Oʻzbekistonda turizm eksporti 1,6 karra oshib, 3,5 milliard dollarga yetdi

16:02 09 Aprel 2025 Siyosat
170 0

Soʻnggi yillarda turizm eksporti 1,6 karra oshib, 3,5 milliard dollarga yetdi. Bu haqda Prezident raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida qayd etildi.

Maʼlum qilinishicha, bu sohada 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. Muhimi – oʻtgan yili xorijiy sayyohlar oqimi ilk bor 10 millionlik marradan oʻtdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Hududlarda turizm va servis infratuzilmasi juda tez rivojlanayotgani taʼkidlandi.

Xususan, oʻtgan 8-yilda mahalliy va xorijiy investorlar 6,5 milliard dollar sarmoya kiritib, 130 ming mehmonxona oʻrni yaratdi. Bu yili ular yana 30 mingga koʻpayadi.

Parkentning “Oltin bel” choʻqqisida xalqaro darajadagi yangi togʻ-changʻi zonasi barpo etilyapti. Fransiyaning “Kurshavel” togʻ-changi kurorti togʻli hududlarimizda Yevropa standartiga mos turizm maskanlarini tashkil qilishga katta qiziqish bildirmoqda.

“Bu bilan toʻxtab qolmaymiz. Boy tarixiy-madaniy merosimiz, goʻzal va betakror tabiatimiz sayyohlarni 2-3 karra oshirishga yetadi”, dedi Prezident.

Turizmning iqtisodiyotdagi ulushini 7 foizga, eksportni 10 milliard dollarga yetkazish boʻyicha 2040-yilgacha strategiya ishlab chiqilayotgani taʼkidlandi.

Yigʻilishda koʻpchilik hokimlar turizm qanday katta yoʻnalish ekanini tushunib yetmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Mavsum boshlanganiga bir oydan oshgani bilan kapsulali uylardan iborat maskan faqat Kitobda ochilgani qayd etilib, qolgan 35 ta tuman va shahar hokimi “mudrab” oʻtirgani tanqid qilindi.

Kapsulali uylarni qurish va jihozlashga Turizm jamgʻarmasidan 10 million soʻmgacha subsidiya ajratilishi belgilandi.

Sayyohlar Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryodan oʻtgan magistral va ichki yoʻllar ahvolidan noroziligi qayd etildi.

Mutasaddilarga “turizm halqasi”ga kirgan yoʻllarni taʼmirlash boʻyicha hisob-kitob qilib, ishlarni boshlash topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер