Oʻzbekistonda Xalqaro xattotlik va kitobat sanʼati maktabi tashkil etilmoqda
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tasarrufida Xalqaro xattotlik va kitobat sanʼati maktabi tashkil etilmoqda. Maktabni tashkil qilish va uning faoliyati yuzasidan tafsilotlar Islom sivilizatsiyasi markazida oʻtkazilgan navbatdagi ilmiy kengash yigʻilishida taqdim etildi.
Ushbu maktabda 6 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan oʻquvchilar tanlov asosida qabul qilinadi. Yoshlar 6-12 yoshlilar (boshlangʻich), 13-24 yoshlilar (davomchilar) va 25 yoshdan yuqori (mahorat va soha mutaxassislari) guruhlariga boʻlinadi. Har bir guruhda 12 nafargacha oʻquvchi tahsil olishi koʻzda tutilgan.
Oʻquvchilar nafaqat xattotlik bilan shugʻullanadi, balki yozuv tarixi, oʻzbek, arab, fors tillari va yozuvi, husnixat, Gʻarb mamlakatlarida husnixat (lotin yozuvi), Sharq mamlakatlarida husnixat (arab, lotin, kirill yozuvlari), kitobat sanʼati kabi fanlarni ham oʻrganadi. Shuningdek, darslarning amaliy qoʻllanishiga katta eʼtibor qaratiladi.
Maktab faoliyati xalqaro hamkorlik asosida olib boriladi. Jumladan, Buyuk Britaniya qirollik jamgʻarmasi huzuridagi Anʼanaviy sanʼat turlari maktabi, UNESCO, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiyaning IRCICA markazi, Erondagi Tehron Xattotlik markazi, Saudiya Arabistonidagi Muhammad ibn Salmon markazi va BAAning Sharja markazi bilan hamkorlik qilish rejalashtirilgan.
Maʼlumot uchun, kitobat sanʼati yurtimizda qadimdan yuksak qadrlangan. Ajdodlarimiz tomonidan koʻchirilgan qoʻlyozmalar, ulardagi betakror husnixat va islimiy naqshlar, tilla suvi bilan sayqallangan bezaklar qariyb 1000-yil avval ham dunyo ahli hayratiga sabab boʻlgan. Hozirgi kunda esa bosmaxonalarda kitoblar millionlab nusxada nashr etilsa-da, xattotlik sanʼati oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan.
Xalqaro maktabni tashkil etishdan maqsad — madaniy merosimizni asrash, yosh avlodni maʼnaviy ruhda tarbiyalash, xattotlik va kitobat sanʼatini xalqaro darajada keng targʻib etish hamda Oʻzbekistonning jahon madaniy markazlaridan biri sifatida nufuzini mustahkamlashdir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring