Oʻzbekistonda turkiyalik moturidiyshunos olim mahorat darslarini oʻtmoqda

22:11 09 Mart 2020 Madaniyat
1047 0

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Turkiyaning Muhammad Fotih Sulton universiteti oʻqituvchisi, moturidiyshunos olim, doktor Ahmad Saʼd Damanhuriy tomonidan “Mahorat darsi” tashkil etildi, deya xabar bermoqda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi matbuot xizmati.

“Moturidiya taʼlimoti va zamonaviy taraqqiyot” mavzusida oʻtkazilgan mahorat darslarida Oʻzbekiston musulmonlar idorasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita mutaxassislari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti professor-oʻqituvchilari hamda boshqa tegishli tashkilotlar mutasaddi xodimlari ishtirok etdi.

Keyingi yillarda yurtimizda muqaddas islom dini rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan ulugʻ allomalar hayoti va faoliyati, ularning maʼnaviy merosini oʻrganishga qaratilgan alohida eʼtibor tufayli Imom Moturidiy va uning moturidiya taʼlimoti ham keng tadqiq etilmoqda. Zero, bugun global dunyoda islom dinini toʻgʻri anglash va talqin qilish masalasi muhim ahamiyatga ega. Bu borada moturidiya taʼlimotining oʻrni beqiyosligi, ilmiy-maʼnaviy boy merosi davlat va jamiyat taraqqiyoti, insoniylik tamoyillariga asoslangani qator xorijiy va mahalliy olimlar tomonidan ham eʼtirof etilmoqda.

Buning yaqqol misolini kuni kecha Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga dunyoning 70 ga yaqin davlatidan koʻzga koʻringan ulamolari, yetakchi oliy taʼlim muassasalari olimlari ishtirok etganida va ular tomonidan Imom Moturidiy maʼnaviy merosini oʻrganish borasidagi tadqiqotlar, allomaning dunyo taraqqiyoti, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, hamjihatlik hamda tinchlikni taʼminlash xususida bildirgan fikr-mulohazalari dunyo olimlari tomonidan eʼtirof etilganida yana bir bor oʻz isbotini topdi.

Moturidiyshunos olim Ahmad Saʼd Damanhuriy tomonidan tashkil etilgan ushbu mahorat darslari ham xalqaro anjumanning mantiqiy davomi boʻldi. Olim toʻrt kun davomida akademiya professor-oʻqituvchilari va talabalari uchun “Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimoti”, “Bagʻrikenglik va keng fikrlilik madaniyati. Mutaassiblik va terrorizmga qarshi kurashda moturidiylik taʼlimotining ahamiyati”, “Imon va eʼtiqod masalasi. Takfirchilikning oldini olishda moturidiy taʼlimotining oʻrni” va “Komil ilm. Ilmiy taraqqiyot va maʼrifat modelining moturidiylik boʻyicha talqini” kabi mavzularda dars mashgʻulotlari olib bordi.

Moturidiy hikmatlarida sogʻlom eʼtiqod, teran fikr, toʻgʻri talqin islom taʼlimotini tushunishda katta omil sanaladi. Zero, dinning vazifasi toʻgʻri yoʻlga muloyimlik va nasihat ila chaqirish, qoqilganni oʻrnidan turishiga koʻmaklashishdir.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Turkiyaning Muhammad Fotih Sulton universiteti oʻqituvchisi, moturidiyshunos olim, doktor Ahmad Saʼd Damanhuriy tomonidan oʻtkazilayotgan “Mahorat darsi” 12-martga qadar davom etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?