Oʻzbekistonda texnoparklar faoliyatini rivojlantirish boʻyicha Koreya tajribasi asosida milliy strategiya ishlab chiqiladi

19:45 18 Aprel 2025 Jamiyat
153 0

Oʻzbekistonda texnoparklar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Koreya Respublikasining ilgʻor tajribasiga asoslangan milliy strategiya ishlab chiqiladi. Ushbu tashabbus Koreyaning Fan va texnologiya siyosati instituti (STEPI) tomonidan amalga oshirilayotgan K-Innovatsion hamkorlik dasturi doirasida tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabboyev va Koreyaning STEPI instituti tadqiqotchilari, shuningdek, Geongbuk texnoparki direktori boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida oʻtkazilgan uchrashuvda loyiha rasman boshlab berildi.

2025–2027-yillarni qamrab oluvchi loyiha doirasida Oʻzbekistondagi texnoparklar faoliyatini yanada rivojlantirish, ularning samaradorligini oshirish hamda Koreya tajribasiga asoslangan milliy strategiyani ishlab chiqish rejalashtirilgan. Shuningdek, texnopark xodimlari uchun Koreya Respublikasida malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Innovatsion rivojlanish agentligining Ilm-fan va innovatsiyalarga investitsiya va xorijiy grantlarni jalb qilish boshqarmasi boshligʻi Umidjon Hoshimov ushbu loyiha haqida quyidagilarni taʼkidladi:

– Respublikamiz hududlarida faoliyat yuritayotgan 13 ta Yoshlar Texnoparki va Toshkentdagi “Yashnobod” innovatsion texnoparki Innovatsion rivojlanish agentligiga qarashli hisoblanadi. Bu texnoparklarda robototexnika, mexatronika, veb dasturlash, 3D modellashtirish kabi koʻplab zamonaviy yoʻnalishlarda oʻquv kurslari tashkil etilgan. Shu bilan birga, yoshlarning startap loyihalarini rivojlantirish va amaliyotga tatbiq etish uchun “FabLab” laboratoriyalari faoliyat yuritmoqda. Endi esa bizning asosiy vazifamiz – texnoparklarda talab va taklif muvozanatini taʼminlash, bozor mexanizmlarini joriy qilish orqali ularni daromadli faoliyatga yoʻnaltirishdir. Mazkur loyiha aynan shu maqsadni koʻzlaydi.

Loyiha doirasida Koreya Respublikasining fan va texnologiya siyosatini rivojlantirishdagi yondashuvlari va modellarini oʻrganib, ularni mahalliy sharoitlarga moslashtirish orqali texnoparklar faoliyatini takomillashtirish nazarda tutilgan. Bu esa nafaqat texnoparklar tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarning sifatini oshirish, balki ularni yoshlar uchun yanada jozibador va samarali qilish imkonini beradi.

Maʼlumot uchun, K-Innovatsion hamkorlik dasturi 2014-yilda STEPI tomonidan Koreya va rivojlanayotgan davlatlar oʻrtasida fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni kuchaytirish maqsadida yoʻlga qoʻyilgan. Oʻzbekiston ushbu dastur doirasida ilk bor gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Eslatib oʻtamiz, STEPI (Fan va texnologiya siyosati instituti) 1987-yilda tashkil etilgan boʻlib, Koreya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biri hisoblanadi. Institutning asosiy vazifasi – fan, texnologiya va innovatsiyalar sohalarida siyosiy tadqiqotlar olib borish va milliy hamda global raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qilishdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер