Oʻzbekistonda ustav kapitali kamida 50 milliard soʻm boʻlgan mikromoliya banklari tashkil etiladi

13:42 20 Avgust 2024 Siyosat
156 0

Mikromoliya bozori uchun yoʻl ochib berildi. Masalan, oʻtgan yetti oyda 91 ta mikromoliya tashkiloti 6,6 trillion soʻmlik moliyaviy xizmatlar koʻrsatdi va yil yakunigacha bu raqam 12 trillion soʻmga yetkaziladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Nukus shahrida boʻlib oʻtayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida maʼlum qilindi.

Mikromoliya xizmatlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash davom ettiriladi. Ularga joriy yildagi 1,6 trillion soʻmga qoʻshimcha 1 trillion soʻm resurs ajratiladi.

Shu bilan birga, ustav kapitali kamida 50 milliard soʻm boʻlgan mikromoliya banklarini tashkil etishga ruxsat beriladi.

Ushbu banklar kredit portfelining kamida 70 foizi kichik va oʻrta biznesni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

Mikromoliya tashkilotlari tomonidan tadbirkorlarga xorijiy valyutada xizmat koʻrsatish va litsenziya asosida toʻlov tashkiloti sifatida faoliyat yuritishga ruxsat beriladi.

Hozir koʻp eksportchilar yirik xorijiy savdo tarmoqlariga 3-4 oy kechiktirib toʻlash sharti bilan mahsulot yetkazib bermoqda.

Uzluksiz ishlab chiqarish uchun korxonalarda aylanmaga ehtiyoj oshayapti. Lekin, hamma tadbirkorda ham yangi kredit olish, unga garov topish imkoniyati yoʻq.

Tadbirkordan garov talab qilmaydigan eng qulay instrument bu – faktoring. Xalqaro moliya korporatsiyasiga koʻra, bizda 10 milliard dollarlik faktoring xizmatiga talab bor. Hozir bu xizmatni faqat banklar, mikromoliya tashkilotlari koʻrsatayapti.

Bundan buyon bank boʻlmagan yangi institut – faktoring tashkiloti uchun yoʻl ochiladi. Ular xorijiy valyutada ham xizmat koʻrsatishi mumkin boʻladi. Bu jarayonda qatnashadigan bank, mikromoliya, faktoring tashkiloti va tadbirkorlar foydalanadigan alohida elektron platforma ishga tushadi. Yaʼni, tadbirkor undan oʻziga qulay moliyaviy mahsulotni tanlash imkoniyatiga ega boʻladi.

Umuman, faktoringni ommalashtirish hisobidan tadbirkorlarga aylanma uchun 20 trillion soʻm, eksportchi korxonalarga 1 milliard dollar qoʻshimcha moliyaviy resurslar paydo boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер