Oʻzbekistonda minimal isteʼmol xarajatlari bir oyda kishi boshiga 440 ming soʻmni tashkil etishi maʼlum qilindi

12:43 31 May 2021 Iqtisodiyot
1278 0

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Axborot xizmati Oʻzbekistonda minimal isteʼmol xarajatlari qiymatining dastlabki hisob-kitoblari toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, xalqaro tajribadan foydalangan holda minimal isteʼmol xarajatlari qiymatining dastlabki hisob-kitoblari amalga oshirilgan.

Minimal isteʼmol xarajatlarini hisoblash uchun tajriba sifatida Jahon banki koʻmagida 2020-yilda respublikaning barcha hududlaridan tanlab olingan 5 400 ta uy xoʻjaliklarida soʻrovnoma oʻtkazildi.

Bunda soʻrovnomada ishtirok etgan uy xoʻjaliklari xarajatlari miqdori boʻyicha oʻnta guruhga ajratilib, ushbu oilalar orasidan eng kam xarajat (daromad)ga ega boʻlgan 30 foiz uy xoʻjaliklari ajratib olindi.

Soʻrovnoma natijasida olingan maʼlumotlar asosida mazkur oilalarda jon boshiga kunlik isteʼmol qilinadigan oziq-ovqat (2200 kkal) va zarur boʻlgan nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlar uchun minimal isteʼmol xarajatlar bir oyda kishi boshiga (joriy yildagi narxlar oʻzgarishini inobatga olgan holda) kamida 440 ming soʻmni tashkil etishi hisob-kitob qilindi.

Hisoblangan minimal isteʼmol xarajatlarining jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi ichki mahsulotga nisbati (YAIM) 26,8 foiz boʻlib, mazkur koʻrsatkich rivojlanayotgan mamlakatlarda asosan 4-20 foizni tashkil etadi.

Minimal isteʼmol xarajatlarini hisoblash tajribasini yakuniga yetkazish maqsadida 2021-yilda Davlat statistika qoʻmitasi Jahon banki bilan birga 10 mingta uy xoʻjaliklarida soʻrovnoma oʻtkazilmoqda. Mazkur soʻrovnomalar natijasidan kelib chiqib, joriy yil yakuniga qadar minimal isteʼmol xarajatlarni hisoblash metodologiyasini tasdiqlash va uni qayta hisoblangan miqdorini eʼlon qilish koʻzda tutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?