Oʻzbekistonda majburiy tibbiy sugʻurta tizimi qachondan boshlab joriy etilishi maʼlum boʻldi
Poytaxtimizda Sogʻliqni saqlash vazirligi va Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan mamlakatimizda sogʻliqni saqlashni moliyalashtirishni isloh qilish mavzusida oliy darajadagi siyosiy muloqotlar boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.
Unga moliyaviy islohotlar va majburiy tibbiy sugʻurtalashni joriy etish uchun masʼul boʻlgan vazirlik va idora vakillari, shuningdek, JSST Yevropa mintaqaviy byurosi, Rossiya, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Ispaniya, Latviya, Koreya Respublikasi kabi yetakchi mamlakatlar mutaxassis va ekspertlari, xalqaro moliya tuzilma vakillari taklif etildi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimiz tibbiyot tizimida muhim oʻzgarish va yangilanishlar boʻlmoqda. 2019 – 2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanib, tibbiyot rivojida yangi davrni boshlab berdi.
Chunki unga koʻra, sogʻliqni saqlash sohasida milliy qonunchilikni takomillashtirish, tibbiyot sohasida zamonaviy boshqaruv va moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish, hududlarda “klaster” modelini shakllantirish, tibbiy yordamning samaradorligi, sifati va ommabopligini oshirish, onalik va bolalik muhofazasini kuchaytirish, xususiy tibbiyot, davlat-xususiy sheriklik mexanizmi va tibbiy turizmni rivojlantirish orqali investitsiyalarni keng jalb etish, farmatsevika tarmogʻi, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malaka oshirish, tibbiyot fanini rivojlantirish hamda elektron sogʻliqni saqlash tizimini keng joriy etish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Muloqot davomida ushbu Konsepsiyadan kelib chiqqan holda sogʻliqni saqlashni moliyalashtirishni isloh qilishning asosiy koʻrinishlaridan biri davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam hajmini belgilash, tibbiy xizmatlar uchun klinik-xarajat guruhlari boʻyicha “har bir davolangan holat” uchun toʻlash tizimi hamda kishi boshiga moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini tatbiq qilish ishlari boshlab yuborilgani aytib oʻtildi.
Shuningdek, yurtimizda majburiy tibbiy sugʻurtani bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida joriy yildan tizimning huquqiy asoslari ishlab chiqilmoqda. Mamlakatimizda ushbu jarayon 2021 yildan joriy etish boshlanadi va birinchi navbatda, yirik tashkilotlarda majburiy sugʻurta taʼminlanadi. Muloqotda ushbu jarayonda, avvalo, majburiy tibbiy sugʻurta jamgʻarmasini tashkil etish ekani taʼkidlandi. Sogʻliqni saqlash xizmatlari uchun barcha resurslar (daromad manbalaridan qatʼiy nazar)ni taqsimlashda tenglik va samaradorlik maksimal darajada hisobga olinadi.
Boʻlib oʻtgan muloqotlarda sohani moliyalashtirishda eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlar, majburiy tibbiy sugʻurta hamda elektron sogʻliqni saqlashni joriy etish kabi masalalar yana bir bor atroflicha muhokama etildi. Oʻtgan davr mobaynida jahon tajribasi va xalqaro ekspertlar takliflari asosida ishlab chiqilgan sogʻliqni saqlashni moliyalashtirish xamda majburiy tibbiy sugʻurtani joriy etishga qaratilgan strategiyamizga yuqori baho berildi.
Qizgʻin kechgan muloqotda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvaxitov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Abduhakimov, JSSTning iqtisodiy masalalar boʻyicha yetakchi eksperti M. Yakab, JSSTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari L.Kuppens, Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri A. Shadmanov ishtirok etishdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring