O‘zbekistonda vafot etgan shaxsning dafn marosimi uchun bir martalik nafaqa tayinlanish elektronlashtiriladi

08:31 24 Mart 2021 Iqtisodiyot
2434 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yana-da qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

Farmonga asosan, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat personallashtirish markazi va Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi 2021-yil 1-mayga qadar oʻzlarining axborot tizimlarini “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimiga integratsiya qilishni taʼminlaydi. Bunda, jismoniy shaxsning oʻlimi qayd qilingan kundan boshlab 10 kun ichida:

Ichki ishlar vazirligi – vafot etgan shaxsning fuqarolik pasporti yoki ID-kartasi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning yashash guvohnomalari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning harakatlanish hujjatlari, haydovchilik guvohnomalari hisobdan chiqarilishini, agar fuqaro qidiruvda boʻlsa, qidiruv va jinoyat-protsessual ishlariga (hujjatlariga) tegishli maʼlumotlar kiritilishini;

Mudofaa vazirligi – vafot etgan shaxs harbiy roʻyxatdan chiqarilishini;

Tashqi ishlar vazirligi – vafot etgan chet el fuqarolari va chet elda doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar boʻyicha tegishli xorijiy davlatga yoki uning Oʻzbekistondagi vakolatxonasiga xabar berilishini;

Sogʻliqni saqlash vazirligi – vafot etgan shaxs nogironligi boʻlgan shaxslar roʻyxatidan chiqarilishini;

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi – vafot etgan shaxs “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi hisobidan chiqarilishini;

Davlat soliq qoʻmitasi – soliq qarzi mavjud boʻlmagan vafot etgan shaxs soliq toʻlovchi sifatida roʻyxatdan chiqarilishini;

byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi – vafot etgan shaxsning dafn marosimi uchun bir martalik nafaqa tayinlanishini va unga boshqa turdagi pensiya va nafaqalar hisoblanishi toʻxtatilishini;

Davlat xizmatlari agentligi – vafot etgan yakka tartibdagi tadbirkorning Tadbirkorlik subyektlarining Yagona davlat reyestrida faoliyati tugatilgan maqomiga oʻtkazilishini taʼminlaydi.

2021-yil 1-maydan boshlab FHDYO organlarining ushbu bandda belgilangan organlarga jismoniy shaxsning oʻlimi qayd qilinganligi haqidagi maʼlumotni taqdim etish majburiyati bekor qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер