Ovqatlanishning “qizil chizigʻi” qayerda?

13:37 26 Noyabr 2024 Ilm-fan
473 0

“Nutrition & Diabetes” jurnalida chop etilgan yangi tadqiqotga koʻra, soat 17:00 dan keyin kunlik kaloriyaning 45% yoki undan ortiq miqdorini isteʼmol qilish organizmdagi glyukoza darajasini buzadi. Bu holat yurak va metabolik salomatlikka jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Kataloniya va Kolumbiya universiteti tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot buni ilmiy asosda isbotladi.

Tadqiqotda 50-70 yosh oraligʻidagi 26 nafar ishtirokchi qatnashdi. Ularning aksariyatida ortiqcha vazn yoki 2-tur diabeti aniqlangan. Qatnashchilar ikki guruhga ajratildi: biri asosiy kaloriyani kunduzi isteʼmol qilgan boʻlsa, ikkinchisi 45% yoki undan ortiq miqdorni soat 17:00 dan keyin isteʼmol qildi.

Olib borilgan kuzatuvlarga koʻra, kech ovqatlanuvchilarda glyukozani oʻzlashtirish darajasi pastroq boʻlgan. Bu holat ularning vazni yoki ratsioni tarkibiga bogʻliq emasligi aniqlandi. Shuningdek, kech ovqatlanuvchilar uglevodlar va yogʻlarni koʻproq isteʼmol qilishga moyil boʻlgan.

Tadqiqotning asosiy xulosasi shundaki, ovqatlanish vaqti salomatlikka taʼsir koʻrsatadigan muhim omil hisoblanadi. Bu paytgacha diyetologlar ovqatlanishda asosan “qancha va nimani isteʼmol qilish”ga eʼtibor qaratishgan boʻlsa, bu tadqiqot “qaysi vaqtda ovqatlanish”ni ham muhim jihat sifatida koʻrsatdi.

Olimlarning fikricha, inson organizmi kechasi glyukozani oʻzlashtirish qobiliyati kamayadi. Sababi, insulin sekretsiyasi pasayadi va hujayralarning bu gormonga sezuvchanligi sirkad ritm (kun va tun soatlari)ga bogʻliq ravishda kamayadi. Shuning uchun asosiy ovqatlanish kunduzgi vaqtlarga mos kelishi lozim.

Tadqiqot mualliflari, ayniqsa, soat 17:00 dan keyin tez tayyor boʻladigan ovqatlar va uglevodlarga boy mahsulotlarni isteʼmol qilishdan ehtiyot boʻlishni tavsiya qiladilar. Asosiy kaloriya miqdori esa ertalabki nonushta va tushlik vaqtiga moslashtirilgani maʼqul. Bu odatni shakllantirish metabolizm va yurak salomatligini saqlashda muhim ahamiyatga ega.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер