O‘zbekistonda olamshumul yangilik: yurtimizda ilm-fan yutuqlari va innovatsion g‘oya asosida organik xlorella ishlab chiqarilmoqda

19:48 10 Aprel 2023 Jamiyat
1260 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida tashkil etilgan “Organik Xlorella” MCHJ tomonidan amalga oshirilishiga kirishilgan istiqbolli loyiha ilm-fan yutuqlari hamda innovasion g‘oyalarni o‘zaro uyg‘unlashtirgani bilan ahamiyatlidir.
 Tabiiy va ekologik jihatdan toza, kimyoviy birikmalardan xoli bo‘lgan sof biologik o‘g‘it – organik xlorella tayyorlanishi jarayonida unga 20 ga yaqin mikro va makro elementlar qo‘shiladi. Shu bois organik xlorella jahon tajribasida qishloq xo‘jaligining paxta va g‘allachilik, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik singari tarmoqlarida keng qo‘llaniladi. U foydali oqsillarga boyligi uchun paxta va g‘alla hosilini oshirish, sifatini yaxshilash, meva-sabzavotlar, chorva mollari, parranda go‘shti va tuxumi, asalari mahsuldorligini ko‘paytirishda muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, organik xlorella tuproq unumdorligini oshirish, tabiiy quvvatini yaxshilash, sho‘rini yuvishda juda qo‘l keladi. O‘z navbatida undan baliq boqiladigan suv havzalarini tozalash, ichimlik va oqova suv tarmoqlarida yig‘iladigan zararli mikroblar, noxush hidlarni ketkazishda samarali foydalanish mumkin.
Xo‘sh, organik xlorella o‘zi nima? U suv o‘simligi bo‘lib, intensiv usulda yetishtiriladi. Intensiv yetishtirishga maxsus o‘sish sharoitlari uchun ma’lum boshqaruv tizimlari bilan suv hovuzi yoki akvariumda qat’iy belgilangan o‘sish tizimini tashkil etish orqali erishiladi. Xlorella yashil suv o‘tlariga mansub bir hujayrali tirik organizm, mikroskopik suv o‘tidir. Bu suv o‘tlari tarkibida ko‘p miqdorda vitaminlar, antioksidantlar, mikro va makroelementlar, muhimi aminokislotalar mavjud.

 “Organik Xlorella” MCHJ tomonidan amalga tatbiq etilayotgan loyiha qiymati 2 million dollar bo‘lib, u to‘rt bosqichda 2023-2026 yillar davomida amalga oshiriladi. Hozirda xorijlik va yurtimiz olimlari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Bo‘ka, Samarqand viloyatining Oqdaryo, Qashqadaryo viloyatining Koson tumanlari fermer xo‘jaliklarida paxta va g‘allachilikda organik xlorelladan foydalanish bo‘yicha amaliy tajribalar o‘tkazilyapti. Dastlabki natija va xulosalar chakki emas.
 Organik xlorella qishloq xo‘jaligida g‘oyatda foydali. Xususan, amaliyotda paxta va g‘alla hosilini o‘rtacha 30, sholi hosildorligini 50 foizgacha oshirishi isbotlangan. Chunki u tabiatda o‘zini o‘zi kuchli himoya qilish xususiyatiga ega. Shu bois, bu yilgi organik xlorella quyosh harorati, namlik ta’sirida qishda uyquga ketib, keyingi yili yana ona zaminning tabiiy quvvatini oshirishga yordam beradi.

Hozirda kuniga 3 tonna organik xlorella ishlab chiqarilib, buyurtmachilarga yetkazib berilyapti. Ayni jarayonda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani tufayli ishlab chiqarishdan boshlab, amaliyotda qo‘llash va natijasini tahlil qilib borishgacha bo‘lgan barcha yumushlar nazoratga olingan. 
Shu kunlarda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida 9 gektar yer olinib, zamonaviy majmua barpo etishga kirishildi. Bu loyiha foydalanishga topshirilgach, kuniga 10 tonna organik xlorella ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Bu yerda quyuq holatdagi organik xlorella ishlab chiqarish va eksport qilish maqsad qilingan. Hozirda Markaziy Osiyo, umuman jahon bozoridagi talab va taklifni o‘rganish uchun marketing ishlari olib borilyapti.

 Mamlakatimiz ehtiyojini qondirish borasida esa bir yilda bitta tumanga o‘rtacha 3 ming tonna organik xlorella bioo‘g‘iti kerak bo‘lishi hisob-kitob qilindi. Ta’minot barqarorligiga erishish uchun Qashqadaryo viloyati markazi – Qarshi shahrida korxonaning yana bir filialining ishga tushirish bo‘yicha biznes-reja tayyorlandi. 

O‘z navbatida organik xlorella yordamida inson sog‘lig‘ini mustahkamlovchi mineral suv ichimlik ishlab chiqarish ham ko‘zda tutilyapti. Shu kunlarda tajriba-sinov tariqasida tayyorlangan dastlabki mahsulotlar mutasaddi idoralarga taqdim etilgan bo‘lib, patentlashtirish jarayoni davom etmoqda.
Har bir inson uchun kuniga 0,5 litr foydali darmondorilarga boy organik xlorella mineral suvi ichish tavsiya etiladi. Buni kuniga ikki mahal - ertalabki nonushta va kechki ovqat oldidan ichish zarur. Shu tariqa ushbu mineral suv organizmni zararli toksinlardan tozalaydi.

Organik xlorella mineral suvi saraton, qandli diabet, qon bosimi, teri kasalliklarida profilaktik chora sifatida qo‘llanadi.
Shuni alohida e’tirof etish kerakki, bugungi kunga qadar mamlakatimizga organik xlorella biomahsuloti asosan Rossiyadan import qilingan. Bu mahsulotdan faqat baliqchilik sohasida foydalanilgan, xolos.

Ezgu tashabbus doirasida endilikda ushbu mahsulot o‘zimizda ishlab chiqarilib, ichki bozor ehtiyoji to‘liq qoplanadi, yaqin istiqbolda eksport qilish ham yo‘lga qo‘yiladi.
          Muhtaram Prezidentimiz har gal mamlakatimiz ziyolilari, olimlar, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, yoshlar bilan yuzma-yuz suhbatlar davomida ilm-fan yutuqlarini amaliyot bilan o‘zaro integratsiya qilish muhimligiga alohida e’tibor qaratadi. Yurt ravnaq-rivojini ta’minlashda bilim, innovasiya, ta’limdan boshqa najot yo‘q ekanligini ta’kidlaydi.

              Shu ma’noda, “Organik Xlorella” MCHJ faoliyati tashkil etilishi va tobora rivojlanib borishida tadbirkorlik tashabbusi, innovasion g‘oya va ilm-fan namoyandalarining o‘zaro samimiy hamkorligi bu boradagi ezgu maqsadlar ijobatining amaldagi yana bir tasdig‘idir.

 

                                                                 

 

 

Botir Omon “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер