Oʻzbekistonda vabo kasalligiga qarshi profilaktik ishlar qanday amalga oshiriladi?

18:02 23 Iyul 2022 Jamiyat
1730 0

Foto: Illustrativ foto

Vabo kasalligi – bu, vibrion mikroorganizmlari keltirib chiqaradigan, karantin, oʻta xavfli yuqumli ichak kasalliklari turiga kiradi. Kasallik ingichka ichakning zararlanishi, diareya bilan kechadi, bu inson organizmida suvsizlanish va qon tomirlari yetishmovchiligini keltirib chiqaradi.

Vabo vibrioni bemorning axlati, qusugʻi, baʼzan siydigi bilan tashqariga chiqadi. Vibronlar tushgan suv va oziq-ovqatni isteʼmol qilish natijasida vabo yuqadi.

Oʻzbekiston Respublikasida vaboning oldini olish va tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan olib borilayotgan tadbirlar, aholini sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan boʻlib bunday ishlar muntazam amalga oshirib boriladi.

Vabo profilaktikasida aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, ifloslangan oqava suvlarni muntazam ravishda zararsizlantirish, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarda sanitariya-gigiyena qoida va talablariga qatʼiy ravishda amal qilishning ahamiyati katta.

Respublika boʻyicha amalga oshirilayotgan profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar natijasida oʻlat, sariq isitma, virusli gemorragik isitmalar, parranda grippi kabi karantin va oʻta xavfli yuqumli kasalliklar, jumladan vabo kasalligini respublika hududiga chetdan kirib kelishi va aholi oʻrtasida tarqalib ketishiga yoʻl qoʻyilmadi.

Kasallik mavsumiy xususiyatga egaligi sababli, issiq kunlar mavsumida, har haftada ochiq suv havzalaridan namunalar olinib, vabo vibrionlari va shu oilaga yaqin vibrion(AG va NAG vibrionlar)larga tekshirilishi amalga oshirib kelinadi.

AG vibrionlari – bu toʻgʻridan toʻgʻri vabo kasalligini keltirib chiqaradigan vibrionlar sanaladi.

NAG vibrionlari – bu seroguruhlarning vibrionlari ochiq suv havzalarida tabiiy ravishda uchraydigan va turli darajadagi oʻtkir ichak yuqumli kasalliklari (OʻIYUK) qoʻzgʻatuvchisi sifatida keng tarqalgan.

Respublikamizda doimiy ravishda tashqi muhit ochiq suv havzalaridan AG, NAG vibrionlariga laboratoriya tekshirishlari oʻtkazilib turiladi. Laboratoriya tahlillarida bunday vibrionlar aniqlangan hududlarda kasallikning aholi oʻrtasida kelib chiqishi va tarqalishini oldini olish boʻyicha bir qator tadbirlar amalga oshiriladi, jumladan:

yuqumli kasalliklar shifoxonalarida, oral-regidratatsiya punktlarida oʻtkir diareyaga chalingan bemorlarni Sogʻliqni saqlash vazirining amaldagi buyruqlari talablari asosida vaboga tekshirilishi tashkil etiladi;

kasallik mavsumida har bir diareya kasalligiga chalingan bemorlar yuzasidan chuqur epidemiologik surishtiruv ishlari oʻtkaziladi.

Shuningdek mavsumda oʻtkir ichak yuqumli kasalliklarning sonini ortishini inobatga olgan holda:

Sanitariya-epidemiologiya xizmatining maxsus laboratoriyalari vabo kasalligini tashxisi boʻyicha namunalarni muntazam olib tahlil qilinmoqda. Buning uchun kerakli jihozlar, reaktivlar va ozuqa muhitlari bilan yetarli miqdorda taʼminlangan, laboratoriya mutaxassislarini qayta tayyorgarlikdan oʻtkazilgan;

kasallikka chalingan (gumon qilingan) bemorlarni yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizish maqsadida shifo-oʻrinlari zaxirasi tashkil etilgan;

vabo kasalligiga chalingan bemorlarini davolash ishlarini tashkil etish uchun zarur dori vositalari zaxirasini yaratilgan.

Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan oʻta xavfli yuqumli kasalliklar, jumladan vabo kasalligini tarqalishini oldini olishga qaratilgan epidemiyaga qarshi va profilaktik chora-tadbirlar qatʼiy nazoratga olingan.

Bugungi kunda, vabo kasalligi respublikamizda qayd etilmagan, epidemik vaziyat barqarorligi taʼminlanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?