Oʻzbekistonda sayyohlik shifokori ham joriy qilinishi mumkin

12:45 06 Fevral 2019 Jamiyat
2526 0

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov oʻtgan yilda amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar borasida savollarga javob qaytardi.

– Federatsiya oʻtgan yili isteʼmolchilar haq-huquqlarini himoya qila borib, ularga yetkazilgan 8 milliard soʻmlik zararlarni undirib berishga muvaffaq boʻlingan ekan. Joriy yilda yana qanday innovatsion tashabbuslarni ilgari surmoqchisizlar?

– Darhaqiqat, oʻtgan yil davomida isteʼmolchilarning 8 milliard soʻmdan ortiq manfaatlarini himoya qildik. Lekin gap hozir bunda ham emas, oʻzimiz qilib yurgan ishlarni izchil davom ettiramiz. Ammo joriy yilda innovatsiya va yangi tashabbuslarga, davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikka, xalqaro amaliyotni oʻrganishga jiddiy eʼtibor qaratyapmiz.

Ichki ishlar vazirligi, “Nuroniy” jamgʻarmasi, Bosh prokuraturaga kuni kecha bir qator takliflarni kiritishni rejalashtiryapmiz.

Soʻnggi paytlarda pensiyaga chiqqan, yoshi ulugʻ fuqarolarimiz ham tobora koʻproq avtomobillarga ega boʻlishmoqda. Ammo ular garchi qoidalarni buzmasa-da, sekinroq harakat qilishi va yoʻl qoidalariga ogʻir-vazminlik bilan munosabatda boʻlishi ayrim tarbiyasiz haydovchilar tomonidan salbiy qaralmoqda. Ortidan signal bosishlar, yoʻl chetiga siqib qoʻyishlar va haqoratli soʻzlar bilan kamsitishlariga guvoh boʻlyapmiz.

Buning oqibatida yaqinda shunday holatni boshidan oʻtkazgan 75 yoshli samarqandlik Mamatqul otaning aytishicha, bundan keksa va moʻtabar kishilarimiz haqli ravishda ranjimoqda va asabiylashmoqda. Nuroniylarimiz oʻzlarini kamsitilganday va haydovchilik huquqlari cheklanganday his etishmoqda.

Shu sababli yoshi ulugʻ keksalarning avtomobillarni boshqarish huquqlarini himoya qilish maqsadida “xotin-qizlar”, “nogironligi bor”, “oʻrganuvchi” kabi “keksalar” yoʻl harakati yorliq-belgilarini ishlab chiqib, amalga kiritishni tavsiya qilmoqdamiz. Uni taqib olgan mashinalarni koʻrgan yosh haydovchilar hushyor tortadi, ortiqcha harakatlar qilish nooʻrin ekanligini tushunib yetadi. Shunda moʻtabar otaxonlarga hurmat bilan munosabatda boʻlishga va ular bilan hisoblashib muomala qilishlariga ishonchimiz komil.

Shu fursatdan foydalanib, Bosh prokuraturaning ommaviy axborot vositalarida har qanday fikr va chiqish, taklif va tashabbusga yuqori darajadagi eʼtibor va ragʻbat koʻrsatayotgani, jurnalistlarning savollariga tezkorlik bilan javob qaytarib, aholining haqiqiy axborotga boʻlgan ehtiyojlarini qondirayotganini kuzatishga odatlanib qolganimiz mamnuniyat bagʻishlayotganini aytib oʻtmoqchiman.

Jahongir Sarimsoqov

– “2019 yil – Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” boʻldi. Ijtimoiy himoya hamisha birlamchi vazifamiz boʻlib qolgan. Aniq ijtimoiy yoʻnaltirilgan qanday takliflaringiz bor?

– Davlat bor joyda ijtimoiy yuk doimo boʻlgan. Lekin Oʻzbekiston Prezidenti uning ijrosiga chuqur masʼuliyat bilan qarayotgani boshqalarni havasini tortmoqda. Chunki eng rivojlangan jamiyat hatto oʻz nogironini ham eʼtiborsiz qoldirmay, doim boshini silashga qurbi yetadigan jamiyatdir.

Nogironlar uchun 100 foizlik toʻsiqsiz muhit yaʼni alohida eskalatorlar, hojatxonalar, yoʻlakchalar, taʼlim va sogʻliqni saqlash sharoitlarini yaratish ularning huquqlarini tugal himoya qilishning bir shakli boʻladi.

Yaqindan boshlab, masalan Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri Muhammad Ol Maktum tashabbusi bilan Amirliklar hududida imkoniyati cheklanganlarga nisbatan “nogiron” soʻzi oʻrniga “mardonavor inson” soʻzi qoʻllanila boshladi. Nogiron boʻlib yashashning bir kuni, bir soati qanchalar azob, qancha ruhiy kuch talab qiladi.

Ularga davlat tomonidan har safar imtiyozli uylar topshirilganini koʻrganda qalbimiz koʻzi yaqqolroq ochiladi.

Yaqinda koreyalik bir mehmon bilan suhbatimizda aytgan ushbu fikri meni juda toʻlqinlantirib yuborgan edi: “Oʻzbekistonda nogironligi bor odamlar ham Prezident Mirziyoyev islohotlari shiddatiga oʻzi misolida ishonch va umidi shu qadar kattaki, buni ularning yonib turgan koʻzlaridan ham sezish mumkin. Men ortiqcha takalluflarsiz, siyosiy yetakchingizni ulkan savoblar va xayrli ishlar prezidenti demoqchi edim. Oʻzbekistondagi mustahkam ijtimoiy himoya tizimi iqtisodiyotning barqarorligiga sarmoyadorlarni ishontiruvchi muhim barometr hamdir”.

Shu maʼnoda men mahalliy hokimiyatlar davlat muassasalari, jamoat joylari, supermarketlar, transport, dam olish markazlaridagi “nogironlar uchun” deb yozib qoʻyilgan taglavhalarni “mardonavor insonlar uchun”, deb oʻzgartirish taklifini bildirmoqchiman.

Oʻzi “nogiron” soʻzini “nogironligi bor” deb oʻzgartirilishiga qarshiman. Ojizni koʻngliga tegmasin, deb qaytanga taʼkidni kuchaytirib qoʻymadikmi?!

Bu bilan ular uchun keng imkoniyatlar yaratishimiz, ijtimoiy jarayonlarga faol jalb qilishimiz, kundalik hayotda shaxsiy ishtiroklarini tobora kuchaytirishimiz mumkin. Bizni esa aqliy va jismoniy jihatdan tan olingan meʼyorlarni bajarishga qodir boʻlmagan odamlarga mehr-muhabbat bilan munosabatda boʻlishga undaydi. Qolaversa, tashkilot va muassasalarda bu toifadagi odamlar bilan ishlash uchun yangi “mardonavor insonlar bilan ishlash boʻyicha masʼul” lavozimlari joriy etish ham mumkin. Bu boʻyicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga yagona klassifikatorga mazkur yoʻnalishni qoʻshish tavsiyasini ham kiritildi.

Yana bir taklif. Biz shu kunlarda Ichki ishlar vazirligi, Markaziy bankka, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Respublika nogironlar jamiyatlariga ham hamkorlik qilish niyatidamiz.

“2019 yil – Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” doirasida jarimaga tortilgan, biroq toʻlovga qurbi yetmaydigan, farzandini kontrakt asosida oʻqitayotgan, oilasida nogironi bor, boquvchisini yoʻqotgan, bir soʻz bilan aytganda ehtiyojmand fuqarolar uchun 50 foizgacha chegirmalar berish taklifini beramiz. Sababi bu toifadagi shaxslar bilan alohida ishlash talab etiladi.

Bu orqali davlatning ijtimoiy himoya tizimi yanada kuchayib, qurbi yetmaydigan, ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolarimizning jarimasini oʻz vaqtida toʻlay olmagani uchun jazolanib qolishidan muhofaza qilinadi.

Qolaversa, yuksak isteʼmol madaniyatini shakllantirish maqsadida yoʻl harakati qoidalarini buzmay, tartiblarga qatʼiy amal qilib kelayotgan fuqarolarni taqdirlash tizimini joriy etish taklifini ilgari surmoqdamiz.

Masalan, tartibli boʻlgani uchun jarimaga tortilmagan haydovchilar har oyda bir balldan jamgʻarib borishadi. Keyinroq bilib-bilmay mayda qoidabuzarlik sodir etib qoʻygan chogʻda bu ballardan foydalanishlari mumkin boʻlsin. Shunda ular yanada masʼuliyatliroq boʻlishadi. Agar bir yilda 12 ball jamgʻarishsa, ular orasidan hududlar boʻyicha eng munosib 14 nafar yurtdoshimizni Federatsiyamiz tomonidan maxsus sovgʻasi bilan taqdirlashimiz mumkin.

10, 20, 30, 40, 50 yil davomida biror marotaba ham qoida buzmagan eng namunali haydovchilarni aniqlab, ularga qimmatbaho sovgʻalar berish, hatto Ginnesning rekordlar kitobiga kiritishga tavsiya etish ham mumkin. Balki rekordchilar ichimizdadir.

– Yaqindan boshlab Tojikiston, Koreya, Hindiston, Turkiyada yurgan oʻzbekistonlik ishchilar va sayyohlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha va ushbu davlatlarning Oʻzbekistondagi fuqarolari uchun imkoniyatlar yaratuvchi kelishuvlarga erishdingizlar. Ammo Oʻzbekistonga kelayotgan million-million sayyohning isteʼmol huquqlari boʻyicha qanday yangiliklar qilinmoqda.

– Asosiy maqsadimiz oʻzbekistonlik isteʼmolchilarning huquqlarini nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun dunyoda himoya qilishdir. Buning uchun chet davlatlardagi turdosh tashkilotlar bilan memorandumlar imzolayapmiz. Bizga bu borada yaqindan koʻmak koʻrsatayotgan tashqi ishlar vaziri 1-oʻrinbosari Ilhomjon Neʼmatov minnatdorchilik bildirmoqchi edim.

Oʻzbek fuqarolari halol mehnat qilib, oʻz oilasi, vatani iqtisodiyotini mustahkamlash uchun juda katta hissa qoʻshayotgan ekan, ularning huquqlarini hamma tomondan muhofaza qilish boʻyicha bir tanu bir jon boʻlib harakat qilishimiz kerakligini xodimlarimiz yaxshi tushunadi.

Savolingizni ikkinchi qismiga kelsak. Raqamlarga koʻra, 2018 yilda Oʻzbekistonga 5 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgani bayon etilmoqda. Ammo ular Oʻzbekiston hududida yurgan vaqtida sogʻligʻi yomonlashsa, salomatligi bilan bogʻliq koʻngilsiz muammoga yuzaga kelsa, qoʻshimcha xarajatga tushishidan himoya qilinmagan.

Biz ulugʻ niyatlar bilan sayyohlik politsiyasini tuzdik. Juda ajoyib ish va xayrli ish boʻldi. Ammo ularning yonida albatta, sayyohlik shifokori ham kerak. Shunda bu yaxlit bir foydali tuzilmaga aylanadi.

Majburiy sugʻurta tizimiga toʻliq oʻtgunimizga qadar Oʻzbekistonga sayyohlik maqsadida keladigan xorijliklarga viza taqdim etish chogʻida majburiy tibbiy sugʻurtani ham qoʻshish mumkin. Kasal boʻlib qolganida ularning shifokorlar xizmatidan foydalanishiga sharoit yaratib, yaxshilab davolab yuborsak, aptekalarda sotilayotgan dori-darmonlar retseptini inglizchasiga ham oʻgirib qoʻysak, shubhasiz bu mamlakatimiz imiji boʻladi.

Yakuniy maqsad sayyohlarga kutilmagan holatlarda tushib qolganida ularning ortiqcha xarajatga tushishidan sugʻurta qilishdir.

Viza narxi ichiga qoʻyilgan 4-5 dollarni sogʻliqni saqlash, turizm qoʻmitasi yoki moliya vazirligining maxsus jamgʻarmasiga oʻtkazish mumkin. Nima boʻlganda ham bunday yondashuvlar orqali sayyohlarning isteʼmol huquqi samarali, zamonaviy standartlarga mos va xavfsiz shakllarda taʼminlanib, ularning Oʻzbekistonga nisbatan yuqori ishonchi va muhabbati ortadi. Bu toʻygʻular oxir-oqibat mamlakatga milliardlab dollar investitsiya keltiradi, deganidir.

Durdona Sharofiddinova suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер