʻm homiylik mablagʻi oʻtkazib berdi. Bundan tashqari, ixtiyoriy ravishda klasterlar ishchi-xodimlari ish haqlarining bir qismi, jami 490 million soʻm miqdoridagi mablagʻ “Oʻzbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga begʻaraz yoʻnaltirildi.

— Prezidentimiz tashabbusi bilan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati tashkil etilgani, aytish joizki, xalqimizning mehr-saxovat, himmat kabi yuksak fazilatlarini joʻsh urdirmoqda, — deydi senator Murtazo Rahmatov. — Bu harakat, ayniqsa, davlatimizning beqiyos gʻamxoʻrligini chuqur his qilib turgan biz, klasterlar rahbarlarini ham ehtiyojmand va muhtoj oilalarga saxovat koʻrsatishga undamoqda. Natijada bizning klasterlar jamoasi ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan 1025 ta oilani uch oy davomida otaliqqa olish tashabbusi bilan ­chiqdi.

Ayni paytda Buxoro viloyati hokimligi koʻmagida kam taʼminlangan oilalar roʻyxati shakllantirilib, manzilli yordam koʻr­satish ishlari davom ettirilmoqda. ­Bizning xalqni rozi qilish yoʻlidagi xizmatimiz ehtimolki, dengizdan bir tomchidek tuyular. Lekin unutmaylikki, okean ham tomchilardan hosil boʻladi.

Ishonch bilan aytamiz, Yaratganning madadi, mamlakatimiz rahbariyatining qatʼiy saʼy-harakatlari bilan, albatta, koronavirus balosini yengamiz, Sirdaryo va Buxoroda yuz bergan ofatlar oqibatlarini bartaraf etib, iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror oʻsish surʼatlariga, pirovardida xalqimiz turmush farovonligiga erishamiz.

Doimo odamlar farogʻatda yashashi orzusida yuradigan, shu maqsad yoʻlida izlanib, yurt taraqqiyotiga hissa qoʻshishga intiladigan qahramonimiz jonajon Oʻzbekistonimizni baxt klasteri, orzu-umidlar klasteri, farovonlik va obodlik klasteriga qiyoslaydi. Ijtimoiy-iqtisodiy jabhalarda yuz berayotgan mislsiz oʻzgarishlar ushbu manzillarga tobora yaqinlashtirayotganiga ishonadi.

Darhaqiqat, katta evrilishlar davrida buyuk insonlar yonida shunday fidoyi insonlar, tom maʼnoda zamonamiz qahramonlari qanchalik koʻp boʻlsa orzu qilgan marralarga tezroq yetamiz. Qahramonlar esa oramizda, shundoq yonginamizda. Baʼzan hayot quvonchu tashvishlari bilan andarmon boʻlib, buni ilgʻamay, sezmay qolamiz. Ularning oʻzlari esa qilgan ishlarini koʻz-koʻz etgisi, aslo maqtangisi kelmaydi. Zimmasiga olgan yumushlari bilan mashgʻul boʻlib, el koriga yaraydigan, odamlar tashvishini yengillashtirishga qaratilgan yangi-yangi loyihalar ustida izlanaveradilar.

Davlatimiz rahbarining gʻoyasi asosida qishloq xoʻjaligida vujudga kelgan klasterning ilk qaldirgʻochi, uning dastlabki natijalari haqida qisman hikoya qildik, xolos. Qaldirgʻochlar bahorni yetaklab kelgani singari klasterlar Oʻzbekistonimiz iqtisodiyotining bahorini olib kelmoqda. Bu haqda kelgusida batafsil soʻz yuritamiz.

******

Andrey GRUZDKOV, Rossiya FA Fiziologiya instituti xodimi, professor:

— Jahon tajribasida oʻzini oqlagan tibbiyot, farmatsevtika, chorvachilik klasterlari faoliyati bilan yaqindan tanishib, ularning muvaffaqiyat sirlaridan voqif boʻlganman. Ish yuritishning mazkur usuli taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini oʻzida qamrab olganki, bu, oʻz navbatida, amaliyotga ilm-fan yangiliklari va yutuqlarini birinchilardan boʻlib qoʻllash imkonini beradi. Oʻzbekistonda ana shu tamoyilga asoslangan paxta-toʻqimachilik va boshqa klasterlar rivojlantirilayotgani yaqin kelajakda oʻzining yuqori samaralarini berishiga ishonaman.

Efroim GURMAN, “Vetvitels” (AQSH) kompaniyasi rahbari, akademik: 

— Oʻzbekistonda paxtachilik va yengil sanoat rivojlangan. Aholi bandligini taʼminlash va eksport hajmini koʻpaytirishda katta ulushga ega boʻlgan ushbu sohalar istiqbolini endilikda klasterlar belgilab beradi. Bunga yurtingizga bir necha bor tashrifim davomida Buxorodagi “BCT Cluster” paxta-toʻqimachilik klasteri, xususan, uning tolani chuqur qayta ishlab, jinsi shimlar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan toʻqimachilik kombinati faoliyati bilan yaqindan tanishib, shunday xulosaga kelganman. Qishloq xoʻjaligining boshqa tarmoqlarida ham klasterlar tashkil etishga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani esa alohida diqqatga sazovor.

Said RAHMON

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер